XIX ASR – XX ASR BOShLARIDA TURKIYa
Fransuz qo‘shinlarining Misrga bostirib kirishi. Salim III ning taxtdan ag‘darilishi. Greklar qo‘zg‘oloni va uning oqibatlari. 1798 yil iyulda Usmoniylar imperiyasi uchun katta ahamiyat kasb etgan voqea sodir bo‘ldi: uning boy o‘lkalaridan biri – Misrga Napoleon Bonapart boshchiligidagi fransuzlar armiyasi bostirib kirdi. Dastlab fransuzlar mamluklar armiyasini yengib, mamlakatda o‘z hukmronligini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldilar. Ammo tez orada qo‘zg‘olonlar va partizanlar urushi boshlanib, amalda fransuz qo‘shinlari Misrda qamalib qolgan edilar.
Dastlab Salimning munosabati aniq bo‘lmadi, chunki Napoleon o‘zining maqsadi sultonga bo‘ysunmayotgan Misrdagi mamluk beylarini jazolash ekanligi to‘g‘risida safsatabozlik qilayotgan edi. 1798 yili fransuzlarga qarshi harakatning keng ko‘lami aniq bo‘lgandan so‘ng, sulton Fransiyaga urush e’lon qildi va Muhammad Ali ismli alban sarkardasi boshchiligidagi qo‘shinlarni mamluklar va misrliklarga yordamga yubordi. Napoleon turk qo‘shinlariga qarshi chiqdi, ammo Falastindagi Akka qal’asidan nariga o‘ta olmasdan ortga, Misrga chekinishga majbur bo‘ldi.
Fransuzlar juda katta qiyinchiliklar bilan mamluklar, turklar va ularning ingliz ittifoqchilari hujumiga dosh berayotgan edi. 1801 yili Misrni inglizlar egalladi, ammo ular bu yerda o‘rnashib ololmadilar, shuningdek, Salimning o‘z hokimiyatini tiklash uchun urinishi ham muvaffaqiyat qozonmadi. 1805 yili Misrda navbatdagi qo‘zg‘olon ko‘tarildi va Muhammad Ali mamlakatning hukmdori deb e’lon qilindi. Sulton o‘z obro‘sini saqlab, Muhammad Aliga posho unvonini in’om qilgan bo‘lsada, amalda Turkiya Misr ustidan o‘z hukmronligini yo‘qotdi.
Turkiyaning qoloqligi va kuchsizligi G‘arb mamlakatlarining undan o‘z maqsadlarida foydalanishini osonlashtirdi. 1806 yili Napoleonning elchisi Sebastiani turli va’dalar va do‘q-po‘pisalar bilan Portani235 Rossiya bilan mojaroga boshladi va rus-turk urushini keltirib chiqardi.
1806-1807 yil qishida rus armiyasi Moldaviya va Valaxiyaga
kirdi, 1807 yil bahorda turklar armiyasi unga qarshi jang boshlaganda, Istambulda davlat to‘ntarishi yuz berdi. An’anaga ko‘ra armiyaga buyuk vazir boshchilik qildi va ko‘pgina vazirlar ham u bilan birga jo‘nab ketdilar. Salim III ga va islohotlarga qarshi kuchlar bundan foydalanib qoldilar. Buyuk vazirning muovini va shayx ul-islom boshchiligida fitna tayyorlandi. Bosfor portlari garnizoni qo‘zg‘olon ko‘tardi. Ularga Istambulda qolgan yanicharlar ham qo‘shildilar va Salim III taxtdan ag‘darildi. Yangi sulton Mustafo IV yanicharlar va ulamolar qo‘lida qo‘g‘irchoq edi. Oqibatda, 1808 yil 8 iyulda islohotlar tarafdorlari yangi to‘ntarish uyushtirib, taxtga sulton Mahmud II ni o‘tqazishdi. Biroq 1808 yil oktyabrda yanicharlarning isyoni natijasida islohotlar tarafdorlari o‘ldirildi. Mahmud II Usmoniylarning oxirgi avlodi bo‘lganligi uchungina tirik qoldi, ammo 20 yilga islohotchilik faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Bunday beqaror holatdan Angliya foydalanib qolishga harakat qildi. 1807 yil martda Aleksandriyaga yetti ming kishilik ingliz qo‘shinlari tushirildi ammo Muhammad Ali ularni tor-mor qilib, Misrdan quvib chiqdi. Shunga qaramasdan, 1809 yili Angliya sultonni shartnoma tuzishga majbur qildi, Unga ko‘ra sulton oldingi kapitulyatsiyalarni (tengsiz shartnomalar) tasdiqladi hamda Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlarini barcha chet el harbiy kemalari uchun yopish majburiyatini oldi.
Rus hukumatining Usmoniylar imperiyasiga munosabati ikkiyuzlama, munofiqona xarakterda edi. Bir tomondan, Muqaddas ittifoqning monarxlar legitim (qonuniy) huquqlarini inqilobiy tahdidlardan (bu yerda greklar va slavyanlarning milliy-ozodlik harakatidan) himoya qilish to‘g‘risidagi doktrinasi Metternix tashabbusi bilan Usmoniylar imperiyasiga ham joriy qilingan edi. Ezilgan slavyan xalqlari va pravoslav mazhabidagi Gresiyaga nisbatan Rossiyada hamdardlik kayfiyati mavjudligiga qaramasdan, Aleksandr I va Nikolay I bu xalqlarni bir necha marta isyonchilikda ayblab keldilar. Boshqa tomondan esa, Rossiyaning real manfaatlari Bolqonda kuchayib borayotgan G‘arb davlatlari ta’siriga qarshi ruslar pozisiyasini mustahkamlash maqsadida turklarga qarshi milliy-ozodlik harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni talab etardi.
1821 yili greklar qo‘zg‘oloni boshlandi. Moreya va Egey dengizidagi orollarni qamrab olgan qo‘zg‘olon mustaqillik uchun umumxalq kurashiga aylanib ketdi. Bu kurashning harakatlantiruvchi kuchlari grek dehqonlari va taraqqiyotning nisbatan yuqori darajasiga erishgan shahar savdo burjuaziyasi bo‘ldi. 1822 yili greklarning milliy hukumati tuzildi.
Sulton Mahmud II o‘z kuchlari bilan qo‘zg‘olonni bostira olmadi, Kichik Osiyo va Rum feodallari esa bo‘ysunish va qo‘shin berishdan bosh tortdilar, sulton yordam so‘rab Misr poshosi Muhammad Aliga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Hokimiyatni egallagandan so‘ng Muhammad Ali Misrda bir qator islohotlarni amalga oshirgan edi: 1811 yili mamluklarni yo‘q qilib, ular o‘rniga Yevropa tipidagi muntazam armiyani tuzdi, chet el savdosini monopollashtirdi, o‘ziga qarashli yerlarda barcha kapitulyatsiyalarni bekor qildi, moliyani tartibga keltirdi va boshqa shu kabi ishlarni amalga oshirdi.
1811 yili Muhammad Ali sultonning iltimosiga ko‘ra qo‘shinlarini Arabistonga jo‘natdi va 1818 yilga kelib, shiddatli janglar natijasida vahhobiylar davlatini tor-mor qildi. Bunda u o‘z maqsadlarini – Arabiston va uning muqaddas shaharlari ustidan o‘z hokimiyatini o‘rnatishni hamda Qizil dengiz qirg‘oqlaridagi strategik va savdo yo‘llarini egallab olishni ham ko‘zlagan edi.
Bundan tashqari Muhammad Ali Yuqori Misr va Sharqiy Sudanni ham bosib oldi. 1820-yillarning boshiga kelib u sulton armiyasidan ancha ustun bo‘lgan muntazam armiyaga ega bo‘lib, endi o‘zining mustaqil arab imperiyasini tuzish haqida o‘ylayotgan edi. Shu sababli u sultonning greklar qo‘zg‘olonini bostirishda qatnashish haqidagi taklifiga Suriya va Krit oroli ustidan boshqaruvning unga berilishi evaziga rozi bo‘ldi.
1824 yili Muhammad Ali o‘z o‘g‘li Ibrohim posho qo‘mondonligida ancha katta qo‘shin va flotni greklar qo‘zg‘olonini bostirish uchun jo‘natdi. Qo‘shinlar Krit va Moreyaga tushirilib, greklarni dahshatli jazoladi. 1826 yil bahoriga kelib deyarli butun Moreya misrliklar va sulton qo‘shinlari tomonidan egallandi va sulton g‘alabani nishonlashi mumkin edi.
Ammo sultonning greklar qo‘zg‘olonini bostirishga va Gresiyani imperiya tarkibida ushlab turishga qilgan umidi amalga oshmadi. 1826 yili Peterburgda Portadan greklarga qarshi qurolli harakatlarni to‘xtatish talab qilingan ingliz-rus protokoli, 1827 yil 6 iyulda esa Londonda Gresiyaga avtonomiya berilishi ko‘zda tutilgan ingliz-fransuz-rus kelishuvi imzolandi. Kelishuvni imzolagan davlatlar greklarga yordam berish bahonasida turklardan ozod qilinayotgan hududlarda o‘z siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zlayotgan edilar.
Ibrohim posho boshchiligidagi misrlik qo‘shinlar greklar qo‘zg‘olonini bostirib, 1827 yili iyunda qo‘zg‘olonchilarning oxirgi tayanchi – Afinani egallagan bir paytda, kelishuvni imzolagan uchta davlat qo‘shinlari 1827 yil oktyabrda Navarin ko‘rfazida misrliklar flotini yo‘q qilib tashladi. Vujudga kelgan vaziyatdan unumli foydalanish maqsadida 1828 yil bahorda Rossiya Turkiyaga urush e’lon qildi, Fransiya esa Moreyaga qo‘shin kiritdi.
1828–1829 yillardagi Rossiya-Turkiya urushi turk qo‘shinlarining to‘liq mag‘lubiyati bilan yakunlandi. Osiyoda general Paskevich Erzurum qal’asini egallab, Turkiyaning hududiga ancha kirib bordi. Yevropada esa general Dibich 20 minglik armiyasi bilan Bolqonga keldi va Adrianopolni egallab, Istambulga xavf solib turardi. Poytaxt aholisi sarosimaga tushib qoldi. Yevropa davlatlarining elchilari Istambulga rus qo‘shinlari kirishining oldini olish maqsadida Rossiya bilan sulh tuzilishi uchun faol harakat qildilar.
1829 yil 14 sentyabrda Adrianopol shahrida sulh imzolandi. Bu paytda chor hukumati Usmoniylar imperiyasini yo‘q qilishning vaqti emas deb hisoblab, Porta siyosatiga Rossiya ta’sirini kuchaytirish bilan kifoyalanishni ma’qul ko‘rdi. Shuning uchun Adrianopol sulhi urushgacha mavjud bo‘lgan Rossiya – Turkiya chegarasiga kam o‘zgartirish kiritdi. Gruziya va Armanistonning Turkiyadan olingan qismi, shuningdek, Qora dengiz qirg‘oqlarining shimoli-sharqiy Rossiyaga tegishliligi to‘liq e’tirof etildi. Ammo shartnomaning hududiy moddalari emas, siyosiy moddalari muhimroq edi. Porta Serbiya va Gresiyaga (Gresiya mustaqil qirollik deb tan olindi) avtonomiya berish majburiyatini oldi. Shuningdek, Moldaviya va Valaxiyaning alohida holati ta’kidlanib, bu knyazliklarning maqomini ishlab chiqish va ularning hukmdorlariga homiylik qilishda Rossiyaning ishtirok etish huquqi belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, Porta Qora dengiz va uning bo‘g‘ozlarida Rossiya va boshqa davlatlarning savdo kemalari qatnoviga qarshilik qilmaslik majburiyatini oldi. Turkiyaga kontributsiya yuklatilib, u to‘languncha Dunay qal’alarida Rossiyaning okkupatsiyachi qo‘shinlari saqlanib turadigan bo‘ldi.
Bu voqealarning eng muhim natijasi «usmoniylar merosi» uchun kurashning keskinlashuvi bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |