Suverenitetning belgisi sifatida shartnomalar tuzish huquqi.
Sud davlat ma’lum bir shartnomani imzolashga yoki imzolamaslikka va’da berishi hamda o‘zi a’zosi bo‘lgan shartnomadan kelib chiqqan majburiyatlarni bajarishi suverenitetining buzilishiga olib keladi deb hisoblamaydi. U quyidagi fikrlarni ilgari suradi: “Albatta, davlat oldida ma’lum bir majburiyatni yuzaga keltiruvchi har qanday konvensiya yoki shartnoma ham suveren hokimiyatni amalga oshirishga nisbatan qandaydir ko‘rinishdagi yo‘nalishni taqdim etadi va bu davlat suveren hokimiyatini amalga oshirishda cheklashni vujudga keltirishi mumkin. Biroq xalqaro shartnomalarni tuzish qobiliyati davlat suveren hokimiyatining uzviy ajralmas qismi hisoblanadi”. Shu sababli ham ushbu vaziyatda shartnomadan kelib chiqqan majburiyatni bajarish Germaniya suverenitetini cheklamaydi (p. 25).
Neytral davlatning ichki huquq normalari hamda xalqaro shartnomalar.Uimbldon kemasining Kil kanali bo‘ylab suzib o‘tishiga ruxsat berilmaganligiga Germaniyaning Neytrallik to‘g‘risidagi akti asos bo‘lib xizmat qilishi mumkinmi? Avvalo, bir xorijiy mamlakatda ortilib, ikkinchi xorijiy mamlakatga yuborilayotgan yuklar kanaldan olib o‘tilishi Germaniya tomonidan neytrallik aktida belgilangan “ekport qilinadigan yuklar” qatoriga kirmaydi. Shuningdek, neytrallik aktida taqiqlangan “o‘tish” ham Kil kanaliga taalluqli deb aytish qiyin. Nima bo‘lganda ham bir davlat tomonidan qabul qilingan neytrallik akti tinchlik to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma qoidalaridan ustun bo‘la olmaydi. Versal shartnomasining 380-moddasi Germaniya bilan shartnoma imzolagan barcha mamlakatlarning savdo va harbiy kemalariga kanaldan o‘tish huquqini berar ekan, Germaniyaning neytrallikni saqlash uchun urush davrida olib o‘tilishi taqiqlangan tovarlarni olib o‘tmaslik bo‘yicha vajlari ahamiyatsiz bo‘lib qolaveradi (p. 29).
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Germaniya o‘z neytrallik majburiyatidan kelib chiqib, Uimbldon kemasini to‘xtatishga majbur bo‘lmagan, aksincha, unga ruxsat berish huquqiga ega bo‘lgan. Shuningdek, Versal shartnomasining 380-moddasiga ko‘ra, Germaniyaning kemalar o‘tishiga doir aniq va ravshan majburiyati belgilab berilgani bois Germaniya o‘zining neytrallik aktini qo‘llay olmaydi (p. 30).
Sharh Sud o‘zining qarorida aslida mavhum bo‘lgan davlat suvereniteti tushunchasi hamda aniq hokimiyatga asoslangan suverenitet tushunchalarini bir-biridan farqlab, Germaniyaning Kil kanaliga nisbatan bo‘lgan suvereniteti va bu suverenitetni amalga oshirishning xalqaro shartnoma tomonidan cheklanishini tushuntirdi. Sud bu mantiq bilan, suverenitetning ajralmas qismi bo‘lgan shartnoma tuzish huquqini amalga oshirish va buning natijasida davlatning vakolatlari xalqaro shartnoma tomonidan ma’lum bir darajada cheklansa ham, bu suverenitetning buzilishiga olib kelmaydi, degan xulosani berdi. Boshqa so‘z bilan aytganda, davlat suvereniteti va xalqaro shartnomalar vositasida cheklash o‘rtasidagi “suverenitet dilemmasi” bo‘yicha ahamiyatli izoh qoldirdi.
Bu vaqtda Muvaqqat Xalqaro Sud Tunis va Morokash o‘rtasida “Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonun bo‘yicha kelib chiqqan ish va Xalqaro Mehnat Tashkiloti vakolatlari bo‘yicha ishlarda ham davlat suvereniteti va uning xalqaro shartnomalar vositasida cheklanishiga doir muammolarga duch keldi. Shuningdek, yana bir masalani ta’kidlab o‘tish joizki, Fridrih Hegel nazariyasiga asoslangan absolyut suverenitet tushunchasi o‘sha vaqtda Germaniyada ustuvor hisoblanar edi. Mazkur ishda ham sud qaroriga qarshi bo‘lgan, ya’ni neytral davlat va urush holatida bo‘lgan davlatlar shartnomada ma’lum bir maqsadni ko‘zlagan hamda aniq belgilangan huquq va majburiyatlar mustahkamlanmagan bo‘lsa ham o‘zining neytralligi va xavfsizligi uchun favqulodda choralar qo‘llash huquqiga ega, degan qarash bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Germaniyaning fuqarosi bo‘lgan sudya ham, Versal shartnomasida belgilangan majburiyatlarni xalqaro foydalanish (International easement20) sifatida tan olish bilan birgalikda, barcha shu tarzdagi foydalanishni, urushga nisbatan qat’i va mutlaq neytrallikni saqlovchi va uni hayot-mamot darajasida hurmat qiluvchi davlatning huquqiga bo‘ysundirmoq lozim deb hisoblaydi. Shu sababli ham bu yerda Versal shartnomasining talqini sifatida rivojlanib kelgan sud a’zolarining ko‘pchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qarashga qarama-qarshi bo‘lgan fikrni bildiradi. Bu esa suverenitetga nisbatan qarashlar o‘rtasidagi ziddiyatning asosida “suverenitet dilemmasi” ni qanday tushunish muammosi yotganligini anglatadi. Bugungi kunda yuqorida ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qarash aslida o‘sha davrdagi vaziyat taqozosi natijasi ekanligi barchaga ayon.
Keyinchalik ham, Muvaqqat Xalqaro Sud, 1925-yilda Gretsiya va Turkiya o‘rtasidagi aholi almashinuvi bo‘yicha bergan tushuntirishida, Turkiyaning almashinish obyekti bo‘lgan aholining doirasini belgilashda milliy qonunchilikka asoslanilishi va bu Turkiyaning suveren huquqi ekanligi to‘g‘risidagi va’jiga nisbatan Uimbldon ishini havola qilgan. Turkiyaga nisbatan xalqaro shartnomada belgilangan majburiyatlar natijasida davlat vakolatlarining ma’lum bir darajada cheklanishi ushbu mamlakat suverenitetining buzilishini anglatmaydi degan javobni berdi.
1927-yilda sud tomonidan Danube daryosi ishi bo‘yicha berilgan tushuntirishda ham avvalgi qarorlardagi kabi davlat tomonidan xalqaro shartnomaga qo‘shilish natijasida yuzaga kelgan davlat suverenitetini amalga oshirishni cheklovchi shartlar suverenitetning buzilishi hisoblanmaydi, degan xulosaga kelindi. Albatta, sudning bunday sharhi xalqaro huquqning majburiyatlarga taalluqli barcha masalalarini hal etishga qaratilmagan bo‘lsa-da, suveren davlat o‘zi rozi bo‘lib kirgan xalqaro shartnoma tomonidan qanday cheklovlarga uchrashi mumkinligi to‘g‘risidagi amaliy yechimni taqdim etdi.