Novatorlik (lotincha „novator“ — yangilanib turuvchi) — „san’at va adabiyotda g‘oyaviy-badiiy jihatdan yangilik yaratish jarayoni, mazmun va shaklni yangi imkoniyatlar hisobiga boyitish demakdir. Real voqelikda, poetik fikrda, tasviriy vositalarda hali hech kim ishlatmagan va ko‘rmagan tomonlarini birinchi bo’lib ishlatish, ko‘rish qobiliyatiga ega bo’lishdir. Qisqasi, novatorlik — yangi hayotiy munosabatlar in’ikosi, yangi tiplar, yangi his-tuyg‘ular, yangi janrlar va obrazlar, yangi qofiyalar va vazn rang-barangligi, xullas, hammasi... Novatorlik xalqimizga shodlik va ilhom manbayi bo’lib xizmat qiladigan ideallarning yashash usuli, ifodalanish tarzi, mazmunning tashkil qilinishi, strukturasidir“72.
Kunduz kechasidan, kechasi kunduzdan kelib chiqqanidek, novatorlik traditsiyadan, traditsiya novatorlikdan kelib chiqadi. Boshqacha qilib aytsak, traditsiyada novatorlikning „uchquni, urug‘i“ yashiringan bo’lsa, novatorlikda traditsiyaning unsurlari yashaydi. Ya’ni traditsiya bag‘rida yangilik yetiladi, yangilik bag‘rida oldingisiga nisbatan mukammalroq yangi traditsiya yuzaga keladi. Ular doim vobastalikda, bir butunlikda voqe bo’ladilar.
Jumladan, Abdulla Qodiriy ,,O‘tgan kunlar“ romanini yaratish bilan o‘zbek nasridagi an’ana va yangilikning qonuniyatlarini amalda isbot qildi: „Modomiki, biz yangi davrning yangiliklari ketidan ergashamiz va shunga o‘xshash dostonchiliq, ro‘monchiliq va hikoyachiliqlarda ham yang‘irishg‘a, xalqimizni shu zamonning „Tohir-Zuhra“lari, „Chor darveshlari“, „Farhod-Shirin“ va „Bahromgo‘r“lari bilan tanishtirishga o‘zimizda majburiyat his etamiz“, deb yozdi va roman yozishda jasorat ko‘rsatdi. O‘zbek adabiyotida birinchi bo’lib yetuk realistik romanni, badiiy barkamol ,,O‘tgan kunlar“ni yarata bildi. Ayni paytda, jahon romanchiligining fransuz, olmon, rus, ingliz, hind maktablaridan keyingi oltinchi — o‘zbek maktabiga asos soldi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Abdulla Qodiriy o‘tmish adabiyotimiz va jahon romanchiligining (Jo‘rji Zaydon, Gyote, Shiller, Chexov, Lev Tolstoy kabi) ustalaridan mahorat sirlarini, „mehrigiyo“ni qunt bilan o‘rganibgina qolmay, ularni ijodiy rivojlantirdi. Ezgulik va insoniylikni, mustaqillik va ozodlikni — baxt va buyuk haqiqatligini Otabek, Kumush, O‘zbekoyim, Yusufbek hoji, usta Olim kabi o‘nlab yaxlit va barkamol obrazlarda ifodalab berdi. O‘zbek romanchiligida psixologik tasvirning yuzaga kelishiga, uning realistik tasviriga, ruhiy dunyoning tashqi qiyofa va xatti-harakatlarda voqe bo’lishiga asos soldi.
,,O‘tgan kunlar“ romanining yuqoridagi turli badiiy unsurlar nuqtayi nazaridan qilingan tahlilining o‘ziyoq — bu asar tug’ilganidanoq klassikaga aylangani, maktab yaratgani sabablarini asoslay oladi. O‘zbek romanchiligida hozirga qadar yaratilgan uch yuzdan ortiq romanning barchasida ,,O‘tgan kunlar“ning „mehrigiyosi“ni u yoki bu tarzda ijodiy o‘zlashtirilganini ko‘rish mumkin. Uning rus, ukrain, litva, tatar, ozarbayjon, qozoq, tojik, turkman, uyg‘ur, qoraqalpoq, olmon tillariga tarjima qilingani ham bejiz emas. Romanning ta’siri hamon kengayishda davom etmoqda, qardosh xalqlar adabiyoti romanchiligida ham o‘z ta’sirini baralla ko‘rsatmoqda. Jumladan, Turkmanistonning taniqli yozuvchisi Berdi Kerboboyev: „ ...O‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriyning ,,O‘tgan kunlar“, „Mehrobdan chayon“ini o‘qib, shulardan ibrat olmasam „Dadil qadam“ni boshlay olmagan bo’lar edim“, deydi.
Tojik yozuvchisi Jalol Ikromiy esa shunday hikoya qiladi: „Men 1930- yillar boshida Toshkentdagi tojik bilim yurtida o‘qir, bir qozoq kursdoshim bilan bir yotoqda turar edim. Shunda birinchi bor ,,O‘tgan kunlar“ni o‘qidim. Uni kecha-kunduz berilib o‘qirkanman, qozoq do‘stim: „Sen bu kitobni muncha o‘qiyverasan“, deb ajablanardi. Men esa: „To‘xta, sen ham o‘qiysan“, deb kitobdan bosh ko‘tarmasdim. Nihoyat, romanni bitirdim va qozoq do‘stimga o‘qishga tavsiya qildim. U avvaliga kitobni tilar-tilamas o‘qiy boshladi va keyiniga menga o‘xshab berilib ketdi.
Bir kun yotoqda dars tayyorlab o‘tirardim, do‘stim esa ,,O‘tgan kunlar“ning oxirgi varaqlarini o‘qirdi. Birdan u sakrab o‘rnidan turdi va borib pechkani ochdi-da, qo’lidagi ,,O‘tgan kunlar“ni yonib turgan o‘tga tashlab yubordi... Men hayratlanib, „Hay, senga nima bo’ldi!“ dedim. U ho‘ngrab: „Kumush o’ldi!“ dedi... Chala kuygan kitobni arang pechkadan olib o‘chirdim...“
Yozuvchining o‘g’li Habibulla Qodiriyning yozishicha, tatar yozuvchisi Qavi Najmiy bilan Abdulla Qodiriy o‘rtasida shunday suhbat bo’lib o‘tadi:
„— Abdulla obiy, prozada bizga ustozsiz, sizga tashakkurimiz zo‘r...
— Yozuvchilik hunari shunday. Hamma bir-biridan o‘rganadi. Sizlar meni ustoz bilsangiz, mening ham sizlarning ulug‘ yozuvchilaringizdan o‘rgangan joylarim bor...“73
Demak, san’atkor — yozuvchi o‘zida salaflari yutuqlarini, tajribalarini, mahorat sirlarini qanchalik to‘play olsa, to‘plaganidan ijodiy ta’sirlansa, uni o‘zligi bilan boyita bilsa, u shunchalik darajada boshqalarni o‘ziga jalb qiladi. Ularning ham rivojiga turtki, asos, yo‘nalish beradi. An’anani yangilik bilan boyitish darajasi novatorlikning sifatini tayin etadi, o‘z navbatida, novatorlik sohaning keyingi rivoj bosqichini asoslaydi.
An’ana va novatorlikning go‘zal amaliy ko‘rinishlarini o‘zida jamlagan adabiy maktablar judayam ko‘p. Ular ichida eng buyugi besh yarim asrni tan olmasdan yashab kelayotgan, hamon adabiy yuksak cho‘qqida turib nur taratayotgan, o‘ziga minglab shoirlarni jalb qilib, ularga adabiyotdan dars berayotgan Alisher Navoiyning poetik maktabidir.
Alisher Navoiy Gretsiya va Hindistonda, Xitoy va Arabistonda, Eron va Xurosonda yaratilgan fan, san’at, adabiyot, tarix javohirlarini chuqur o‘rgandi. Nizomiy Ganjaviy, Xisrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Hofiz, Fuzuliy, Lutfiy kabi daholarning mahorat sirlarini ijodiy o‘zlashtirdi. O‘zidan oldin o‘tgan va zamondosh sanalgan san’atkorlarning an’analari yutuqlarini o‘zida jamladi va komil insonning jahoniy mohiyatini, uning ruhiy falsafasini poetik kashf qildi. Adabiyotni yuksaklikka ko‘tardi va hozirga qadar Sharqning donishmandi, o‘zbek adabiyotining Quyoshi bo‘lib, „Xazoyin ul-maoniy“, „Xamsa“ kabi ko’lamli va teran asarlari bilan qalblarni boyitmoqda.
Demak, Najmiddin Komilov asosli ta’kidlaganidek, ko‘ngil o’lmaydi, chunki ko‘ngil —ruh, ko‘ngil—jon, ko‘ngil — xotira, ko‘ngil — abadiylik. Shu sabab „buyuk shoirning „ma’nolar xazinasi“ni kashf etish, uning bemisl san’ati sirlarini ochib, she’riyat ixlosmandlarini undan bahramand qilish ehtiyoji“ (N. Komilov) XXI asrda ham dolzarb bo’lib turibdi. U bugun ham nodirdirki, shoirdek faxr-u g‘ururga to’lib, uning misralarini takrorlaymiz:
Men ul menki, to turk bedodidur,
Bu til birla to nazm bunyodidur.
Do'stlaringiz bilan baham: |