3. Xorazm maqomlarining tarkibi
Xorazm maqomlari - maqom turi. Xorazmda maqom yo‘llariga yaqin mumtoz musiqa namunalari qadimdan ma’lum bo‘lgan. Bizgacha yetib kelgan shakli — olti maqom (Rost, Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq) tizimi Shashmaqom asosida 19-a. boshlarida shakllangan. Har bir maqom belgilovchi omil - muayyan lad tizimi va uning asosida yuzaga kelgan kuy yo‘llaridan iborat.
Xorazm maqomlari Buxoro Shashmaqomi kabi mustaqil tuzilishga ega bo‘lgan chertim (cholg‘u) va aytim (ashula) bo‘limlarini o‘z ichiga oladi. Chertim yo‘li (bo‘limi) tani maqom, tarje, peshrav, muxammas, saqil, ufar kabi shaklan yakunlangan va nisbiy mustaqil qismlardan tashkil topgan. Boshlang‘ich tani makom va yakunlovchi ufar har bir maqomda bittadan bo‘lsa, o‘rtada keladigan peshrav, muxammas, sakillar 2—3 tagacha bo‘ladi.
Cholg‘u yo‘li yakkanavozlik va jo‘rnavozlik usulida chalinadi. Yakkanavozlikda tanbur asosiy soz hisoblanadi. Jo‘rnavozlik, odatda, tanbur, dutor, nay, bulamon, qo‘shnay, g‘ijjak, chang, doiradan iborat ansamblda amalga oshiriladi.
Shuningdek, Xorazm maqomlarining dutor, surnay yo‘llari ham mavjud. Mas, 19 - 20-a. boshlarida Xivada 11 ta Xorazm dutor maqomi mashhur bo‘lgan: Chapandoz, Navoiy, Sadri Iroq, Tashniz, Ag‘yor va b.
Tanbur yo‘llaridan farqli o‘laroq ular turkumli asarlar bo‘lib, har bittasi 2 - 7 qism (mas, «Iroq» dutor maqomi «O‘rta ufori», «Nigoron», «Oromijon», «Boymuxammad», «Saklansin») dan iborat bo‘lgan. Dutor maqomlarining «Oraz bam va uforisi», «Majnun dali», «Roviy», «Miskin va uforisi», «Mo‘g‘ulcha ufori»lari M. Yusupov tomonidan «O‘zbek xalq muzikasi»ning 6 jildiga kiritilgan.
Aytim yo‘li tani maqom, talqin, nasr kabi asosiy qismlar - sho‘balar va ular negizida tuzilgan tarona, suvora, naqsh, faryod va ufar deb nomlangan variant qismlardan tashkil topadi. Dastlab Xorazm maqomlari ijrosida fors - tojik (Hofiz, Jomiy kabi) va keyinchalik o‘zbek, ozar mumtoz shoirlari (Navoiy, Fuzuliy, Munis, Ogahiylar) ning g‘azallaridan foydalanilgan.
Xorazm maqomlari va Buxoro Shashmaqomining umumiy va farq qiluvchi tomonlari mavjud. Tashqi tomondan Xorazm maqomlari Rostdan, Shashmaqom Buzrukdan boshlanadi. Xorazm maqomlarida Iroqning ashula bo‘limi unutilgan, Rost maqomining chertim yo‘llari asosida 8 qismdan iborat Panjgoh turkumi yaratilgan; suvora, naqsh, faryod qismlari o‘ziga xos xususiyatlarga ega; savt va mo‘g‘ulcha kabi 2 - guruh sho‘balari uchramaydi. Ichki tuzilishi jihatidan ko‘pchilik doira usullari, kuy kiyofasi, ijrochilik uslubi mustakilligi bilan ajralib turadi.
Xorazm maqomlari Komil Xorazmiy ixtiro qilgan tanbur chizig‘ida uning o‘zi va o‘g‘li Muhammad Rasul Mirzaboshi tomonidan to‘la yozilgan (1886). Hozirgi nota yozuvida Ye. Romanovskaya chertim yo‘llarini («Xorazm klassik muzikasi», T., 1939) va M. Yusupov chertim va aytim yo‘llarini («O‘zbek xalq muzikasi», 6 j., T., 1958) yozib olgan. M. Yusupov tomonidan keyinchalik nashrga tayyorlangan «Xorazm maqomlari» to‘plamiga (T., 1980—1987) Xorazm mumtoz musiqasining boshqa janrlari (suvora, faryod kabi) namunalari ham kiritilgan. Ye. Romanovskaya, Il. Akbarov tomonidan Matyoqub Xarratov tanburda ijro etgan ayrim parchalar fonografga yozilgan (1934). San’atshunoslik institida K. Otaniyozov va K. Ismoilovlardan Rost, Navo, Dugoh, Segoh (1949), H. Boltaevdan Buzruk (1952) makomlarining ashula yo‘llari magnit lentasiga yozib olingan.
Xorazm maqomlari ijrochiligining yirik namoyandalari Niyozjonxo‘ja, Komil Xorazmiy, Feruz, Xudoybergan muhrkan, Matyoqub va Matyusuf Xarratovlar, M. Xudoyberganov, K. Otaniyozov, H. Boltaev, M. Raximov, N. Yusupova, M. Yusupov, R. Jumaniyozov va b. dir.
Xorazm maqomlaridan cizib chiqqan suvora yo‘llarida deyarli 6 maqomning har birining ladlari uchraydi.
“Xorazm maqomlari” turkumi Xorazm an’anaviy musiqasining eng yirik namunasidir, u XIX asrda shakllanib, keng rivojlangan. “Xorazm maqomlari” turkumi Rost, Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq va Panjgoh maqomlaridan iborat bo‘lib, har bir maqom o‘z navbatida “Shashmaqom” ga o‘xshash ikki bo‘limdan iborat:
•cholg‘u bo‘limi-Chertim yo‘li yoki Mansur;
•ashula bo‘limi –Aytim yo‘li yoki manzum deb ataladi.
Xorazm maqomlari “Shashmaqom” kabi ustoz-bastakorlar mahsulidir. Xorazmlik mashhur bastakorlar Niyozjon Xo‘ja, Feruz, Komil, Muhammadrasul Mirzo, Matyoqub Xarratov va boshqalar maqomlarga yangi cholg‘u qismlar bastalab, ularni shaklan va mazmunan boyitdilar. Kuy tuzulishi, lad asoslari saqlangan holda maqomlar Xorazmga xos musiqiy uslublarda Xorazm maqomlarida ba’zan ashula yo‘llarining doira usullari, kuy yo‘llari ixchamlashtirilib olingan va biroz usul sur’ati tezlashtirilgan yoki soddalashtirilgan. Xorazm maqomlaridagi kuy yoki ashula yo‘llarida namudlar eng katta o‘zgarishlarga uchragan, “ularning o‘rniga bastakorlar ijod etgan yangi avjlar ham kiritiladi”.
“Xorazm maqomlari” turkumi o‘ziga xos mahalliy maqom uslubi sifatida gavdalanadi. U ham Buxoro maqomlari singari mazmunan va usluban, shaklan va ijrochilik madaniyati jihatidan mustaqil ahamiyatga molikdir. Ushbu maqom turkumi voha ijrochilik an’analari bo‘yicha yakkanavozlik tarzida erkin va badihago‘ylik ravishda aytilib, xorazm hududida mashxur bo‘lgan mumtoz shoirlar – Ogahiy, Munis, Komil Xorazmiy, Avaz O‘tar, Atoiy va boshqalarning she’rlaridan keng foydalanib kelingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |