Magistrlik dissertatsiyasining tuzilishi.Magistrlik dissertatsiyasi kirish, uch bob, olti fasl, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I BOB
XX asr O‘zbek adabiyotida ijtimoiy muammolarning badiiy- g‘oyaviy tahlili.
Badiiy asarning ijtimoiy tabiati xususida
Qadimdan adabiyot va tarix bir biri bilan uzviy aloqadorlikda namoyon bo‘ladi. Adabiy tarix sifatida bir - birini to‘ldirib, yaxlit hodisaga aylanadi. Tarixda bo‘layotgan voqealarning badiiy in‘ikosini tasvirlash adabiyotning vazifasidir. Jumladan, buyuk rus tanqidchisi V. Belinskiy “Tarixiy roman, tarixiy faktlar tugagan joyda boshlanadi”4 deb bejiz aytmagan. Darhaqiqat, tarixiy roman tarixiy faktlarga asoslanmaydi, lekin bu faktlarga asoslanmasligi bilan tarixiy faktlarni buzib ko‘rsatishga ham huquqi yo‘q. Badiiy adabiyot inson hayotiga, eng avvalo bizga, tarixizimizdan xoh yaqin o‘tmishimiz, xoh ming yillik uzoq tariximiz bo‘lsin doimo tarixdan, tarixiy voqelardan so‘zlaydi, o‘tmish voqelaridan xabar beradi.
Tarixda yashab o‘tgan allomalarning fikriga ko‘ra “biror bir davr haqida yaxlit taassurotga ega bo‘lish uchun adabiyotni, adabiyot tarixini bilish, tarixda yaratilgan badiiy asar namunalarini ko‘p va xo‘p mutolaa qilish talab etiladi. Har bir yaratilgan roman, qissa, hikoya hatto nazm ham o‘z davrining ruhiy, ijtimoiy holatlarini namoyon qiladi. Aniqroq qilib aytganda, muayyan badiiy asar o‘z davrining mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi. Har bir davr adabiyotida yaratilgan asarlar haqida gap ketganda o‘sha davrning ijtimoiy holatlarini nazardan chetda qoldirmaslik kerak. Biz tahlilga tormoqchi bo‘lgan har qanday badiiy asar o‘z davrining badiiy ko‘zgusi sifatida davring bir qator masalalarini o‘zida aks ettirgan bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan har qanday tur va janrlar tarkibiga kiruvchi badiiy asar namunalari ijtimoiylik xarakteriga ega bo‘ladi.
Adabiyot va san‘atga ijtimoiy hodisa sifatida qarash juda uzoq tarixga ega. Xususan Platonning “Davlat” nomli asariyoq yuqoridagi fikrimizga dalil bo‘la oladi. Chunki olim yashagan davrda Yunoniston va Afinaning ijtimoiy- siyosiy, madaniy va xalqaro hayotidagi munosabatlarda g‘oyatda murakkab. Mafkuraviy- siyosiy hamda tabaqaviy kurashlar avj olgandi. Bu hol faylasuf qarashiga kuchli ta‘sir etgan va o‘zining “Davlat” nomli asarida o‘z davrining qarama qarshiliklarini, ziddiyatlarini aks ettirgan. Yoki adabiyotning ilk namunalari hisoblangan (mif)larni, afsonalarda,"Avеsto"dagi rivoyatlar yoxud qadim yunon yoki misr afsonalarida ham tabiatni, insonning paydo bo‘lishi, uning o‘limi sirlari va sh.k.muammolarni bilishga intilishgan. Chunki badiiy ijodga turtki beradigan eng muhim omillardan biri bilish ehtiyojidir. “Chunki ijodkorni jamiyatning mavjud holati yoki rivojlanish tamoyillarini bilish (ko‘proq romanlarda), boshqa birovini o‘zni anglash orqali Haqni tanish (tasavvuf shе'riyati), tag`in birini qalbidagi kеchinmalarini (ya'ni, o‘zini) anglash va shunga o‘xshash umumiy nomi BILISH ataluvchi ehtiyoj ijodga undaydi”.5Yanayam aniqroq qilib aytganda ijodkor anchadan bеri yеcholmay kеlayotgan, o‘zi anglashga intilayotgan masalaning yеchimini tabiat manzarasida, hayotdagi biron bir holatda,hodisa va shu kabilarda ko‘rishi mumkin.Masalan, A.Qahhor mustabid tuzum sharoitidagi ijodkor qismatini"O‘g`ri"da ko‘rgan bo‘lsa, ayni shu holatni Oybеk "Na'matak"da aks ettirgan.Mazkur asarlarning yaratilishiga ijodkorlarning ijtimoiy xaraktеrga ega BILISH ehtiyoji sabab bo‘lgan.
XX asrga kelib adabiyotning ijtimoiylashuvi anchayin shiddatli tus oldi. Buni faqatgina sho‘rolarning adabiyotni o‘z izmiga bo‘ysundirishi bilan, ya‘ni adabiyotni sotsialistik g‘oyani kuylashga, targ‘ibu – tashviq etishga majbur qilgani bilangina bog‘lab bo‘lmaydi. Buning yana bir sababi XX asr arafasidayoq mamlakaning siyosiy- ijtimoiy hayot tarzida o‘zgarishlar sodir bo‘lgani bilan ham belgilanadi. Bu davrda chor Russiyasining yurtimzni bosib olishi bilan bog‘liq o‘zga hayot tarsi kirib kela boshlagan edi. Ayni paytda dunyo ma’rifatparvarlik harakatining bir qismi bo‘lmish jadidchilik g‘oyalarining yoyilishi edi.
XX asr o‘zbek adabiyotining eng muhim bosqichi sanalgan jadid adabiyoti vakillari qatag`on davrida insonlarning qadrsizlangani, butun boshli jamiyatning totalitar tuzum oldidagi ojizligi-yu kishilarning o‘zgalar fojiasiga tomoshabin bo‘lib turgani haqida o‘ylagan va azob chеkkan. O‘zbek jadid adabiyotining mustamlakachilikka qarshi kurash tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan siyosiy – ijtimoiy g‘oyalar asosiga qurilgani ham ilmiy- adabiy jamoatchilikka ma‘lum. Jumladan, Cho‘lponning :
Tirikan, o‘lmagaysan,
Sen-da odam, sen-da insonsan,
Kishan kiyma,
Bo‘yin egma,
Ki sen ham hur tug‘ulg‘onsan6
Yoki:
Haqorat dilni og‘ritmas
Tubalik mangu ketmasmi?
Kishanlar parchalanmasmi?
Qilichlar endi sinmasmi7
kabi satrlari to‘laligicha ijtimoiy mohiyat kasb etib, unda istiqlol, kurashchanlik, millatparvarlik xususiyatlari in’ikos etgan
Chindan ham XX asr milliy so‘z san‘atning ko‘plab vakillari, xususan, jadid adabiyoti namoyondalari – adiblar, shoir-u yozuvchilar, dramaturglarning muhabbat tuyg‘ulari, aslida ijtimoiy, hatto siyosiy mohiyat kasb etgan edi. Ularning muhabbat tuyg‘ulari ham Vatan ishqi va yurt savgisi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Bu davrda o‘zga hayot tarzining kirib kelishi, yangicha ijtimoiy munosabatlarning qaror topishi inson fitratida ijtimoiylikning kuchayishi va shuning natijasi o‘laroq lirikaning ijtimoiylashuviga olib kelgan. Albatta, adabiyot va san‘atdagi ijtimoiylashuvning muhim omillaridan biri, tashqi ta‘sir natijasi bilan ham belgilanadi. Adabiyotimiz tarixida milliy uyg‘onishning ma‘rifatparvarlik bosqichi aynan mana shu tashqi ta‘sir bilan bog‘liq. Bu badiiy taffakkur rivojida tub burlishlar yasamasa-da, tub burilishlar yasash bosqichiga tayyorgarlikda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Turkiston Chorizmning mustamlakasiga aylanganda avvalo siyosiy, iqtisodiy, mafkuraviy, maishiy masalalar o‘rtaga chiqqan edi. Jumladan, siyosiy- iqtisodiy maqsadda qurilgan temir yo‘lni, masalan, namanganlik shoir Ibrat katta umid va quvonch bilan qarshi oladi.
Namangan ahliga xo‘b bo‘ldi, bir yaxshi zamon keldi,
Murodoti xaloyiq uzra bir jonu jahon keldi,
Dema jonu jahon, ovqat uchun bu xalqqa don keldi,
Dema don, balki bunlarga maishat uzra non keldi
Ajib bir foizi arzoqi insoniy vagon keldi.
Bu haqda adabiyotshunos olimlar Begali Qosimov va Ulug‘bek Dolimov shunday yozgan edi: “Ibrat madaniy – iqtisodiy hayotda muhim ro‘l o‘ynagan, o‘sha davr uchun nisbatan yangi hodisa bo‘lgan temir yo‘lni samimiyat bilan qarshi oldi va bu voqeaga xalq manfaati nuqtai nazaridan turib fikr yuritdi.8”
Adabiyotning ijtimoiy xususiyatlarini nazarda tutgan turk adibi Ilhan Tarus san’atdagi realizm haqida to‘xtalganda, u o‘z adabiy estetk qarashlarini quyidagicha bayon etgan edi: “Men butunlay ijtimoiy tashvishlarni yozaman… San‘at tashvishi sifatida boshqa hech narsani qabul qilmayman. Aks holda, adabiyot va san‘atning jamiyatdagi vazifasi yo‘qoladi; adabiyot shunchaki zavq olish va ko‘ngil ochish darajasiga tushib qoladi9.
Darhaqiqat, har qanday davrga xos ijtimoiy voqealar yozuvchi yashagan davr uchun muhim bo‘lishi va agar ijodkor mazkur voqealarni chetlab o‘tadigan bo‘lsa asarlari hayotiy zamindan uzilib qolishi mumkin.
Adabiyotning ijtimoiy tabiati haqida gap ketganda uning tasvirlash ob‘ekti haqida ham to‘xtalish lozim bo‘ladi. Adabiyotshunoslikka oid asarlarda, darsliklarda "badiiy adabiyotning prеdmеti — inson" dеb ko‘rsatiladi. Ammo inson jamiyat, tabiat, borliq bilan uzviy aloqadorlikda kashf etiladi. Chunki insonni bularsiz alohida holatda tasavvur qilib bo‘lmaydi, chunki inson tabiatan ijtimoiy hodisadir. Demak, yuqoridagi qarashlar adabiyotning ijtimoiy tabiati ekanligini dalillamoqda.
Yuqoridagi fikrlardan ma‘lum bo‘ladiki, badiiy adabiyotda ijtimoiy g‘oyalar yozuvchi istak –xohishlariga bo‘ysunmagan holda aks etadi. Chindan ham Abdulla Qodiriy romanlaridagi, Cho‘lpon she’riyatidagi, Abdulla Qahhor hikoyalaridagi badiiy hissiyot, aslida jamiyat hissiyoti, yozuvchi dardi esa xalq dardi edi. Umuman, XX asr o‘zbek adabiyoti, lirikasi tarixiga nazar tashlansa, bu davr she‘riyati ham boshqa davr she‘riyati kabi o‘z davrining ijtimoiy muammolarini o‘z ruhiyatiga singdira oldi. Davrning bir qator muammolari lirika markaziga ko‘chdi.
Masalan, taniqli o‘zbek shoiri Erkin Vohidov lirikasi namunalarida davr maummolariga murosasizlik bilan qarash tuyg‘ularinini kuzatish mumkin. U barcha iste‘dodlar, o‘zbekning mard o‘g‘lonlari qatorida dehqon mehnatini balandparvoz misralarda madh etuvchi davrlar o‘tganligini yolg‘on madhu sanolar bilan uning qalbidagi fojialarni yashirib bo‘lmasligini tushunib yetadi. Masalan shoirning “Bizlar ishlayapmiz” she‘rida “temirga so‘zlashdan ko‘ra” ertadan kechgacha yer chopishni afzal ko‘rgan oddiy dehqon tabiatiga mos qirralarni chizadi. She‘r markazidagi dehqon quruq maqtovlarni, balandparvoz, jimjimador so‘zlarni yoqtirmaydi.
Bizning ishimizni
“sahovat” deding.
“Dala polvonlari” atading bizni,
Buncha balandparvoz so‘zlamas eding
Bilsayding ko‘nglimiz,
Odatimizni.
Bizga to‘g‘ri kelmas
“chavandoz” so‘zi,
“Jonbozlar” deganing erishroq bir oz,
“Zafar marrasini quchmoq” ne o‘zi?
Bizlar ishlayapmiz,
Bu mehnat xolos10
Yuqoridagi she‘rdan ma‘lum bo‘lyaptiki, shoir oddiy so‘z va so‘z birikmalari orqali hayotning jonli parchasidan olinga haqiqat bor, bu davr haqiqati. “Bizlar ishlayapmiz” she’rining qahramoniga soxta shon –shuhrat , maqtov kerak emas, samimiy nigoh, pokiza lutf kerak. Undan komillik, ma‘naviy- ruhiy ildizlar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun o‘zgalarning ham ana shunday bo‘lishini istaydi.
1990-yillar boshida o‘z ijodida davr ijtimoiy – ma’naviy voqelarini, xalq iztiroblarini o‘z she‘rlarida ifoda etgan shoir Mirzo Kenjabek she’riyatini ham kuzataylik:
M. Kenjabek “O‘tmish manzarasi” g‘azalida o‘z xalqining iztiroblar qo‘zg‘atuvchi kunlariga nazar tashlagan qahramon kechinmalarini shunday ifodalagan edi:
Bu kun turkiy bo‘shliqdan hijolat haddan oshgandir,
Tepamda chun zulum- g‘orat, haqorat haddan oshgandir.
Adolat ingragay, unsiz boshimda rejali qirg‘in,
Razolat, fitnayu tuhmat asorat haddan oshgandir.
Qatlga yozma buyrug‘ yo‘q, muayyan yuz, aniq zot yo‘q,
Bu elni qir, deya zimdan ishorat haddan oshgandir11
Xalqqa otilayotgan malomat toshlari, eng avvalo, shoir “men” ko‘ksiga tegadi. Endi undagi sabr kosasi to‘lgan, shuning uchun ham u “Chidab, xalqim, jasur bo‘lgin, Ko‘tar boshingni, tarixda Asorat haddan oshganda jasorat haddan oshgandir”12 degan fikrni dadillik bilan ayatadi. Shoirning adolatsizlikka qarshi ko‘tarayotgan isyoni asrimizning dastlabki o‘n yilliklarida yaratilgan she‘rlarning qahramoni ruhiga, ularning zulmga qarshi boshlagan harakatlariga hamohang keladi. Zotan, yuqorida ham qayd etganimizdek,Firat, Cho‘lon, Mirmuxsin- Fikriyning milliy istiqlol tuyg‘ulari bilan to‘yingan qahramonlarining qonuniy vorisi sifatida 80-yillar ijtimoiy-siyosiy hayotidagi voqelarga o‘z munosabatini bildirgan. Ma‘lum ma’noda 80-yillarda ijod qilgan shoirlar Cho‘lpondan, Fitratdan ruh olib millatning or nomusi, sha’ni uchun kurashganlar. Masalan, Jamol Kamolning :
Mazallat Shomi bitmasmi,
Adolat tongi otmasmi?
Niqoblar yirtilib bir kun
G‘animlar loyga botmasmi?
Ko‘ngil, sen- lahcha otashsan,
Saharlab chekkaning bir oh,
Bo‘g‘ov bandlarni uzmasmi,
Kishanlarni ushatmasmi13
she’ri Cho‘lponning “Kishanlar parchalanmasmi” she’ri bilan fikriy bir xillik kasb etadi.
Fitrat, Avloniy, Hamza kabi jadid davri adabiyoti vakillari she‘rlaridagi milliy uyg‘onish tuyg‘ulari an‘ana sifatida 80-yillar lirikasida ham aks etgan va 1980-yillar she’riyati ham ijtimoiylik mohiyatidan taraqqiy etmagan.
Tarix-saboq. Uning sahifalaridagi qonli yozuvlardan ta‘sirlanmagan, uyg‘onmagan xalq o‘z kelajagini yondiradi. Kelajakdan ayro tushgan xalqda ma‘naviyati o‘ladi.
Adabiyotshunos olim Umarali Normatov adabiyot qaysi davr ob- havosidan nafas olsa, o‘sha davrning yetakchi tomonlarii badiiy ifodalashni maqsad qilib olajagi haqida to‘xtalib, quyidagicha yozadi: “ badiiy haqiqatning yuzga kelishi sirli, murakkab, o‘ta individual ijodiy jarayon bo‘lsada, realistik adabiyotning boy tarixiga, hozirgi adabiy tajribaga tayangan holda uning yetakchi xususiyatlari, talablari haqida gapirish mumkin.Hayot haqiqatini dialektik tarzda butun murakkabligi, ziddiyatlari bilan chuqur idroq etish, hodisalarning tub mohiyati , ildizi sari kirib borish, sotsial analiz, yorin badiiy tiplar yaratish har doim bo‘lganidek, bugungi kunda ham realistik ijodning bosh talaba bo‘lib qolaveradi14.
Ustozning yuqoridagi fikrlaridan ma‘lum bo‘ladiki,realistik ijodning bosh talabi hayot haqiqatini badiiy haqiqatda qanday va qay tarzda aylantirishdan iborat.
Har qanday millat yozuvchini u yashagan davrning og‘riqli masalalari chetlab o‘tmaydi. Ular bugun ko‘chilikning nazaridan chetda turgan, lekin ertaga hammani tashvishga solishi mumkin bo‘lgan hayot muammolariga “badiiy mikroskop” orqali qarashni lozim topadi. Davr yozuvchisi uchun go‘dak iztiroblaridan tortib, zimdan qirg‘in qilinayotgan xalq faryodlari teng qudratga ega, U har bir narsaga faol munosabatini bildirib, asarlarini pragmatik xususiyatlariga jilo beradi va uning badiiy – ijtimoiy kuchini yuksaltiradi.
Nima uchun Istiqlol yillari arafasida “Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Jamol Kamol, Usmon Azimov, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf va yana bir qancha o‘zbekning og‘riqli dardlarini satrlarga joylagan ijodkorlarning she‘rlari mashhur bo‘ldi, xalq tomonidan sevilib o‘qildi. Chunki ular yaratgan she‘rlarida ijtimoiy ma‘naviy hayotda yuz berayotgan bir qator voqealar jonli va ishonarli qilib tasvirlandi. Bu yillarda yurtimiz hayotida qator tarixiy voqelar yuz berdiki, bu voqealar nafaqat iqtisodiy –siyosiy zilzilalarni, balki ma‘naviy tanazzul darzlarini ham kattaytira boshladi, bunga esa adabiyotning befarq bo‘lib turishi mumkin emasdi. Publitistika va she‘riyat oldingi saflarda turib davr maummolari haqida bong urdi.
Ijodkor yashagan davridagi voqealar, kundalik turmushdaduch kеlgan hodisalar, odamlar uning ongida, aql-idrokida qayta sintezlashadi, o‘zi ko‘rgan idrok etgan narsalarni yozmasa bo‘lmaydiganholatga kеltirib, qo‘liga qalam olishga majbur qiladi. Aynan shujihatdan ham adabiyot ijtimoiy hodisadir.
Adabiyotshunos olim Dilmurod Qurunovning ta’kidlashicha ayni paytda ijodkorning dunyoga munosabati jihatidan, o‘sha dunyo tufayli paydo bo‘lgan hissiyotlar, fikrlar nuqtayi nazaridan tom ma’noda shaxsiy hodisadir ham15. Yana bir adabiyotshunos olim Ulug‘bek Hamdamov she‘rning ijtimoiylashuvi haqidagapirar ekan, “Cho‘lpon she‘rlarini ijtimoiy, R. Parfi she‘rlarini ruhiy deb ataydi”16
Demak, ustozlarimiz fikrlaridan ma’lum bo‘ladiki, badiiy asarda ijtimoiylik, shaxsiylik (ruhiy jarayon) parallel tarzda zuhr topadi, “ faqat bu o‘rinda ijtimoiylik va shaxsiylik nisbati har bir konkrеt asarda turlicha bo‘lishini, turlicha zuhur qilishini e'tiborda tutish lozim bo‘ladi. Dеylik, ijtimoiylik darajasi epik va lirik asarlarda jiddiy farqlanadi, ba'zan lirik asarda ijtimoiylikdan asar ham yo‘qday ko‘rinadi. Ayrimlar, xususan, "sof san'at" tarafdorlari ayni shu holni mutlaqlashtirmoqchi bo‘ladilar, shе'riyat faqat ko‘ngil ishi bo‘lishi kеrak dеgan gaplar eshitiladi17. Aslida esa insonning ko‘nglidagi tuyg`ulari uning istirob va quvonch uyg‘unligi nuqtai nazaridan ham ijtimoiydir.
Misol tariqasida Rauf Parfining quyidagi she‘rini keltirmoqchimiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |