UCHINCHI BO‘LIM
BESHINCHI BOB
ADABIY JARAYONNING RIVOJLANISH TAMOYILLARI
ADABIY JARAYON: AN’ANA VA NOVATORLIK
Tayanch tushunchalar
Adabiy jarayon. Hozirgi adabiy jarayon. Komil inson ifodasi. Traditsiya (an’ana). Novatorlik. Adabiy maktab.
Adabiyotning ming yilliklar davomidagi uzluksiz rivoji va uning turli-tuman ijodiy oqimlaridagi kurashlar tarixi, bu tarixning jamiyatlar taraqqiyoti bosqichlari, qonuniyatlari bilan chambarchas aloqalari, barcha adabiy asarlarning tarixiy va klassikaning abadiylik xislatlari adabiy jarayon deb yuritiladi. Uning ajralmas bir qismini — bugunini hozirgi adabiy jarayon tushunchasi ifoda qiladi. Tarixiy sharoit taqozosi va jamiyatning talabiga ko‘ra Istiqlol g‘oyasi bugun yetakchidir. Ana shu markaziy, bosh g‘oya atrofida uyushgan, uni targ‘ib qilayotgan ijodkor san’atkorlar faoliyatini o‘z ichiga oladi. Istiqlol adabiyoti (1991-yildan boshlab)ni bunyod etish yo’lidagi adabiy yangiliklarni, ularning A. Oripov, E. Vohidov, R. Parfi, Sirojiddin Sayyid, Usmon A’zim, Shavkat Rahmon, Muhammad Ali, Azim Suyun, B. Boyqobilov, O. Hojiyeva, H. Xudoyberdiyeva, Ikrom Otamurod, Salim Ashur, Abduvali Qutbiddin; P. Qodirov, O. Yoqubov, O‘. Hoshimov, X. Sultonov, Tog‘ay Murod, Murod Muhammad Do‘st, Omon Muxtor, Asad Dilmurod, Nazar Eshonqul; Sh. Boshbekov, A. Ibrohimov, M. Boboyev, Said Ahmad, S. Imomov; O. Sharafiddinov, M. Qo‘shjonov, A. Hayitmetov, Ibrohim Haqqul, V. Rahmonov, A. Rasulov, B. Sarimsoqov, T. Mirzayev, Suvon Meli kabi yuzlab vakillari ijodining barcha g‘oyaviy-badiiy izlanishlarini, badiiy mahorat yo’lidagi salohiyatini o‘zida jamlaydi.
Bu ajralmas jarayon yutuqlari va kamchiliklarini sarhisob qilish jamiyatlar taraqqiyotining har bir bosqichi bilan bog’liq holda amalga oshiriladi, saboqlar chiqariladi va rivojlanish yo’llari bashorat qilinadi. Chunki adabiyot dunyoga kelganidan to hozirga qadar inson xarakterini, qalbini tasvirlash bilan shug‘ullanmoqda. „Muhabbat ul o‘zi eski narsa, lekin har bir yurak uni yangilaydi“, degan (H. Toqtosh) haqiqatga tayansak, „So‘z san’atida hamma bir-birining shogirdi hisoblanadi, ammo har kim o‘ziga xos yo’ldan boradi“, degan yozuvchi M. Prishvin so‘zini isbotlaydi.
Darvoqe, har bir davr adabiyoti barkamol insonning qanday bo’lishi kerakligi muammosini o‘z tushunchasi, g‘oyasi, orzusi, ijtimoiy-siyosiy qarashlari talabi, tajribasidan kelib chiqib kun tartibiga qo‘yadi; namunali qahramonlar yaratadi. Ular muayyan siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy-madaniy talab va ehtiyojlarni, millatning xarakterli intilishlarini o‘zida mujassamlashtiradi. Jumladan, yaqin o‘tmishda (sobiq sovet tuzumi zamonida) komillikning bosh belgisi dahriylik (Allohni rad etishlik) va sotsialistik g‘oyaga sodiqlik sanalardi. ,,O‘tgan sovet noerkin tuzumi davrlarida sovetcha inqilobiy qurilishlarning o‘ziga xos qahramonlik ideallari yaratilgan edi. O‘n yillarcha hukmronlik davrlarida sovet qurilishining vazifalari o‘zgarib, murakkablashib borgani sayin sovet mafkurasiga mos qahramonlar ham, ularga bo’lgan talablar ham o‘zgarib bordi: ular inqilobchilar, kollektivchilar, sanoat qurilishi fidokorlari, urush kishilari, BAMchilar, qo‘riq yerni o‘zlashtiruvchilar, ilg‘orlar va qoloqlar edi. Avvalo, bolshevizm va qolaversa, sovetizmga jon-jahdi bilan berilgan bu ibratli qahramonlar o‘zlarining o‘ta g‘oyaviyligi, ongliligi, sovet tuzumiga sadoqati bilan ajralib turar, asarlarda ham, hayot jabhalarida ham xuddi sotsialistik g‘oyaning yurgizib yuborilgan mexanizmi kabi harakat qilardilar. Barcha hollarda temir iroda va kollektiv temir oqim xususiyatlari hamda hukmlarini ifoda qilardilar. G‘oyaviylikda, illustrativlikda, siyosiy maqsadlarni ko‘zlashda noyob bir adabiyot yaratilgan: chapayevchilar, meresevchilar, yosh gvardiyachilar va ularning milliy adabiyotlardagi sharpalari ideal kommunistik ibrat namunasi tarzida talqin qilinar va singdirilardi“69.
Bugun milliy istiqlol g‘oyasi insonning har jihatdan barkamolligi, ezguligi, pokligi, erkinligi, mehr-u oqibatliligi, bir so‘z bilan aytganda, haqiqiy insoniylikni e’tiqod darajasiga ko‘tarishni komillik sanaydi. Allohga, muqaddas dinimizga sog’lom va mo‘tadil munosabatlarni shakllantirishni eng muhim mafkuraviy vazifa qilib qo‘yadi70.
Shu xislati bilan u mumtoz adabiyotlarning davomchisi, rivojlantiruvchisidir. Jahoniy muammolarni yuksak insoniylik, ma’naviylik bilan yorituvchi, ,,O‘lmas so‘z yaratish yo’lidagi zahmatkash“ (E. Vohidov)dir; beqiyos qudratga va salohiyatga ega tarbiyachidir. Bu, o‘z navbatida, badiiyat vorisligi tufayli yuzaga kelgan yangi bosqichdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |