XMTning bosh maqsadi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga, xodimlarning farovonligini oshirish va mehnat sharoitlarini yaxshilash, inson huquqlarini muhofaza qilishga yordam berishdan iborat.
Ko‘zlangan maqsaddan kelib chiqib, XMTning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
ijtimoiy-mehnat muammolarini hal etishga yo’naltirilgan siyosiy dasturlarni ishlab chiqish;
qabul qilingan siyosatni amalga oshirish va ularga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida konvensiya va tavsiyalar ko‘rinishidagi xalqaro mehnat me’yorlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish;
ishtirokchi mamlakatlarga bandlikni oshirish va ishsizlikni kamaytirish muammolarini hal qilishda yordam berish;
inson huquqlarini muhofaza qilish (mehnat qilish, birlashish huquqi, majburiy mehnatdan, kamsitishdan muhofaza qilish va shu kabilar);
kambag‘allikka qarshi, xodimlarning turmush darajasini yaxshilash, ijtimoiy ta’minotni rivojlantirish uchun kurash;
mehnat shart-sharoitlari va ishlab chiqarish muhitini yaxshilash, xavfsizlik texnikasi va mehnat gigiyenasi, atrof-muhitni muhofaza qilish va qayta tiklash sohasidagi dasturlarni ishlab chiqish;
xodimlar va tadbirkorlarga tashkilotlarda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini boshqarish bo‘yicha hukumat bilan hamkorlikda ish yuritishlarida yordam berish;
xodimlarning eng zaif guruhlarini (ayollar, yoshlar, nogironlar, keksalar, migrant-xodimlar) muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish.
Xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilishning milliy tizimi har bir mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlanishidagi o‘ziga xosligini hisobga olgan holda XMTning me’yorlovchi faoliyati ta’siri ostida shakllanadi. Xodimlarni ijtimoiy muhofaza qilish borasida xalqaro hamjamiyat tomonidan qabul qilingan muhim tamoyillarga quyidagilar kiradi:
ijtimoiy muhofazaning umumiy tavsifi, ijtimoiy kafolatlarni amalga oshirishdagi imtiyozlar. Turli xalqaro hujjatlarda, xususan, XMTning 67-, 118-,
157-konvensiyalarida kishining ijtimoiy himoyalanish huquqining ta’minlanishi qat’iy yozib qo‘yilgan;
aholining tegishli ijtimoiy guruhlarini qamrab oluvchi kishilar guruhi yoki mamlakat barcha aholisining ijtimoiy sug‘urta asosidagi u yoki bu ta’minot turidan manfaatdorligi;
ijtimoiy sug‘urtaning majburiy va ixtiyoriy shakllarining birligi, teng huquqliligi va shakllarining turli-tumanligi. Ijtimoiy himoyaning zarur darajasi ta’minlanadi va ishlovchining imkoniyati uning himoyalanish darajasiga ta’sir ko‘rsatadi;
kishilarning sog‘lig’i va ularning moddiy ahvoliga xavf soluvchi, barcha oldindan ko‘rilmagan holatlarda ishlovchi xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy sug‘urtalashning huquqiy va tashkiliy imkoniyatlarini yaratish;
ijtimoiy sug‘urtaning turli tizimi bir vaqtning o‘zida amal qilishidagi mustaqilligi va o‘z-o‘zini idora qilish sharoitida majburiy ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha to‘lovlar darajasi va tizim barqarorligining davlat tomonidan kafolatlanishi;
sug‘urtalangan shaxs va ish beruvchi moliyaviy ishtirokining majburiyligi, zarur holatlarda davlat subsidiyalarining jalb etilishi. Sug‘urtalangan shaxsga uning sug‘urta badallarini to‘lashdagi moliyaviy ishtiroki tufayli hosil bo‘lgan mablag‘dan unga turli shakldagi moddiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishi ta’minlanadi;
olingan mablag‘larni saqlashdagi alohida tartib, davlat budjetidan alohidalik, shuningdek, sug‘urtalovchi va sug‘urtalanuvchilar vakillari orqali mablag‘lardan foydalanish ustidan nazorat qilish.
1944 - yili Xalqaro mehnat konferensiyasining 26-sessiyasida qabul qilingan “XMT maqsad va vazifalari to‘g‘risida”gi deklaratsiyada tashkilot faoliyatiga asosiy yondashuvlar tasdiqlanib, unda quyidagi tamoyillar ajratib ko‘rsatilgan:
mehnat tovar hisoblanmaydi;
so‘z erkinligi va birlashish erkinligi doimiy taraqqiyotning zarur sharti hisoblanadi;
har qanday joydagi qashshoqlik umumiy farovonlik uchun xavf hisoblanadi;
muhtojlikka qarshi kurash har bir davlatda hamda hukumat vakillari bilan teng huquqlardan foydalanadigan xodimlar va tadbirkorlar vakillarining doimiy va kelishilgan harakatlari vositasida xalqaro ko‘lamda hech bir susaytirmay olib borilishi kerak, bunda yuqorida aytilganlar umumiy farovonlikka yordam berish maqsadida demokratik qarorlarni muhokama va qabul qilish uchun birlashadi.
Aholining ish bilan bandligi sohasida XMTning asosiy maqsadlari quyidagilar hisoblanadi:
muvozanatlangan va qo‘shimcha iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish yo‘li bilan ish bilan bandlikka yordam berish;
ish bilan samarali bandlik vositasida kambag‘allik darajasini pasaytirish;
mehnat bozorida faol siyosat o‘tkazish;
ish bilan bandlikning barqarorligi bilan ish haqi barqarorligining oqilona nisbatiga erishish;
xodimlarning eng zaif guruhlari: ayollar, yoshlar, migrantlarni muhofaza qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |