Jamg‘armalar-milliy ma'naviy qadriyatlarni tiklashning muhim omili
Milliy ma'naviyatimizning durdonalarida, hikmatlarida ma'no mazmun nihoyatda ko‘p bo‘lganligi, sharqda farzand tarbiyasiga alohida e'tibor bilan qarash, ularning o‘sib ulg‘ayishida savodxonlik darajasiga e'tibor va mas'uliyat bilan yondoshishni taqozo etgan. Shu bois masalalariga alohida mas'uliyat bilan yondashilgan. Obro‘-e'tiborli xonadonda tez-tez yig‘inlar o‘tkazilib kitobxonlik kechalari uyushtirilib turilgan. 5-6 yoshdan boshlab Mirzo Bedil, Hofiz Sheroziy, Devoni Mashrabdan g‘azallar yodlatib borilgan. Yoshlikdan she'riyat musiqa va adabiyotlarga mehr va havas uyg‘otilgan. G‘azallar ruboiylar va dostonlarni boshdan-oyoq yod bilish san'ati inson xotirasini kuchaytirgan omillardan biri bo‘lgan. Hozirgi kunda global axborot vositalarining keng miqyosida jamiyatimiz hayotiga kirib kelishi ayniqsa yoshlarimiz hayotida keng miqyosida tadbiq etilishi (internet kompyuterlardan foydalanish) ham bir tomondan qadriyat sifatida e'tirof etilmoqda. Bu jarayonlar yoshlarimiz ongida davr ruhini tarannum etishda ijobiy rol o‘ynamoqda. Ammo yoshlarimiz ongining bir tomonlama rivojlanish tendensiyasiga faqatgina amal qilmasdan, hozirgi davrda ham mustaqillik g‘oyalarini yanada qadrlashga undash jarayonida milliy qadriyatlarga bo‘lgan munosabatlarni uyg‘unlashtirib olib borilsa maqsadga muvofiqdir deb bilamiz. Shu bois ham yoshlarni milliy sharqona qadriyatlar ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga egadir. Kishilik jamiyati rivoji ana shu jarayon ishtirokchilari bo‘lgan shaxs ruxiy, ma'naviy va jismoniy taraqqiyoti bilan bog‘liq bo‘lib bu turli tarbiya sub'ektlari ta'sirida shakllanadi. Ana shu sub'ektlardan biri bu jamiyat hayotida mavjud jamg‘armalar va ularning turli sohadagi faoliyatidir. Jamg‘armalar faoliyati nafaqat bugun balki tarix sahifalarida ham jamiyat a'zolarining ong tafakkuri va ta'lim tarbiya jarayonlarini rag‘batlantirish, milliy an'ana qadriyatlarni takomillashi va bardavom ijtimoiy hayotdaishtirokini ta'minlashga xizmat qilgan. Jumladan, Saljuqiylar davrida Alp-Arslon Muhammad hokimiyatni boshqarganda uning vaziri Nizom ul-Mulk o‘z davrining mashhur siyosiy arbobi va eng ma'rifatparvar kishilaridan bo‘lgan. Saljuqiylar hokimiyati harbiylashgan bo‘lib, bu hokimyatning ichki va tashqi siyosatini Nizom ul-Mulk boshqarar edi. U g‘aznaviylar ish uslubiga bir oz o‘zgartirishlar kiritib, hokimiyatni boshqarish uslubini ishlab chiqadi va o‘zining “Siyosatnoma” asarini yaratadi (1091-1092 y.y.). Bu asarda davlatni boshqarish tamoyillari-prinsiplari bayon etiladi. Nizom ul-Mulk maorifni rivojlantirishda katta xizmat qiladi. 1067 yilda Bag‘dodda o‘zining shaxsiy jamg‘armasiga o‘sha davrning eng mashhur o‘quv yurti- “Nizomiya” madrasasini qurdiradi. U olimlar, din peshvolari, so‘fiylarga katta e'tibor berib, g‘amxo‘rlik qiladi. Istiqlol yillarida ma'naviy-ma'rifiy ishlarning yangi davr talabi va manfaatlariga mos takomillashgan tizimi shakllantirildi. Yuzlab muzeylar, madaniyat uylari va saroylari, axborot resurs markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari ommaviy muassasalar sifatida vatandoshlarimizga ma'naviy-ma'rifiy xizmat ko‘rsata boshladi. Respublika «Ma'naviyat va ma'rifat markazi» tashkil etildi (1994) va uning viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi bo‘limlari ishga tushirildi. Markazga Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashi rahbarlik qila boshladi. Respublikamizdagi mahalla oqsoqollari va fuqarolar yig‘inlari raislarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchilari tizimi shakllantirildi. Ular faoliyatini samarali va tasirchan vositalar tehnologiyalar bilan boyitishda “Mahalla” jamg‘armasi o‘zining metodik tavsiyalari va amaliy faoliyati, mahallalarda olib borilayotgan ma'naviy ma'rifiy ishlar moddiy ta'minoti va ularni bu yo‘nalishdagi faoliyatini rag‘batlantirishni amalga oshirmoqda. Ma'naviy-ma'rifiy ishlarni rivojlantirish va samaradorligini oshirish borasida (1996) yana qator ijobiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Respublikaning barcha viloyatlari, yirik shaharlari va tumanlarida faoliyat yuritayotgan ma'naviy-ma'rifiy muassasalar ishtirokida katta xalq sayillari, hosil bayramlari, «Mustaqillik», «Navro‘z», «Mehrjon» bayramlari, «Sharq taronalari» xalqaro festivali, xonandalar, raqqosalar, eng yaxshi kasb ustalarining ko‘rik tanlovlari, «O‘zbekiston Vatanim manim», «Eng ulug‘, eng aziz», «Kelajak ovozi» va boshqa ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda. 2000 yili poytaxtimizniig Yunusobod tumanida qatag‘on yillarida xalqimizning minglab asl farzandlari qatl etilib, nom-nishonsiz ko‘mib tashlangan, necha yillar davomida qarovsiz qolib kelgan Bo‘zsuv kanali sohilidagi Alvastiko‘prik deb nom olgan jarlik o‘rnida «Shahidlar xotirasi hiyoboni» va keyinchalik shu nomda muzey va jamg‘arma tashkil qilindi. 2001 yildan e'tiboran 31 avgust yurtimizda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Har yili 31 avgust tongida bu maskanda xalqimizning qadimiy urf-odatlariga ko‘ra osh tortilib, Qur'on tilovat qilish, davlat va hukumat rahbarlari, keng jamoatchilik vakillarining bu yerga kelib, marhumlarni yod etishi, ularning ruhiga hurmat bajo keltirishi ibratli an'anaga aylandi. Bu O‘zbekistonda inson eng oliy qadriyat ekanligining yorqin na namunasidir. Mustaqillikni qo‘lga kiritishimiz sharofati bilan mustabid tuzum davrida toptalib kelingan milliy urf-odat, an'ana, qadriyatlarimiz qayta tiklanib, bugungi milliy-ma'naviy taraqqiyotimizga xizmat qilmoqda. Yurtboshimiz «Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch» asarida ta'kidlanganidek: «Ayni paytda yurtimizda milliy tiklanish jarayoni qariyb bir yarim asr davom etgan ijtimoiy-siyosiy qaramliqdan keyin dastlabki paytlarda mutlaqo tabiiy ravishda o‘ziga xos «inkorni inkor» qonuniyati asosida kechganini aytish lozim. Lekin biz sobiq tuzumning mafkuraviy qarashlarini umuman inkor etishning o‘zi hech qanday bunyodkorlik dasturiga ega bo‘lmagan siyosiy va madaniy ekstremizm xavfini tug‘dirishi ehtimolini yaxshi anglar edik. Shu bilan birga, tarixiy qadriyatlar, urf-odat va an'analar, turmush tarziga orqa-oldini o‘ylamasdan yoppasiga betartib qaytish boshqa bir keskinlik, deylik bugungi davr hayotini qabul qilmaslik, jamiyatni yangilash zaruratini inkor etish kabi nomaqbul holatlarga olib kelishi mumkinligini ham unutmaslik zarur edi». Prezidentimiz ma'naviyatning milliy taraqqiyotdagi o‘rni va ahamiyati, uni o‘zlashtirish zarurligi haqida to‘xtalib, ta'kidlaganidek: «Ma'naviyat o‘z xalqining tarixini, uning madaniyati va vazifalarini chuqur bilish va tushunib yetishga suyangandagina qudratli kuchga aylanadi». Bu konseptual g‘oya bugungi kunda milliy ma'naviyatni rivojlantirishda davlat siyosatining ustuvor tamoyillaridan biri sifatida xizmat qilib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan “Mahalla” hayriya jamg‘armasi o‘zbek xalqining milliy madaniyatining ajralmas qismi bo‘lgan ommaviy hasharlarini amalga oshirish va mamlakat obodligi, yurtimiz mahallalarini yanada ko‘kalamzorlashtirish ishini tashkil etishda faol ishtirok etadi. Shuningdek, bu jarayonning moliyaviy ta'minotini amalga oshirish bilan bir qatorda “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” shiori bilan yolg‘iz qariyalar, nogironlar holidan habar olishni tashkil etadi. Bugungi kunda OAV, xususan televidenie madaniyatni ommalashtirishning asosiy vositasi va manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Ammo globallashuv jarayonlari va uning yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan ommaviy madaniyat ekspansiyasi ta'sirida qadriyatlar tizimida sodir bo‘ladigan tub o‘zgarishlar insonda muayyan o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi, inson va jamiyat o‘z ma'naviy-axloqiy tayanchlaridan mahrum etilishi mumkin. Shu ma'noda, Prezident Islom Karimov ta'kidlaganidek, «... kommunistik mafkura va axloq normalaridan voz kechilganidan so‘ng jamiyatda paydo bo‘lgan g‘oyaviy bo‘shliqdan foydalanib, chetdan biz uchun mutlaqo yot bo‘lgan, ma'naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o‘z ichiga olgan «Ommaviy madaniyat» yopirilib kirib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak...Ayniqsa, hozirgi vaqtda dunyoda kuchayib borayotgan turli ma'naviy tahdidlarning oldini olish, «ommaviy madaniyat»ning zararli ta'siridan farzandlarimizning ongu tafakkurini himoya qilishda ilmu fan va madaniyat jamoatchiligi, ijod ahlining o‘rni va roli tobora ortib bormoqda. Nega deganda, bizning milliy ruhimiz va tabiatimizga yot va begona bo‘lgan ana shunday «madaniyat» namunalarini faqat tanqid va inkor qilish yoki ularni taqiqlash bilan biron natijaga erishib bo‘lmaydi. Bunday xatarlardan hayotimizni asrash, ma'naviy bo‘shliqqa yo‘l qo‘ymaslik uchun, avvalambor, ezgu insoniy g‘oyalar va yuksak mahorat bilan yaratilgan asarlar orqali xalqimizning madaniy saviyasini yuksaltirish, boshqacha aytganda, bugun jahon maydonida yuz berayotgan keskin aql-zakovat va iste'dod musobaqasida bellashuvga qodir bo‘lishimiz shart». Davlatimiz rahbarining ushbu fikr-mulohazalarida ommaviy madaniyatning mazmun-mohiyati, oqibatlari hamda unga qarshi kurashishning izchil vosita va omillari aniq bayon etilgan. Istiqlol tufayli boy tariximiz va madaniy merosimiz, urf-odat va an'analarimiz, dinu diyonatimiz qayta tiklandi. Qon-qonimizga singib ketgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik, hamjihatlik kabi ezgu fazilatlar milliy qiyofamizning in'ikosi sifatida bizni dunyoga tanitdi. Bu bizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Mustaqillik yillarida sho‘rolar davrida unutilayozgan milliy merosimiz va an'analarimiz tiklana boshladi. Ma'lumki, yurtimizning har bir viloyati va mintaqasida aynan shu o‘lkaga xos bo‘lgan urf-odat, an'ana, marosimlar mavjud. O‘tgan 20 yil davomida mamlakatimizdagi har bir shahar va qishloqlarimizda ana shu an'ana va qadriyatlarni tiklash borasida ulkan ishlar amalga oshirila boshlandi. Bunday amaliy ishlar sifatida Jizzaxdagi an'anaviy “Xalq o‘yinlari” festivali, Boysunda o‘tkaziladigan “Xalq folklor ansambllari” festivali kabi milliy an'ana va qadriyatlarni tiklashga xizmat qiladigan ko‘plab tadbirlarni sanab o‘tishimiz mumkin. To‘y va bayramlarimizda qariyb zo‘rlik bilan tiqishtirilgan g‘arbona an'ana va marosimlar, janoza marosimlaridagi qabr tepasidagi mitinglar o‘rnini milliy va diniy qadriyatlarimiz, udumlarimiz qayta egallay boshlagani ayni haqiqat.
Dunyoda o‘zining o‘xshashiga ega bo‘lmagan uch bosqichli sport musobaqalari tizimi yaratildi. Respublikamizda an'anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan “Barkamol avlod”, “Umid nihollari” hamda “Universiada” sport musobaqalari yosh avlodni o‘z iste'dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun imkon bermoqda. Bu jarayonda esa o‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan “Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining munosib hissasi bor.
Respublika madaniyat va sport ishlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ma'naviyat va ma'rifat” jamoatchilik markazi xuzurida “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorini bajarish yuzasidan tadbirlar belgilandi. Jumladan, bu tadbirlar tizimida buyuk ajdodlarimiz yaratgan bebexo madaniy merosni jaxon jamoatchiligiga tinitish maqsadida respublika teatrlarida buyuk tarixiy shaxslarga bag‘ishlab spektakllar saxnalashtirish, buyuk allomalar, shoirlar va olimlar xayoti va ijodiga bag‘ishlab teatrlashtirilgan kechalar o‘tkazish, “Oltin Meros” jamg‘armasi birgalikda, “Xalq merosi durdonalari” mavzuida ilmiy anjuman o‘tkazish, mazkur jamg‘arma orqali xoirjda izlab topilgan qo‘lyozmalar, tarixiy xujjatlar, xalq xunarmandchiligi, amaliy san'at namunalarini va tarixiy madaniy qimmatga ega bo‘lgan boshqa yodgorliklarni taxlil qilish, “Oltin Meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi bilan birgalikda barcha kutubxonalarda “Qadriyatlarni asraylik” mavzuida kitobxonlar konferensiyalarini o‘tkazish katta o‘rin oldi. Qashqadaryo viloyat xokimligi , Yakkabog‘ va Muborak tumanlarida madaniyat ishlari boshqarmasi , “Ma'naviyat va ma'rifat” jamoatchilik markazi, “Oltin Meros” jamg‘armasi o‘zaro xamkorlikda Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab xalq qo‘shiqlari, udum va marosimlar to‘g‘risida fol'klor etnografik jamoalarning “Navro‘z-97” ko‘rik tanlovini o‘tkazdilar. Tanlov o‘z oldiga xalq og‘zaki ijodini jonlantirish, milliy an'analarimizni asrab-avaylash, xalq qo‘shiqlarini qayta tiklash va boyitish vazifasini qo‘ygan edi. Mazkur tadbirda viloyatdagi barcha fol'klor jamoalar ishtirok etdilar. Ular o‘z xududlariga xos udumlar, qadimiy urf-odatlar, to‘y marosimlari qo‘shiqlaridan iborat dasturlarni tomoshabbinlar xukmiga xavola etdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |