19.4. Chaqaloqlar sepsisida hamshiralik jarayoni
Sepsis –og’ir infeksion kasallik bo’lib, bakterial florani infeksiya o’chog’idan qonga, limfatik tugunlarga, barcha organ va to’qimalarga tarqalishi bilan xarakterlanadi. Chaqaloqlar sepsisi lokal infeksiyalarning asorati va aseptika qoidalarini buzilishi natijasida kelib chiqadi, yomon oqibat bilan tugaydi, ko’p xollarda bolalar o’limiga sabab bo’ladi. Chaqaloqlarda bu kasallikning kechishi tezkor xarakterga ega ekanligi bilan farqlanadi.
Uzluksiz profilaktik tadbirlardan biri - tibbiy xodimlarga gigiena talablari normativlarini o’rgatish, xodimlar kvalifikasiyasini oshirishdan iboratdir.
Neonatal sepsis - tizimli infeksion kasallik bo’lib, o’ziga xos klinik simptomlar bilan kechadi, qonni bakteriologik tahlilida musbat natijalar kuzatiladi.Kechki sepsis nozokomial (kasalxona ichi, gospital) kasallik bo’lib, ba'zi hollarda infeksiya ona organizmidan o’tishi mumkin.Chuqur chalalik bilan tug’ilgan bolalarda bu klinik simptom asosiy klinik muammolardan biri hisoblanadi.
Kechki sepsisda kasallik asoratlarining ko’p uchrashi, chaqaloqlarni uzoq vaqt shifoxonada yotishi, o’lim ko’rsatkichi yuqoriligi xarakterlidir.
Etiologiyasi. Yetuk tug’ilgan chaqaloqlarda sepsisning asosiy etiologik omili quyidagilar hisoblanadi: tilla rang stafilokokk (50-60%) va grammanfiy flora (36%). Chala tug’ilganlarda 60-70% holatlarda grammanfiy bakteriyalar sabab bo’ladi.
Rivojlangan mamlakatlarda erta sepsisning asosiy qo’zg’atuvchisi B guruhidagi streptokokklar, ichak tayoqchalari (E.coli), enterokokklar, listeriyalardir.Kechki sepsisning etiologiyasida asosan stafilokokk, zamburug’lar yotadi, B guruhidagi streptokoklar qo’zg’atuvchiligi past bo’ladi.
Sepsisning rivojlanish omillari:
- onadagi surunkali infeksiya o’chog’i;
- homilaning yetilmasligi, chalalik
- tug’ma gipotrofiya;
- tug’ruq jarohatlari, chaqaloqlar gemolitik kasalligi;
- uy sharoitida va tug’ruqxonada parvarishning buzilishi, sanitar- epidemiologik holatlarning buzilishi;
- teri va kindik kasalliklari.
Patogenezi. Infeksiya tushgan o’rnida yallig’lanishning birlamchi o’chog’i paydo bo’ladi (omfalit, vezikulopustulez va boshqalar), birlamchi o’choq sohasi atrofi to’qimalari va tomirlar zararlanadi.
Bola organizmining himoya fuknsiyasi pasayishi natijasida bakteriyalar tezda ko’payadi, o’zidan toksin ajratib chiqaradi, qonda massiv bakteriemiya, toksemiya rivojlanadi bu esa sensibilizasiyaga sabab bo’ladi. Qo’zg’atuvchining organlarga joylashib olishi natijasida metastatik o’choqlar paydo bo’ladi. Mikrob va toksinlarning ta'siri, asab nazoratining buzilishiga, organ va tizimlarning zararlanishiga, disfunksiyasiga olib keladi. Kelib chiqishiga ko’ra, homila ichi va postnatal (neonatal) sepsis ajratiladi. Infeksiyaning kirish darvozasiga bog’liq holda quyidagi turlarga bo’linadi, kindik, o’pka, teri, ichak, kateterizasion, kriptogen (kirish darvozasi aniqlanmagan).
Klinikasi. Chaqaloqlar sepsisi morfologik ko’rinishi va klinik kechishiga qarab, ikki turga ajratiladi:
- septisemiya
- septikopiemiya
Quyidagi simptomlar kasallikning darakchisi hisoblanadi: kindik qoldig’ining kech tushishi, ko’p qusish va chaqaloqlarda sariqlikning uzoq muddat saqlanishi. Kasallikning boshlanishida intoksikasiya belgilari xarakterli simptomlar hisoblanadi.
Septisemiya – sepsisning yiringli o’chog’i aniq bo’lmagan shakli, ko’pincha chala tug’ilganlarda kuzatiladi. Bolada harakat, so’rish, reflektor aktivlik pasayadi, subfebrilitet, gipotoniya, qayd qilish, meteorizm, dispeptik buzilishlar kuzatiladi. Bola tana vazni qo’shilmaydi, tana vazniga qo’shilish standart siljish dinamikasi doimo manfiy bo’ladi, intoksikasiya o’sib boradi. Teri qoplamlari oq-kul rang, marmar tusga kiradi, akrosianoz, qon aylanish etishmovchiligi va mikrosirkulyasiyaning buzilishi natijasida kelib chiqadi. Yurak tonlari bo’g’iq, aritmik, yurak chegaralari kengaygan. Jigar va taloq kattalashadi. Teri osti yog’ qavati kerikkan, shishgan bo’ladi, qorinda venoz qon tomirlar kengayadi. Og’ir hollarda gemorragik sindrom rivojlanadi.
Buyrak tomondan - oliguriya, proteinuriya, siydik tahlilida eritrositlar, leykositlar aniqlanadi.
Ovqat hazm qilish tizimida - qayd qilish, meteorizm, dispepsiya kuzatiladi.
Kasallik kechishi uzoq, to’lqinsimon. Sariqlik, anemiya, distrofiya kuzatiladi. Og’ir hollarda - gemorragik sindrom. Petexiya, melena, qon bilan qusish, shilliq qavatlardan, kindik yarasidan, in'eksiya o’rnidan qon ketish kuzatiladi va DVS-sindrom rivojlanadi.
Septikopiemiyada zararlangan organ simptomlari (yiringli metastatik o’choqlar) qo’shiladi. Ko’pincha yiringli meningit, osteomielit, pnevmoniya, enterokolit, paraproktit va boshqalar kuzatiladi. Septikopiemiya o’tkir, yuqori harorat bilan kechadi, toksikoz rivojlanadi, keyinchalik yaqqol gipotrofiya aniqlanadi. Ba'zida sepsisning ikkala varianti ham bir-biri bilan birga kelishi mumkin. Chala tug’ilgan bolalar uchun aniq klinik manzaraning bo’lmaslig ixarakterlidir. Bolada holsizlik, tan avaznining orqada qolishi kuzatiladi. Bolaning umumiy ahvoli og’ir bo’ladi.
Kasallikning quyidagi kechish variantlari farqlanadi:
-o’ta o’tkir (molnienos) (1-7 kun)
-o’tkir (4-8 hafta)
-cho’ziluvchan (8 haftadan yuqori).
O’ta o’tkir kechishi uchun septik shok xarakterlidir.
Asorati. Eng ko’p uchraydigan asoratlaridan biri DVS-sindrom, disbioz, yarali-nekrotik enterokolit hisoblanadi.
Tashhislash. Tashhis qo’yish uchun anamnez e'tiborga olinadi (homiladorlikning kechishi, onadagi surunkali infeksiya o’choqlari, chaqaloqlik davri kasalliklari), sepsisning klinik kechishi xususiyatlaridan biri - umumiy qon taqlilidagi o’zgarishlar (leykositoz, neytrofilez, EChT oshishi, eritrositlar va gemoglobin sonining kamayishi), qonni sterillikga tekshirish (2-3 marta), bakteriologik tekshiruv natijalari - birlamchi o’choqdan aniqlangan florani antibiotiklarga sezuvchanligini aniqlash.
Yiringli o’choqdan ajralgan ajralmada va qonni ekkanda floraning aniqlanishi muhim ahamiyatga ega. Agar sepsisning klinik manzarasi yaqqol bo’lsa, lekin qon sterillikga tekshirilganda natija manfiy bo’lsa ham, sepsis tashhisi qo’yiladi.
Sepsisning davosi qo’zg’atuvchini yo’qotishga, surunkali infeksiya o’choqlarini sanasiyasiga qaratilgandir. Antibakterial terapiya qo’zg’atuvchining antibiotiklarga sezuvchanligini aniqlab, 2-3 antibiotiklar bilan 10-15 kun davomida maksimal yoshiga mos dozalarda keyinchalik dori vositalarini almashtirish bilan olib boriladi. Polusintetik penisillinlar, sefalosporinlar, aminoglikozidlar tavsiya etiladi.
Dezintoksikasion terapiya, kuchaytirilgan diurez, ko’proq suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Organizm qarshilik kuchini ko’tarish uchun maxsus davo antistafilokokkli plazma, antistafilokokkli gamma-globulin, stafilokokkli bakteriofag buyuriladi.
Moddalar almashinuvini yaxshilash maqsadida vitaminoterapiya (C, B, A, Ye vitaminlar guruhi) buyuriladi. Antibiotiklar buyurilganda disbakterioz profilaktikasi uchun biopreparatlar: laktobakterin, bifidumbakterin, bifikol tavsiya etiladi. Simptomatik va sindromga qarab davo kursi olib boriladi. Infeksiya o’chog’iga mahalliy davo qilinadi.
DVS-sindromda - geparin, plazma, reopoliglyukin, trental, kontrikal buyuriladi. Bolalarga tabiiy ovqatlantirish tavsiya etiladi. Og’ir hollarda sog’ilgan ko’krak suti so’rg’ich yoki oshqozon zondi orqali yuboriladi. Rekonvalessensiya davrida massaj, davo gimnastikasi, toza havoda sayr qilish, gigienik muolajalar, ultrabinafsha nurlari tavsiya etiladi.
Oqibati.Qo’zg’atuvchining virulentligiga, immunitet holatiga, bolani yoshiga, o’z vaqtida va adekvat buyurilgan davoga bog’liq.
Profilaktikasi.
Kasallik profilaktikasi bola tug’ilgungacha olib boriladi. Profilaktika quyidagilarni o’zichiga oladi:
- homiladorlikning erta muddatlaridan boshlab, homilador ayolni kuzatuvi (birinchi 1,5-2 oylarida);
- onadagi o’tkir va surunkali kasalliklarni davolash;
- homilador ayolning kun tartibi va ovqatlanishini to’g’ri tashkil qilish, ochiq havoda ko’proq sayr qilish;
- homiladorlik asoratlarini oldini olish va o’z vaqtida davolash;
- chaqaloqlarda sepsisning oldini olishda onasining shaxsiy va umumiy gigienaga rioya qilishi muxim ahamiyatga ega.
- tug’ruq vaqtida va chaqaloqni parvarishlashda aseptika qoidalariga rioya qilish;
- chaqaloqni erta ko’krakga qo’yish;
Sepsisda bemor muammosi.
Hozirgi: yiringli o’choqlar mavjudligi, tana vaznini yo’qotish, tana haroratining 39°Cgacha ko’tarilishi, qayd qilish;
Potensial: gipertermiya, teri qoplamlari butunligining buzilishi, ishtaqasizlik, jarayonning generalizasiyasi, ozish, holsizlik va lanjlik, harakat aktivligi pasayishi,
qo’zqaluvchanlik, bezovtalik yoki apatiya, teri va shilliq qavatlari quruqligi, qayd qilish, ich ketishi. Ustivor: yiringli o’choq mavjudligi (omfalit)
Do'stlaringiz bilan baham: |