Epifora — she’riy asarning misralari oxirida tovushlar, so‘zlar, iboralarning takrorlanib kelishi hodisasidir.
Kulgan boshqalardir, yig’lagan menman,
O‘ynagan boshqalar, ingragan menman.
Erk ertaklarini eshitgan boshqa,
Qullik qo‘shig‘ini tinglagan menman.
Cho’lponning „Men va boshqalar“ she’ridan keltirilgan ushbu bandda „menman“ so‘zi misralar oxirida kelib, lirik qahramonning qalbidagi tug‘yonlarini — erkinlik istagini ta’kid qilmoqda, ayni paytda, kitobxonni faollikka yetaklamoqda.
7. Apostrofa (grekcha „apostrophe“ — og’ish) ham stilistik vositalardandir. Unda jonsiz narsa va hodisaga xuddi jonliday, o‘zi yo‘q shaxsga xuddi borday murojaat qilinadi:
She’rim! Yana o‘zing yaxshisan,
Bog‘ga kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan tanda.
Yuragimning dardi — naqshisan,
Qilolmayman seni hech kanda!
O‘t bo’lurmi ishqi yo‘q tanda?
Dardimsanki, she’rim, yaxshisan.
Sen orada ko‘prik bo’lding-da,
Geyne bilan o‘rtoq tutindim.
Lermontovdan ko‘mak o‘tindim.
Butun umrim sening bo‘yningda.
Saharda qon tupursam, mayli.
Men — Majnunman, she’rim, sen — Layli!
(U. Nosir.„Yana she’rimga“)
Abdulla Oripov ham „Onajonim, she’riyat“ asarida apostrofa vositasidan foydalanib, she’riyatning ulug‘vorligini va uning tengsizligini jonlantiradi:
...Angladimki, olamda
Yurt tanho, Vatan tanho,
Band etgan xayolimni
Tengsiz shul chaman tanho,
Nokaslar emas, yo‘q, yo‘q,
Yolg’iz sen baland, tanho,
Eng oliy baxtim mening
Onajonim, she’riyat,
Topgan toj-taxtim mening
Jonajonim, she’riyat
8. Ellipsis (grekcha „ellepsis“ — tushirib qoldirish, yetishmaslik) — badiiy asarda qisqalikni, siqiqlikni ta’minlovchi stilistik vositadir. U matndan osongina bilinib olinadigan so‘zlar bo’lib, poetik fikrni ifodalashda ishtirok etmaydi. Ellipsis ko‘proq dialogik nutqda ravshan ko‘rinadi:
To‘yga keldingmi?
— To‘yga keldim...
— Yusufbeknikigami?
— Yusufbeknikiga.
— Belbog‘ing yo‘qmi?
— Yo‘q...“
(A. Qodiriy)
9. Inversiya (lot. „Inversid“ — o‘rin almashtirish)da ijodkor xohishi (g‘oyasi)ga ko‘ra ta’kidlamoqchi bo’lgan fikrni ta’sirchan qilmoq maqsadida grammatik qoidalardan chekinadi va kitobxonning diqqatini aynan shu fikr (so‘z)ga tortadi:
Aytarlar bu tunda yorug‘ sham yonmas,
Chaqmasa gugurtni asl o‘g‘illar...
Cho’lponning bu satrlari grammatika qonuniga binoan shunday tarzda bo’lishi lozim: „Asl o‘g‘illar gugurtni chaqmasalar, bu tunda yorug‘ sham yonmasligini aytardilar“. Bunday holda she’riy nutq o’ladi, ta’sirchanlik, chaqiriq, ifodalilik yuzaga kelmaydi, oddiy xabar — bayon tug’iladi...
Xullas, allomalar so‘zni hali qayta ishlanib tozalanmagan oltinga o‘xshatadilar. Tozalanmagan, pardozlanmagan, tanlanmagan, qisqaroq aytsak, poetik „yuk“ni o‘zida tashimaydigan so‘z adabiyotga daxldor bo’la olmaydi. Badiiylik (obrazlilik)ni yuzaga chiqarishga qurbi yetmaydigan, holat va kayfiyatni ifoda qila olmaydigan so‘zning o‘zi yo‘q, faqat uni topa bilish, o‘z o‘rnida qo’llay bilish san’atini egallash talab etiladi. Bunday mahoratga ega yozuvchi „butun bahorni atigi chigitdek keladigan g‘o‘ra ichiga qamab bera biladi“ (A. Qahhor).
Do'stlaringiz bilan baham: |