20-BOB. SABZAVOTCHILIKNING SAMARADORLIGINI OSHIRISH IMKONIYATLARI
Ishlaganing menga, o’rganganing o’zingga
O’zbek xalq maqoli
1.Sabzavotchilikning xalq xo’jaligidagi ahamiyati
Ko’pchilik ho’l sabzavotlar, biokimiyoviy jihatidan tarkibida suv ko’p bo’lgan mahsulotlar guruhiga kiradi. Masalan, sarimsoq tarkibida 64-65%, sabzida 85-86%, pomidorda 93-94%, bodringda 95-96% suv mavjud. Shuningdek bu sabzavotlar tarkibida oqsil kam bo’ladi. Mos ravishda, sarimsoq tarkibida 6-7%, sabzida 1,1-1,2%, pomidorda 1,0-1,1%, bodringda 1,0 % oqsil moddalari mavjud.
Bundan tashqari ularda yuqori darajada kaloriya ham hosil bo’lmaydi. Masalan, 1 kg sarimsoqdan 1325-1330 kaloriya, sabzidan - 502, pomidordan - 215, bodringdan - 14 kaloriya issiqlik ajraladi. Ko’pchilik ho’l sabzavotlarda kletchatka ham kam hosil bo’ladi.
Shunday bo’lishiga qaramasdan, ko’pchilik mahsulotlar inson organizmi uchun o’ta zarur bo’lgan biologik aktiv moddalar, vitaminlar fermentlar, mineral tuzlarlarga boydir.
Ba’zi sabzavotlar, ayniqsa piyoz, sarimsoq, shivit, petrushka va turp tarikibida fitosidlar tashkil topadi. Ularni iste’mol qilish odam organizmini turli xil infeksiyalardan tozalaydi, yuqumli kasalliklardan himoya qiladi.
Ko’pchilik sabzavotlar tarkibidagi har xil vitaminlar, kislotalar, efir moylar, xushbo’y moddalar ishtahani ochadi, yog’ va oqsilli mahsulotlarni inson organizmida to’laroq hazm bo’lishiga yordam beradi. Vitamin S ko’proq sabzavotlarni iste’mol qilish organizmni kam qonlilikdan muhofoza qiladi, aterosklerozni susaytiradi.
Sabzavot mahsulotlari quruq moddasining asosiy qismini uglevodlar - kraxmal, saxaroza, glyukoza, kletchatka hamda pektinli moddalar tashkil etadi.
Sabzavotlarning inson salomatligiga bevosita ta’sirini hisobga olib O’zbekistonda aholi jon boshiga yil mobaynida quyidagi hajmda sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etilgan: Jami – 110-115 kg, shu jumladan pomidor – 25, bosh piyoz – 18, sabzi – 18, karam – 20, lavlagi – 5, bodring – 5, sarimsoq – 5, boshqa sabzavotlar – 14, ko’kat sabzavotlar 5 kg.
Sabzavotlarni ho’l iste’mol etish uning samaradorligini keskin oshiradi. Biroq, sabzavotlar tarkibida ko’p suv bo’lishi va eruvchan uglevodlarning borligi uchun ularni uzoq muddatlarga saqlansa, nobudgarchilik ko’payadi va sifat belgilari pastlashadi. Shuning uchun ularni uzoq joylarga tashishda qiyinchilik tug’iladi, konservalash zaruriyati tug’iladi.
O’zbekiston issiq iqlim sharoitida konservalashning eng oddiy va samarali usuli quritishdir. Quritilganda sabzavot tarkibidagi suvning ko’p qismi bug’lanadi, sabzavot vazni 7-10 baravar kamayadi, kam xarajat qilib uzoq saqlashga va tashishga sharoit yaratiladi.
Sabzavotlarni konservalashda yana bir keng amalga oshirilgan usul –achitish va tuzlashdir. Bu jarayonda sut kislotasi va etil spirti ham hosil bo’ladi, natijada achitilgan sabzavotlarning mazaliligi va xushbo’yligi ortadi.
Marinovka qilish (sirkalash)–0,6-1,8% li sirka kislotaning konservalovchi ta’siriga asoslangan usuldir. Bodring, pomidor, lavlagi, piyoz, sarimsoq, karam kabi sabzavot turlarini marinovka qilish, ularni yil davomida iste’mol qilish imkoniyatini tug’diradi.
Sabzavotlarni konserva zavodlarida turli xillarda qayta ishlash, ularni qopqog’i germetik yopiladigan idishlarga joylash, 100-120 gradus haroratda sterillab konservalash ham mahsulotlarni yil davomida iste’mol qilish, uzoq joylarga tashishga, binobarin, samarali foydalanishga qulay sharoit yaratadi.
Sabzavotlarning poyalari hamda ularni qayta ishlashda tashkil topgan qo’shimcha mahsulotlari chorvachilikda ozuqa sifatida foydalaniladi.
Ko’pchilik sabzavotlar nisbatan sermehnat resurslar potensialiga, ayniqsa quyosh nuriga va suvga talabchan ekinlar tarkibiga kiradi. Bu tarmoqni intensiv rivojlantirish mavjud mehnat, sug’oriladigan yer va boshqa resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi. Ko’pchilik ekinlardan 2 marta hosil olish imkoniyati tarmoqning samaradorligini keskin oshiradi.
Sabzavotlarni ho’l hamda qayta ishlangan shaklda jahon bozorlarida sotish respublikaning valyuta fondini ko’payishiga va uning xalqaro aloqalarini yanada kengaytirishga sharoit yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |