Sudning xulosasi. Xalqaro Sud o‘z xulosasida, Chad va Liviya o‘rtasidagi chegaralar 1955-yilgi shartnoma bo‘yicha allaqachon belgilanganligi to‘g‘risidagi Chadning da’volarini qo‘llab-quvvatladi. Auzo hududi Chad tarkibiga kirishini belgiladi.
Sud qaroridan qisqartma Shartnomani talqin qilish. Nizolashuvchi ikki davlat Xalqaro Sud hal etishi lozim bo‘lgan masala, 1955-yildagi shartnomaga borib taqalishini e’tirof etadilar. Shu sababdan ham, sud ushbu shartnoma davlatlar o‘rtasidagi chegarani belgilab berishi yoki bermasligini aniqlashtirish uchun shartnomaning 3-moddasi hamda shartnomaga qo‘shimcha 1-son protokolni ko‘rib chiqadi. Shartnoma 1969-yilgi “Shartnomalar huquqi to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasining 31-moddasidagi odat huquqiga ko‘ra shartnoma matnidagi atamalarga berilgan oddiy ma’nodan, shartnomaning maqsadi va obyektidan kelib chiqib, vijdonan sharhlanishi, ayniqsa, shartnoma moddalariga asoslangan holda talqin etilishi lozim. Shuningdek, qo‘shimcha vositalar sifatida shartnomani tayyorlash va tuzish paytidagi holatlar ham hisobga olinishi mumkin.
1955-yilgi shartnomaning talqini. 1955-yildagi shartnoma-ning 3-moddasiga ko‘ra, ahdlashuvchi mamlakatlar “Davlat chegarasi aniq belgilangan xalqaro hujjatlarga asoslanganligi va ularning natijasi ekanligini tan oladilar” deb belgilaydilar. Shartnomada tilga olingan “tan olmoq” so‘zi davlatlarga huquqiy majburiyat yuklaydi va davlat chegarasini tan olish mazkur chegaragacha bo‘lgan hududni qabul qilishni ham anglatib, kelajakda bu chegaralar borasida nizolashish huquqidan voz kechishini anglatadi.
Liviya 1955-yildagi shartnoma avvaldan mavjud bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi chegaralarning tan olinganligini anglatib, boshqa bir chegaralarni tasdiqlamagan deb da’vo qiladi. Shuningdek, Liviya 1-son qo‘shimcha protokoldagi Angliya bilan 1899-yilda tuzilgan shartnoma qoidalari shimoliy 15-paralleldagi protektorat doirasinigina belgilaydi va chegara ma’nosini anglatmaydi deb hisoblaydi. Biroq davlat chegaralari to‘g‘risidagi rozilik Liviyaning erk-irodasi bo‘lib, o‘sha vaqtda chegara bo‘lmagan hududni chegara sifatida tan olish imkonini beradi.
1955-yildagi shartnomaning 3-moddasida davlat chegaralari 1-son qo‘shimcha protokolda keltirilgan xalqaro hujjatlarga asoslanishi belgilangan bo‘lib, bu barcha chegaralar qo‘shimcha protokolda keltirilgan xalqaro hujjatlarga asoslanishini bildiradi. Bundan boshqacha tarzda talqin qilish shartnomaning asl matni va ma’nosiga zid bo‘lishi bilan birgalikda, qo‘shimcha protokolda keltirilgan xalqaro hujjatlar haqidagi matnning ma’nosini butunlay yo‘qqa chiqaradi. Yuqoridagi modda ikki davlat o‘rtasidagi barcha chegaraviy masalalarni hal etishni ko‘zlagan normadir.
1955-yildagi shartnoma davlat chegaralarini belgilab beruvchi shartnoma ekanligi haqidagi Sudning xulosasi shartnomani tuzishdagi hamda shartnomani tayyorlash holatlari nuqtai nazaridan ham muvofiq xulosa ekanligini ko‘rish mumkin.