GAPNING IFODA MAQSADIGA KO`RA TURLARI
Har bir gap biror maqsadni, mazmunni ifodalaydi. Grammatik asosda gapning fikriy mundarijasi ifodalanadi. Fe’l kesimdagi mayl va zamon qo`shimchalari gapning ifoda maqsadlarini hosil qilishda faol vositalardan sanaladi.
Gapda so`zlovchi biror narsa, voqea-hodisa haqida xabar qiladi, yoki o`ziga noma’lum bo`lgan narsa va hodisalar to`g`risida ma’lumot olishni istaydi. Tinglovchiga biror ishni bajarish to`g`risida buyruq-xitob ifodalaydi. Gaplarning bunday xususiyati ifoda maqsadi deyiladi. Unga ko`ra gaplar 4ta turga: darak gap, so`roq gap, buyruq gap va istak gaplarga bo`linadi.
Darak gaplar – xabar, darak berish mazmunini ifodalaydi. Gap oxiri pasayuvchi ohang bilan aytiladi va nuqta qo`yiladi: Yomg`ir sharros quydi. Kun sovib ketmadi.
So`roq gaplar- so`roq mazmunini bildiradi. Quyidagicha hosil bo`ladi:
-so`roq olmoshlari bilan: Kim qachon keladi?, siz qayerda yashaysiz?
-so`roq yuklamalari yordamida: Bugun kelasan-a?
-so`roq ohangi yordamida, bunda ko`pincha kutilmagan xabar natijasida gapdagi biror bo`lak yoki o`sha gap takrorlanadi: Uyda o`tiribman. Uyda?
So`roq gaplar so`roq mazmunini ifodalashiga ko`ra sof so`roq gaplar va ritorik so`roq gaplarga bo`linadi. Sof so`roq gaplar asosan dialog shaklida bo`ladi va tinglovchidan javob talab qiladi
- Sen bugun kinoga borasanmi?
- Ha.
- Xonada kimlar bor?
- Bolalar.
Ritorik so`roq gaplar javob talab qilmaydi. Yashirin javobi tasdiq yoki inkor shaklida oldindan ma’lum bo`ladi: Onani kim sevmaydi?(hamma sevadi ma’nosida). Go`zal yurtimizda nimalar yo`q? suv hayot manvai ekanligini kim bilmaydi? Inkor shaklida: Yutuqlarimizni kim inkor eta oladi? (hech kim ma’nosida).
Buyruq gaplar – kesimi buyruq – istak maylidagi fe’llar bilan ifodalanadi. Quyidagi ma’nolarni ifodalaydi:
-sof buyruq: Xonada chekilmasin. Sof buyruq gaplarda kesimi majhul nisbatdagi fe’llar shakli ko`p uchraydi.
-maslahat ma’nosi: Yaxshisi uyga bor.
-iltimos ma’nosi: Kitobni o`qiy qoling.
-do`q ma’nosida: Yo`qol! Chiqib ket!
- so`roq – buyruq ma’nosi: bunda shaklan so`roq, mazmunan buyruq gap ifodalanadi. Masalan: Shuni olib ketmaysizmi? (Shuni olib keting ma’nosida).
Istak gaplar – mazmunan istak, tilak , niyat ma’nolarini ifodalaydi. Kesimi –sa shart maylidagi fe’l bilan ifodalanadi: Qani, hamma shunday o`ylasa. Bugun bir dam olsak.
Ba’zan 3shaxs buyruq-istak mayli shakli (-sin) orqali ham istak gap hosil bo`ladi: Niyatimiz amalga oshsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |