3. Hajmi va tashqi ko‘rinishi jihatidan. Lirik asar eng kichik asardir, chunki u bir oniy tuyg‘uning birvarakayiga hayajonli tarzdagi ifodasidir. Tashqi ko‘rinishi misralardan, baytlardan iborat, muayyan vaznga solib yozilganidan musiqiy bo’ladi.
4. Xarakter. Hayot go‘yo bir azim daryo bo’lsa, lirika ana shu azim daryoning sekin va sokin joylariga nazar tashlaydi (I. Sulton). She’r bir oniy fikr va hisning mahsuli, mahsuli bo’lganda ham yaxlitligi — jonliligi bilan maftun etuvchi, ohangi bilan dilni qitiqlovchi bo’lgani sababli bir zumlik „harorat“ bilan uzoq yillarni, qalblarni „isitadi“, boyitadi, orzularga qanot beradi, ishonchlarni mustahkamlaydi. Lirik qahramon „shoir shaxsi bilan estetik idealining quymasi“ ekan, ular doimo yaxlitlashganda, musiqiylashganda, samimiylashganda ta’sirchandir, jozibalidir.
5. Sujet. Lirik qahramon tarixi (muayyan har bir she’rdagi kechinma — obraz tarixi)ning mavjudligi lirikadagi sujetni voqe qiladi. Lirik asar bir oniy kechinmaga suyangani uchun ham undagi sujet eposdagi kabi „voqealar silsilasi“ tarzida namoyon bo’lmaydi, balki u oniy — ruhiy harakat tarixi ifodasi tarzida yuzaga chiqadi.
Sujef adabiyotning uchinchi elementi va usiz badiiy asar bo’lishi mumkin emasligi qoidasini eslasak, demak, lirikada sujet o‘ziga xos bo’ladi. O‘ziga xoslik — lirikaning subyektivlik mohiyatidan, lirik qahramonning dunyosidan kelib chiqadi va har bir lirik asarda ifodalangan oniy — ruhiy kechinma tarixi boshlanishi, rivoji, xulosasi bilan o’lchanadi.
Nodir Jonuzoq to‘rtligining birinchi baytida:
Bir xabar ilg‘adim sahargi yeldin,
Chiqqanmish qachondir Majnun bu eldin, —
degan fikr-xabar berilsa, keyingi baytda:
Yo Olloh, nahotki anglamadilar —
U soyam edi-yu... men endi keldim!
tarzida fikrga yakun beriladi. Demak, lirik qahramon kechinmasining bir oniy parchasiga joylangan tarix, garchi kechinma harakati siqiq va oddiy bo’lsa-da, ushbu asarning sujetidir.
6. Badiiy til. Lirikada so‘z mazmunan his-hayajonga yo‘g‘rilgan, nihoyatda tiniqlashgan, teranlashgan bo’ladi. Chunki, „haqiqiy she’rda har bir so‘z shakl-shamoyil, rang-bo‘yoq, maza, salmoq va ohangga ega“ (Jamol Kamol). „So‘zlar poeziyada qofiya, vazn, band, tovush takrori, so‘z takrori (epifora, anafora, radif), inversiya, musiqiylik, ritm, turoq, misra, turkum, ritmik pauza jihatidan aloqador holda amal qiladi, prozada esa so‘z bunday vazifani ado qilmaydi... poeziyada gap, jumla, so‘zninggina emas, balki bo‘g‘in, nutq tovushlarining unli yo undoshligi ham o‘ziga xos ahamiyatga ega; ular kuchli „mehnat intizomi“ga, tajribaga bo‘ysunadi va yagona, muayyan sistemaga aylanadi, ayni shunday tartib nasrda yo‘q...“77.
DRAMA
„Drama hozirgi zamonda o‘quvchi yoki tomoshabin ko‘zi oldida bo’layotgan kabi ko‘ringan, kechmish voqedir“ (V. G. Belinskiy) va unda shaxslar o’zlarini harakatda ifoda qilishlari kerakligini ta’kidlaydi.
Chunki „Epopeyada voqea, dramada odam hukmrondir“. Dramada harakat bosh alomat sanalgani uchun, u quyidagi sir-asrorlarni o‘zida jamlaydi:
Do'stlaringiz bilan baham: |