(qahqaha solib kuladi)
Mayli, bizlar hurriyatning fidoyilari,
Hurriyat deb bandilikka ko'ngan erkinlar.
Ammo, Mirzo, men zindonning hatto qa'rida
Sizning baland fahmingizdan bo'ldim xabardor.
Istasangiz tiz cho'kayin oyog'ingizga,
Sizga, buyuk qalbli inson, ulug' munajjim!
Ammo, sulton Ulug'bekka, sohibi tojga
Bosh egmayman, egolmayman, yo'q, egolmayman.
Samarqand. Go'ri Amir. Temuming maqbarasi. Ulug’bek kirib keladi, orqasida mash'al ko'targan ikki mahram.
U l u g' b e k
Shu - qirq yillik andishaga alamli yakun,
Ketib qoldi zamonadan diyonat, rostlik.
Mudhish bir jar yoqasida turmish mamlakat,
Zulmatli tun qo'nayotir yurtning ufqiga.
Bobo Temur, omonating saqlayolmadik,
Avlodlaring chiqib qoldi g'oyat noqobil.
Bobo Temur, tirigingda o'zing va so'zing
Ulkanlikda sig'mas edi shu yer yuziga.
Endi nega maydalandi Temur urug'i,
Endi nega razillashdi hokimlar ruhi.
Endi nega mirzolarning ko'zlari ojiz,
Qulog'i kar, idroki bo'sh, iroda kuchsiz...
Ulug'bek qabrga engashib chuqur xayolga botadi. Birdan Temur tobuti qarsillab ochilgani eshitiladi.
Sag'anani tutun bosib, mash'al o'chadi. Shu paytda sahnaning orqa pardasida soyalar qo'ynida bir balandlikda Amir Temurning mujassam qomati paydo bo'ladi. Uning qiyofasi haybatli. Qo'lidagi uzun qilichini havoda o'ynatib, qahqaha urib yuboradi.
Temur arvohi
Yer yuzida buzilganga o'xshar intizom.
Avlodimdan sohibqiron chiqolgan kim bor?
Men to'ldirgan ummonlarning savlati qani?
Qani o'shal quturuvchi yoldor dengizlar?
Ummonlarning o'rnida men ko'raman
Bir hovuzki, kaftimga ham qiladi kamlik.
Men oltmish yil ot belidan tushmadim, toki,
Ilalabad avlodlarim bo'lsin jahongir.
Har kun besh bor aytar edim: butun yer yuzi
Torlik qilar: sig'dirolmas ikki podshohni,
Ammo, bugun ko'ramanki, ellik shohga ham
Kenglik qilar, ortib qolar shu latta dunyo...
O'g'lim, sening irodangni yeb qo'ydi kitob.
Sipohiylik rasmlarin qilmayin pisand,
Yulduzlarning qo'shiniga bo'lding farmondor.
Osmoniy o'lkalarni olmoqchi bo'lib,
Yerdagi naqd diyoringni boy berding qo'ldan...
Shu asnoda birdan sahna orqasi yorishib ketishi bilan Temur yer tagiga cho'kib ketadi.
Ulug’bek
(Temur qabrini va yonidagi go'rlarni diqqat hilan ko’zdan kechirib)
Uxlang, uxlang, shum dunyoning betinch shohlari.
Siz pashshadan ham beozor yotibsiz bunda.
Faqat goho kirasizlar tushlarga tunda.
Yotasizlar yangi-yangi qo'shnilar kutib,
Shahringizga ular kelar vaqtida yetib...
Shohlar umrin puchligiga bu isbot tugal.
Tiriklarning ro'yxatidan, kim bilar, bu gal -
Qay birini o'chirarkan kotibi azal.
Kim biladi, balki navbat menga yetgandir,
Chunki umrim ozi qolib, ko'pi ketgandir.
Yo'q, yo'q, sulton o'lsa hamki, donishmand yashar,
Olimlarga mangu hayot tarixi - bashar...
Samarqand. Ko'ksaroy. Katta mehmonxona. Uning bir yonida qabulxona ham ko'rinadi. O'rtadagi eshik ustiga zarbof pardalar osilgan. Shayxulislom, Abdurazzoq, Sakkokiy, Bek Arslon, Devonbegi.
Devonbegi
Tuni bilan uxlamayin hazrat Shahriyor
Sohibqiron mozorini ziyorat qildi.
Abdurazzoq
Hozir shahar betinch mahal. Tun pallasida
Davlatpanoh qanday qilib bir o'zi bordi?
Xo'ja Abror kelishini kutib quturgan
Yovvoyi it qalandarlar daydib yurmoqda.
Har baloda Ulug'bekni ayblashadi.
Bek Arslon
Men, sultonga bildirmasdan hamma joy-joyda,
Ko'ksaroydan Go'ri Amir qopqasig'acha
Pistirmada sipohlarni poyloqda qo'ydim.
Ulug’bek kirib keladi.
Ulug’bek
Birodarlar, g'oyat og'ir o'ylashlardan so'ng,
Qat'iy qaror chiqarmoqqa majbur bo'ldim men.
Bilamanki, ko'p-ko'p do'stlar ranjiydi shundan.
Bilamanki, toleini menga ulagan
Arboblarda bezovtalik boshlanur al'on.
Amir Temur himmatidin Ulug'bek so'zim:
Birodarlar, eski do'stlar, og'ir bo'lingiz!
Balki, bunga kengash bergan janoblarga ham
Bu qarorim tuyulgusi nogoh balodek.
Men - taxtimdan voz kechmoqqa jazm etdim bugun.
Sokit bo'ling, og'ir bo'ling, izzatli do'stlar!
Hech bir kimsa tug'ilmabdi boshda toj bilan.
Temurbekdan og'ir meros bu qalpoq, xolos.
Bil amanki shu kungacha temuriylardan
O'zi xohlab hech kim tojni tashlagan emas.
Podshohlik hashamidan kim ham ajralgay?
Ammo, men-chi; ko'p yovvoyi dashtlar ortida
Nur qo'shig'in havosida bog'lar ko'raman,
Ilmu urfon zamonasida bog'lar ko'raman.
Insoniyat saroyining dabdabasini,
Ufqlarning tumanida gulgun yo'llarda,
Firuzarang baxt shahriga uchib boruvchi
Ilm ahlining sim qanotli aravasini
Tirik qolib ko'rmasam-da, hozir ko'raman
Olislardan sanabgina sayr etish emas,
Yulduzlarga oyoq bosib, qo'l bilan ushlab,
Qaytib kelgan sayyohlarni ravshan ko'raman
O'tib ketar bu dahshatlar, bu ma'rakalar,
Urush, vabo va jaholat o'tib ketadi.
Oh, naqadar saodatli bo'lur dunyomiz,
Va naqadar aziz bo'lur erkin odamzod.
Bu jahonda birodarlar qolur-ku, oxir
Bir so'zimiz yo izimiz. U oydin elda
Zora meni va bizlarni eslasalar bas!
Shunday, do'stlar!
Do'stlaringiz bilan baham: |