3.Kartoshkachilikning iqtisodiy samaradorligini oshirish imkoniyatlari
Oxirgi yillarda kartoshka ishlab chiqarish va sotishni erkin amalga oshirish, xosildorlikni oshirish imkoniyatlaridan foydalanish natijasida tarmoqning rentabellik darajasi ko’pchilik, ayniqsa shaharlar atrofida joylashgan korxonalarda, bozor iqtisodiyoti qonunlari talablariga mos ravishda oshib bormoqda. Bu yutuqqa odatda erkin va shartnoma baholarining ko’tarilishi hisobiga erishilmoqda. Ammo ko’pchilik fermer xo’jaliklarida 1s kartoshka o’rtacha to’liq tannarxining ko’tarilishi kuzatilmoqda. Bunday hol asosan jahon bozoridan sotib olinadigan urug’lar baholarining keskin oshishi hisobiga sodir bo’lmoqda. Bundan tashqari kartoshkani ekish, qator orasini yumshatish, hosilni yig’ib olish va boshqa jarayonlar qo’l bilan ishlatiladigan vositalar bilan bajarilmoqda. Natijada tarmoqda mehnat unumdorligi past darajada qolmoqda. Kartoshkaning tannarxi kasalliklar va zararkunandalarga qarshi kurashga sarflanadigan xarajatlar hisobiga ham oshmoqda .
Oxirgi yillarda Kolorodo qo’ng’izining kartoshka paykallarida keng tarqalishi natijasida hosildorlik pasaymoqda va uning sifati yomonlashmoqda. Zararkunandaga qarshi qimmat baholi ximikatlardan foydalanish kutilgan natijalarni bermayotir.
Yuqori va sifatli hosil olish hamda arzon kartoshka ishlab chiqarish uchun quyidagi imkoniyatlardan foydalanishga alohida etibor berish lozim:
-Yengil qumoqli mexanik tarkibiga ega o’tloq, o’tloq–bo’z tuproqlarda, daryo yonbag’ri uchastkalarida, tog’li va tog’oldi zonalarda yaxshi o’sib, yuqori hosil beradigan navlarni ekish;
-Suvga talabchanligini hisobga olib 400-500 m.kub hajmida 7-8 marta sug’orish, uni asosan kechasi amalga oshirishga erishish;
-Bunday yerlarga gektariga 30-40 tonna yarim chirigan go’ng, 250-300 kg ammofos va 160-200 kg kaliy sulfat yoki kaliy tuzi solinib, 30sm chuqurlikda haydalishini ta’minlash;
-O’suv davri 69-70 kunda tezpishar va o’rtapishar navlar (Zarafshon, SANTE, Romona, Marfona va boshqalar)ni ekish; Mustaqillik yillarida (2010-2014 yillarda) kartoshkaning O’zbekistonda yaratilgan quyidagi navlari rayonlashtirilgan: ko’k saroy -14, UZ.2011 y., pskom-14, UZ.2012 y., sarnav-14, UZ.2012 y., serhosil -14, UZ.2011 y., umid 2-14, UZ.2013 y. va yaroqli 2010-12, UZ.2011 y.
-Bahorda hamda kuzda ekiladigan urug’larni ekish oldidan 100 l suvda 5-6 kg TMTD bilan birga 2 gramm kahrabo kislotasi hamda 4 kg ammofos qo’shib ivitib ekish hisobiga hosildorlikni 11-16 foizgacha oshirish;
-Har gektarga 3-3,5 tonna urug’lik tuganaklar ekilishiga, ekiladigan tuganaklarning vazni esa 30-80 gramm bo’lishiga, ularni tuproqning 6-7 sm chuqurligiga ekish, qotqoloqni tez yorib qisqa muddatda to’la ko’chat olish imkoniyatiga ega bo’lish.
-Eng progressiv usul hisoblangan urug’ni pushta ustiga ekishni joriy qilish;
-Urug’likning asosiy qismini urug’likka ixtisoslashgan xo’jaliklarda tayyorlash va uni zamonaviy omborlarda saqlash;
-Kartoshka ishlab chiqarishda oila pudrati asosida pul va natura shaklida garantiyalangan mehnat haqini joriy etish;
-Tovar mahsulotlarni erkin, va shartnoma, ya’ni bozor iqtisodiyotining qiymat, talab va taklif qonunlari talablari asosida tashkil topgan baholarda sotish va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |