Ritmik pauza. „Pauza jahondagi hamma xalqlar va millatlarning she’r sistemalari uchun xos bo’lgan umumiy odatdir. Chunki ritmsiz she’r bo’lishi mumkin emas. Demak, pauzasiz ham she’r yo‘q. Buning sababi shundaki, nutq bo’laklarining muayyan o’lchovda takrorlanishigina ritmni yuzaga keltiradi, takrorlanish tartibli pauzalarsiz yuz bermaydi... Har bir tinish belgisidan so‘ng ham pauza bor. Bu oddiy pauzadir. Ammo misra, band, turoq, rukn oxiridagi pauza o‘zgachadir. Bu pauzani ham mazmun, kechinma, sintaksis-intonatsion tuzilish belgilaydi. U prozada yo‘q, chunki u o’lchangan, bir-biriga teng va parallel bo’lgan she’riy nutq hodisasidir. Shuning uchun uni ritmik pauza deb atash lozim“ (,,O‘zbek poeziyasida aruz sistemasi“, 236- bet).
Nega menga / qaraydi debsan,
Va qilibsan / boqishimga g‘ash.
Bilmasmiding / qalbimga o‘zing,
Solib qo‘ygan / eding-ku otash.
(Yusuf Rajab)
Bu to‘rtlik 4+5=9 bo‘g‘inli barmoqda yozilgan bo’lib, har bir turoqning oxirida ritmik pauza bor. Birinchi turoqdan (4) keyingi pauza — kichik, ikkinchi turoqdan (5) keyingi pauza — katta pauza (misraning oxiri bo’lgani sababli)dir.
Shuni unutmaslik lozimki, ritmik pauza — shakl bo’lishi bilan bir qatorda, u o‘zini mazmun bilan vobastalikda voqe qiladi. Ritmik pauzani she’rdagi mazmun belgilaydi. Chunki har bir so‘z, har bir holat muayyan ohang orqali aniqlanar ekan, ana shu ohangni yuzaga keltirishda ritmik pauza ish beradi.
Asablar, / asablar, / asablar,
Sababsiz / sochilgan / g‘azablar,
Gunohsiz / chekilgan / azoblar,
Ko‘z yoshlar ... / bariga / sabablar —
Asablar, / asablar, / asablar.
(E. Vohidov)
Ushbu parchadagi misralarning har birida uchta (2 ta kichik va bitta katta) ritmik pauza bor. She’rdagi „asablar“ so‘zining uch bora pauza bilan takrorlanishi — asabga diqqatni qaratadi va bu tuyg‘uning uyg‘onishi sababsiz g‘azablarga, gunohsiz azoblarga, ko‘z yoshlarga olib kelishi mumkinligini va shu sababli unga o‘ta ehtiyotkorlik, bosiqlik bilan yondashish lozimligiga chorlaydi. Lirik qahramon qalbidagi ana shu mazmun — ritmik pauza tarkibini, rivojini (birinchi misradagi tushunchani 2, 3, 4 misralarda bir pog‘ona balandga ko‘taradi va oxirgi misrada so‘nggi — xulosaviy ma’noni ta’kid etadi), yechimini — shunga mos ohangni ro‘yobga chiqaradi.
Turkum. Muayyan misraga kirgan va boshqa misralarda (she’r oxirigacha) ham takrorlanib, ritmni yuzaga keltirgan bo‘g‘inlar soniga asoslangan o’lchov turkumdir.
1 2 3 4 5 6 7 8 9
Men dunyoga kelgan kundanoq,
Vatanim deb seni uyg‘ondim.
Odam baxti birgina senda
Bo’luriga mukammal qondim.
(H. Olimjon)
1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11
Bir tutam sochlaring mening qo’limda,
G’ijimlab o‘paymi yo tarab yechay.
Sir deb saqlaganing mening qo‘ynimda,
Sir deb saqlayinmi yo yelga sochay.
(Cho’lpon)
H. Olimjonning she’ri „to‘qqizlik“, Cho’lponning she’ri „o‘n birlik“ turkumga kiradi. I. Sultonov ta’kidlaganidek, o‘zbek poeziyasida 13 xil turkum — beshlik turkumdan o‘n yettilik turkumgacha bor. Har bir turkum doirasidan bir necha vazn ro‘yobga kelishi mumkin. Masalan, „to‘qqizlik“ turkumdan 4+5 ; 5+4; 3+3+3; 6+3; 3+6 kabi vaznlar yaraladi. Ikkitasiga misol:
a) Sodda vazn (4+5=9)
O‘xshashi yo‘q / bu go‘zal bo‘ston, 9
Dostonlarda / bitgan guliston. 9
O‘zbekiston / deya atalur, 9
Uni sevib / el tilga olur. 9
(H. Olimjon)
b) Qo‘shma vazn (3+6 / 3+5)
Ozmuncha / janglar qilmadim men, 9
Ozmuncha / qonlar chekmadim. 8
Ozmuncha / tog’lar oshmadim men, 9
Ozmuncha / suvlar ichmadim. 8
(Shuhrat)
Do'stlaringiz bilan baham: |