QOFIYA, RADIF, RAVIY
Qofiya. „Stilistika va she’r tuzilishi“ kitobi muallifi B. V. Tomashevskiyning fikricha, qofiyaning ritmni tashkil qilish va ohangdoshlik yaratishdek ikkita belgisi bor. Ayni paytda „qofiya qandaydir fikrni o‘z holicha ifodalay olmaydi. Biroq turli tushunchalarni bir-biriga bog’lab, ularni ongimizda tovushlar ohangdoshligi orqali biriktirib, u yoki bu banddagi asosiy fikrlarni ifodalashga olib keladi“ (B. P. Goncharov). Demak, Qofiya mazmun bilan bog’liq, u kerakli tushunchalarni, ularni misralar oxiriga chiqarish orqali ta’kidlab ko‘rsatishni taqozo etadi; ikkinchidan, qofiyaga ajratilgan bu muhim so‘zlar fikr oqimidan kelib chiqadi va uning zarur halqasi bo’lib qoladi“ (,,O‘zbek poeziyasida aruz sistemasi“, 248- bet). Qofiyaning mazmun bilan aloqasi ta’sirchanlikni yuzaga keltiradi va she’r mazmunini oson eslab qolishga (yodlashga) yordam beradi. Bu xususiyatlar maqollarda o‘z ifodasini topgani uchun ham, ularni bir bora eshitgan kishi umrbod esida saqlab qoladi: „Mehnat — mehnatning tagi rohat“, „Yaxshidan bog‘ qolar, yomondan —dog‘ “, „Yaxshining o‘zi o‘lsa ham, so‘zi o‘lmas“ kabi.
Ko‘rinadiki, misralarda so‘zlarning ohangdosh bo’lib tizilib kelishi — qofiyani yuzaga keltiradi; qofiya, pirovardida, she’rdagi musiqiylikni yaratish ishiga xizmat qiladi. So‘zlar (to‘g‘rirog‘i bo‘g‘inlar) bir-birlari bilan turlicha darajada ohangdosh bo’lganligi sababli qofiyalar ham turfa xildir. O‘zagi (birinchi harf-tovushdan tashqari) bir-biri bilan to’la ohangdosh bo’lgan so‘zlar (unli va undoshlar) to‘q (to’liq) qofiya deb yuritiladi:
Botirlari kanal qazadi a
Shoirlari g‘azal yozadi. a
Kuychilari o‘qiydi yalla b
Juvonlari aytadi alla. b
(H. Olimjon)
„Qofiyadosh so‘zlarda ohangdoshlik yaratish uchun eshitilishida bir-biriga mos kelgan tovushlar tirgak deyiladi. Tirgak qofiyani tovush jihatidan tashkil etuvchi asosiy negizdir“.63 Yuqoridagi misolda (yalla — alla) „alla“ tovushi tirgakdir. Agar so‘zlarning ba’zi tovushlarigina ohangdosh bo’lsa, och (chala) qofiya tugiladi:
Shaharlarda ishga chiqib el,
Odam bilan to’lar Tekstil.
(H. Olimjon)
Ohangdoshlik faqatgina misralar oxiridagi so‘zlardagina bo’lmay, ba’zan misra ichidagi so‘zlarda ham uchraydi. Bunday holat ichki qofiyani yuzaga keltiradi:
Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zimdin qon ravon qildi,
Nega holim yomon qildi, men andan bir so‘rorim bor.
(Bobur)
Ohangdoshlik misralardagi bir nechta so‘zlarda ro‘y bersa, unda qo‘sh qofiya vujudga keladi:
Qorli tog’lar turar boshida,
Gul vodiylar yashnar qoshida.
(H. Olimjon)
Radif qofiyaga yaqin vositadir. Radif qofiyadan so‘ng misralar yoki bandlar osha muttasil takrorlanib keladigan „o‘zgarmas so‘zlar“ yoki so‘zlar birikmasidir.
Jondin seni ko‘p sevarman, ey umri aziz!
Sondin seni ko‘p sevarman, ey umri aziz!
Har neniki sevmoq ondin ortiq bo’lmas,
Ondin seni ko‘p sevarman, ey umri aziz!
(Navoiy)
„Jondin, sondin, ondin” — bosh qofiya, „seni ko‘p sevarman, ey umri aziz!“ — radifdir. Radif — she’rning mazmunini ta’kidlovchi, unga kitobxon diqqatini qaratuvchi va shoir maqsadini uqtiruvchi ta’sirchan vositadir. Ushbu misolda ham radif Alisher Navoiyning insonga munosabatini yorqin ifodalaydi: inson eng umri aziz zotdir, eng ko‘p sevilishga, eng ko‘p e’zozlanishga arziydigan jondir. Shu sababdan-da, uning ijodi insoniylikni ulug’lash, insonga muhabbat qo‘yish, hayotni sevishdir.
She’rda ritmik misralar oxirini ko‘rsatishdek vazifani qofiya radifga yuklaydi. Natijada radif she’r musiqiyligiga, uning ta’sirchanligiga katta hissa qo‘shadi. Demak, radif bir vaqtning o‘zida she’rdagi g‘oyaning qudratini ochishga, uning musiqiy va ta’sirchan bo’lishiga xizmat qiladi.
Yuqoridagi fikrlardan, she’rda qofiya hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, degan xulosaga kelmaslik kerak. Chunki, qofiyasiz yozilgan (oq she’r) „Mirzo Ulug‘bek“ (M. Shayxzoda), „Bobomning falsafasi“ (U. Nosir) kabi mumtoz asarlarning borligi qofiyaning ritmga nisbatan ikkinchi darajali vosita ekanligini ham, qofiyaning o‘z o‘rni borligini ham isbotlaydi.
Qofiya mumtoz she’rshunosligimizda chuqur o‘rganilganligi sababli alohida fan („Ilmi qofiya“) yuzaga kelgan. „Ilmi qofiya“da qofiyaning tuzilish turlari, she’riy janrlarning qofiya xususiyatlari, qofiya xatolari, radif va qofiya, vazn va qofiya munosabatlari, qofiya san’ati muammolari chuqur tahlil qilingan. Uning yutuqlarini targ’ib va tahlil qiluvchi (XX asr o‘zbek adabiyoti nazariyasida) qator izlanishlar ham yuzaga keldi64.
Qofiyaning asosini harf tashkil etadi. XV asrda o‘tgan mashhur sharqshunos olim Vohid Tabriziy aytishicha, ham „qofiya o‘zakdagi bitta harfdir, ham arablar bu harfni raviy deb ataydilar... va she’r raviy harfisiz to‘g‘ri bo’lmaydi. Bu harfni shunday takrorlash kerakki, u har bir baytda muayyan bir o‘ringa qo‘yilgan bo’lsin. Raviy qilingan harf so‘zning o‘ziga tegishli bo’ladi, agar bu harf u so‘zdan olib tashlansa, so‘z o‘z ma’nosini yo‘qotadi“. Ana shu fikrni ta’kidlagan Ummat To‘ychiyev shunday asosli xulosa qiladi:
„Ko‘rinib turibdiki, raviyning beshta belgisi bor:
1. Raviy bir harfdan iborat bo’ladi.
2. So‘z negizi yo o‘zagidagina mavjuddir.
3. Takrorlanadi.
4. Baytdagi misralar oxirida ritmik jihatdan bir o‘rinda keladi.
5. Bu harf olib tashlansa, so‘z o‘z ma’nosini yo‘qotadi“ (Qarang: Adabiyot nazariyasi, II jild, 372- b.).
Ana shu qoidani to’liqroq anglash uchun „raviy“ so‘zining ma’nosini bilish zarur. U arabcha „rivo“ so‘zidan yasalgan bo’lib, yukni tuyaga bog’laydigan arg‘amchi (arqon) ma’nosini bildiradi. Tuyaning yuki yurganida sochilib ketmasligi uchun arg‘amchilar ish berganidek, qofiyaning barcha vositalarini o‘zaro bog’lab turuvchilik vazifasini raviy bajaradi:
Kel, ey soqiy, ketur paymona bizga,
Inoyatlar qilur jonona bizga.
(Xorazmiy)
misralaridagi qofiyalarda (paymona, jonona) „n“ tovushi raviy sanaladi.
Demak, raviy bir-biriga ohangdosh-qofiyadosh ikki so‘zdagi tayanch bitta harf (tovush)dir.
Sharq mumtoz she’riyatida qofiya harflari o‘n beshtadir. V. Tabriziyning ta’kidlashicha, qofiya harflari to‘qqiztadir: „harfi raviy“, „qayd harfi“, „noira“, „ridf“, „ta’sis“, „daxil“, „vasl“, “xuruj“, „mazid“. Bundan tashqari, qofiyalanuvchi so‘zlardagi qisqa unlilar— a, u, i arab tilida qofiyadagi o‘rniga ko‘ra oltita nom bilan ataladi: „ras“, „ish’bo“, „xazv“, „tavjix“, „majro“, „nafoz“.
Ana shu 15 ta harfning qofiyalanuvchi so‘zlarda qay tartibda joylashishiga qarab, qofiya turlari yuzaga keladi. Sharq poeziyasida qofiyaning asosan 25 ta turi mavjudligini qofiyashunos Bahrom Sirus ham, Ummat To‘ychiyev ham, Muyassar Akbarova ham ta’kidlaydilar va misollar bilan izohlaydilar65.
Hozir qofiyaning zulqofiyatayn, musallas qofiya, murabba’ qofiya singari navlariga bir nigoh tashlaylik.
Bayt misralarida ikki so‘zni ohangdosh qilib keltirish san’ati zulqofiyatayn deb yuritiladi. Agar ikki so‘z misra oxirida kelsa mutakarrin qofiya, ikki so‘z misraning ikki o‘rnida kelsa mahjub qofiya deb ataladi.
Shavqida ko‘ksumni shigof ayladi,
Jildig‘a ko‘nglumni g‘ilof ayladi.
(Navoiy)
Do'stlaringiz bilan baham: |