4. Eskirgan so‘zlar deganda, bugungi kitobxonga tushunarli bo’lmagan, og‘zaki nutqda deyarli ishlatilmaydigan so‘zlar tushuniladi. Bunday so‘zlar davr ruhini ifodalashda, nutqda turli rang va ruh (mazah, kinoya, masxaralash kabi) berishda asqotadi. Ular ikki xildir:
Birinchisi, tarixiy so‘zlar (istorizm) — o‘tmishda bor bo’lgan narsa va tushunchalarning nomini bildirgan, keyinchalik esa tilimizda ishlatilmaydigan, muomala-munosabatlarda qo’llanilmaydigan so‘zlardir: birmiri, botmon, misqol, mingboshi, kanizak, yorg‘uchoq kabi.
Buning yaqqol misolini tasavvur qilish uchun „Farhod va Shirin“ (Navoiy) dostonining XXX bobi sarlavhasiga murojaat qilaylik:
„Farhodning Shopur dasht paymolig’i, balki rahnomolig’i bila Yaman mulkidan Arman kishvarig‘a azimat qilg‘oni va Armanning Eramoso sabza va rayohinidin g‘unchadek ko‘ngli gulgul ochilg‘oni va Armaniya tog‘i kamarida xoro qozodurg‘on el ajzin ko‘rib, ul kayfiyatin so‘rub xoro qozorg‘a kamar chust etgani va bu xabarning chustu Shirin Mehinbonu bila Shiringa yetgoni“.
„Poymolig‘i“ so‘zini — „oshganligi“, „kishvari“ni — „o’lkasi“, „azimat“ni — „yo’l olmoq“, „sabza“ni —„maysa“, „rayohinidin“ni — „rayhonlaridin“, „xoro“ni — „tosh“ , „ajzin“ni — „ojizligi“, „kamar“ni — „bel“, „chust etgani“ni — „shaylagani“ tarzida tushunsakkina XV asrdagi muallif nutqini, uning „oliy“ uslubiyatining o‘ziga xosligini to‘liq anglaymiz: „Farhodning Shopur rahnomoligi bilan dasht (cho’l-u biyobon)larni oshib Yaman mamlakatidan Arman o’lkasiga yo’l olgani, Armanning Eramoso (jannatdagiga o‘xshash) maysalari va rayhonlaridan ko‘ngli gulgul ochilgani va Armaniya tog’i kamarida tosh qaziyotgan el ojizligini ko‘rib, kayfiyatlari (holi-ahvoli)ni so‘rab tosh qazishga bel bog’lagani va bu xabarning juda tez Mehinbonu va Shiringa yetgani“ mazmuni bayon qilinganini tushunamiz.
Yuqoridagidek tarixiy so‘z va iboralar ishlatilmaganda, biz XV asr ruhini, o‘sha davr badiiy tilini bu qadar aniq bilmagan bo’lardik.
Ikkinchisi, eski so‘z — arxaizm (yunon. „archaios“ — qadimgi so‘z) bugungi kunda sinonimi ishlatilayotgan, lekin asli ishlatilmayotgan eski so‘zlardir, ya’ni aslidagi shakli eskirgan, ma’nosi sinonim so‘z (yangi shakl)da bo’ladi. Demak, eskirgan (arxaik) so‘z ma’nodosh so‘zlar bilan bog’liq bo’lsa, tarixiy so‘zlar, odatda, yakka bo’ladilar. „... Darboza ochilib, qo‘rboshi ichkariga kirdi. O‘rdaning tevarak masohatini biz chamalab ko‘rgan edik, shuning uchun o‘rdaning qay daraja keng bo’lishi ham bizga qiyosan ma’lum. Ammo o‘rdaning ko‘proq qismi darboza tomonda qoldirilib, janubga tortilg‘an xatti mustaqil bir devor bilan bo’lingan edi...“ (,,O‘tgan kunlar“). Ushbu parcha hokim saroyining yaqqol manzarasini aniq tasvirlaydi. „O‘rda“ so‘zining hozirgi sinonimi (shakli) „saroy“ bo’lsa, „masohat“niki „to‘g‘ri chiziq“dir.
5. Yangi so‘z — neologizm (yunon. „neos logos“ — yangi so‘z) deganda, san’atkor tomonidan yangidan yasalgan, hayot yangiliklarini ifodalovchi yangi so‘zlar majmuyi tushuniladi. Jumladan, G‘afur G‘ulom daryodil, yovyurak, mehnatobod, sharofobod, oyoqdosh kabi so‘zlarni yasagan bo’lsa, Maqsud Shayxzoda xayolxona, ilhomdosh, fazoshumul vazifa, huriston, oybachcha, xorazmlashmoq, xayollanmoq, tundalik kabi neologizmlarni kashf etdi. Jamiyatimizning bugungi taraqqiyoti birja, dollar, mafiya, terrorizm, repititor, test kabi yuzlab yangi tushunchalarni ifodalovchi so‘z va iboralarni yaratdi.
Demak, hayotning yangilanishi doimo so‘zlarning ham yangilanishiga; yozuvchi va shoirlarning yangi obrazlarni yaratishga intilishlari ham hamma vaqt yangicha ifodani akslantiruvchi so‘zlarning yasalishiga olib keladi. Bu hayotning va adabiyotning qonuniyatidir.
“– Uchinchi dunyoni Latif — Astral olami deb atashadi. Uning biz yashayotgan dunyodan farqi kam. Lekin o‘ziga xos jihatlari bor. Bu Latif olamda tebranishlar o‘ta nozik, jismoniy harakatlarga vaqt sarflanmaydi. Ammo biologik hodisalar vaqt bo‘yicha kechadi. Bu dunyo moddiyati oyning gravitatsion maydonidir. Quyosh burjining har bir sayyorasi o‘z Latif dunyosiga ega...
— Shoshmang-shoshmang! — bashoratchi ayolning gapini bo’ldi Asad. — Siz jismoniy harakatlarga vaqt sarflanmaydi, dedingiz. Buni qanday tushunish kerak?
— Latif dunyo mavjudotlari bir zumdayoq sayyoraning istagan nuqtasida paydo bo’lishi mumkin. Fanda bu hodisani teleportatsiya, deyishadi“52.
Hojiakbar Islom Shayxning „Tutash olamlar“ mistik-fantastik romanidan keltirilgan ushbu dialogga e’tibor qilsangiz, undagi „Latif — Astral olam, gravitatsion, teleportatsiya“ kabi neologizmlar hayotimizdagi yangicha qarashlarning mahsulidir, moddiy dunyomiz bilan boqiy (ruhiyat) dunyosining sirlarini o‘rganishga intilishning jozibali mevasidir.
5. Dag‘al so‘z — vulgarizm (lot. „vulgaris“ — dag‘al, qo‘pol)lar adabiy tilda ishlatilmaydigan haqoratli so‘zlar va noto‘g‘ri tuzilgan, qo‘pol jumlalar, dag‘al (mantiqsiz yoki biri tog‘dan, biri bog‘dan bo’lgan) fikrlashni ifodalovchi iboralardir. Ular asar qahramonining qo‘polligini, hayosizligini, axloqsizligini, ma’naviyatdan uzoqligini yaqqol ko‘rsatadi. Buning isboti Toshpo’lat tajangdir:
„Hoy, qizilbosh! Chilimingni berasanmi, yo‘qmi, it emgan? Qara-qara, Mahkam! Do‘nduq ekan-ku anaving! Suyagi bormi, a? Bir piyola choyimiz bor, hov! Itdan tug‘ganing qaramadi-ku... Hoy, kim, Salim kavarning bolasi emasmi, to’lishipti o‘ziyam. Sartarosh Hoji ko‘rib qolsa o’ldi, degin!
— Bodom qavoq — yupqa tomoq, dodimga yetsang-chi.
— Hoy-hoy!“53.
6. Chet so‘z — varvarizm (lot. „varvarus“ — kelgindi)lar badiiy asar yozilgan tilga yot bo’lgan, boshqa tillardan „bostirib“ kirgan so‘z, ibora, birikmalardir. Ayniqsa, o‘zbek tilimizga arab tilidan kirgan, fors tilidan kirgan, rus tilidan kirgan so‘zlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bu so‘zlar zamon ruhini berishda, tipik xarakterlarning xususiyatlarini individuallashtirishda, ularning ayanchli, kulgili nutqlarini bo‘rttirishda judayam qo’l keladi.
Abdulla Qodiriyning „Toshpo’lat tajang nima deydir?“ degan chapanilar hayoti hangomalaridan bir shingilini tinglaylik:
“– Shu afandichalaringni bittasi sanmi? Shoyi ko‘ynakchangni qara! Voy o‘sha cho‘nchakchasiga burnimni qoqay! Kulma, xudoy haqqi, kufrligimni oshirasan! Sen xaloyiqni hammang ham tirnog‘imni yuzida. Poshsholig‘ing shoyi ko‘ynakka, deb besh so’lkavoyni uzatdimi simint (siyu minutu — A. Q.) Toshpo’lat akangni unutasan, xudoy haqqi, unutasan!“
Toshpo’lat tajangning nutqi (u nutqdagi arabcha, ruscha so‘zlar va ularning ko‘pini buzib talaffuz etishi) — chapaniligini, saviyasi sayozligini, axloqi buzuqligini, vaysaqiligini, johilligini to’liq ifodalay oladi.
Azamat Qorjovovning quyidagi hazil she’rida ham „poet“ning — lirik qahramonning borligi kulguli tarzda ifodalangan:
„Men poetman, bu qizlarni
Yaxshi bilaman.
Hammasini ochen-ochen
Yaxshi ko‘raman.
Qizlar esa kimni sevar?
Voobshe neznayu.
Birortasini kamon bilan
Otib ko‘zla-yu
Bu dunyoda ves yaxshilik
Qizlarga bo’lsin.
Menga o‘xshab har yigit
Shoir bo‘p ketsin“.
7. Buzilgan so‘z — jargon yoki argo (fransuzcha „Jargon“ —buzilgan til)lar, ayni paytda, abdal tili — suniy til bo’lib, ma’lum guruh kishilarigagina tushunarli bo’ladi. Talabalar orasida ishlatiladigan o‘tdi, o‘tmadi, yiqildi, tildan dumi bor, tankasi zo‘r, ko‘kidan oladi kabi so‘z va iboralarning haqiqiy ma’nosini boshqa guruh odamlari (dehqonlar, bazzozlar, savdogarlar) tushunmaydi.
„— He, vahima qilaverma, yo’li ko‘p. „... changalda sho‘rva“ degan gap bor. Mana bizning filologiyamizda besh marta qayta-qayta imtihon qilishdi. Oxiri „3“ qo‘yib berishdi-yu, ular ham, „tanka“miz ham, o‘zimiz ham tinchidik. Sen meni topibsanmi, „tankamiz“ dumni yo‘qotish yo’lini topadi. Zo‘r odam, kallasiyam juda yaxshi ishlaydi-da!
— Dugon, o‘sha „ tankang“ga boraylik. Mengayam yordam qilsang, o’lib qolmasman... sengayam ko‘kidan bor.
— Yur, qani, o‘quv bo’limiga boraylik-chi!“54
Ushbu hangomada ham ikki talaba dialogi orqali ilm topguncha, „tanka“ („baho“ni qo‘ydirib beruvchi)ni izlovchilar ustidan kulingan...
8. Kasb-hunarga oid so‘zlar — professionalizm (rus. — biror kasbga oid)lar asarda tasvirlanayotgan qahramonning kasbini, ish hunarini ifodalaydigan so‘z va so‘z birikmalarining jamidir. Har bir kasb-hunarning o‘ziga xos atamalari bo’lishi tabiiydir. Jumladan, futbol o‘yini bilan bog’liq (himoyachi, yarim himoyachi, hujumchi, darvozabon, jarima, final kabi), o‘qituvchilik bilan bog’liq (daftar, qalam, qog‘oz, baho, test, nazorat, joriy nazorat, kafedra, dekanat, rektorat, o‘quv bo‘limi, stipendiya, talaba kabi) so‘zlar borki, ularni muayyan qahramon nomidan ishlatish shu qahramon kasb-hunarini aniqlashtiradi, demakki, qahramonni yaxlitlashtirishda qo‘1 keladi:
„Bir necha kun shu yo‘sin ikkilanib yurg‘ach, nihoyat o‘zimga tushunilmagan bir savq (yo‘nalish) ostida va’damni ifoga ham boshlabman, bir kiyim shohi, deb o‘ttuz kiyim bo’laturg‘an ipakni bo‘yash, tanda, arqoq, go’la mashaqqatlari ko‘zimga ko‘rinmabdir. Va’damni ikki kun ilgariyoq shohini to‘qib, uning kelar yo’lini poylar edim, ul kelmas edi...“55
Usta Olimning ushbu hikoyasi (nutqi)dan biz uning shohi to‘quvchi usta ekanligini, uning ishqi Saodatga tushganini bilib olamiz.
9. Sheva so‘z — dialektizm (mahalliy so‘zlar) muayyan bir hududda yashovchi kishilarga, ularning shevasiga xos bo’lgan, adabiy tilga mansub bo’lmagan so‘z va iboralardir...
Jumladan, Xorazm shevasida „gashir“ („sabzi“), „yo‘mirta“ („tuxum“), „galingiz“ („kelingiz“) kabi so‘zlar ko‘p uchraydi. Sheva so‘zlar asar qahramonlari tilida me’yorida ishlatilsa, ularning manzil-makonlarini va nutqining o‘ziga xosligini to’liq ochib beradi. Bunday mahorat Asqad Muxtorning „Tug‘ilish“ romanidagi Xoldor obrazini yaratishda yaqqol ko‘zga tashlanadi:
Sariyev Juman?
— Slesar.
— Xoldor Jo-Jo...
— Shatta Jonsug‘urov pamilam. Amolaykim kasbim ko‘p. Uchtasinila aytay. Avval do‘kon mudiri o‘g‘onman, innay iskaladda zavdish, ekspiditr...“
Do'stlaringiz bilan baham: |