Abul Mu’in An – Nasafiy ziyoratgohi.
Viloyatimiz markazidan 17 kilometr janubi-gʻarbda Qovchin qishlogʻi joylashgan. Ana shu qishloqda Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohi bor. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yil 24-25 fevral kunlari viloyatimizga qilgan tashrifi davomida bu joyni kengaytirib, katta ziyoratgohga aylantirish va u yerda katta kutubxona tashkil qilish haqida koʻrsatma berdilar.
Abul Muʼin an-Nasafiy kalom ilmining buyuk namoyandalaridan biri boʻlib, u Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya taʼlimotining dunyoda keng miqyosda tarqalishida muhim rol oʻynagan alloma hisoblanadi. Tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov rahbarligida nashr qilingan “Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti” nomli kitobda shunday deyiladi:
“U (Abul Muʼin an-Nasafiy)ning “an-Nasafiy” nisbasi bilan atalishi xususida esa barcha tarixnavislar yakdillik bilan bir xil yozganlar. Shu bilan birga, baʼzi manbalarda an-Nasafiyning bir qancha muddat Samarqandda yashaganligi va soʻngra uzoq yillar Buxoroda muqim istiqomat qilganligi haqida ham xabarlar keltirilgan…”
Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohida Xitoy ipak qogʻoziga bitilgan Qurʼoni karim qoʻlyozmasi mavjud. Bu muqaddas kitobning boʻyi 60, eni 41 santimetrni tashkil qiladi. Mazkur Qurʼon uchun usta Zarif degan kishi tomonidan balandligi 1 metru 60 santimetrlik lavh yasalgan. Lavhda hijriy yil hisobi bilan 1266 (milodiy yil boʻyicha 1851) sanasi yozib qoldirilgan. 12 qatordan iborat forsiy sheʼr lavhga oʻyib bitilgan. Sheʼrning mazmuni quyidagicha:
“Ey bandani yaxshi koʻruvchi va bandaning doʻsti, unutishdan qochib, senga umid qoʻlini choʻzaman. Bu jahonda magʻizdan poʻstgacha sen oʻzingsan. Bundan boshqasini sendan soʻrashga xohish-istagim yoʻq. Sening koʻmaging menga rahnamo boʻlsin. Mening joyim har doim senda boʻlsin. Ey uzr istab kelganlarning uzrini qabul qiluvchi, sening magʻfirating koʻp gunohkorlar uchun shafoatdir. Sening noming zikri bilan mening jonim chiqsin. Bu yoʻlni koʻrsatuvchi mendan pinhondir…”
Ziyoratgoh atrofida katta qabriston bor. Ziyoratgoh bilan qabristonni qoʻshib hisoblaganda, hudud 50 gektardan koʻproq maydonni egallaydi. Qabristonda 100 dan ortiq har xil marmar toshlarga bitilgan yodgorliklar bor. Yodgorliklarga qaraganda, qadimiy Ibsan qishlogʻidan chiqqan olimlar ham shu yerda dafn qilingan.
VIII-XII asrda yashagan olimlar haqida maʼlumot bergan as-Samʼoniy (1113-1167) oʻzining “Al-Ansob” (Nasabnoma) asarida: “Ibsan – Nasafdan bir farsax uzoqlikdagi qishloq. Abu Yaʼqub Yusuf ibn Abu Bakr al-Ibsaniy shu qishloqdan. Bu kishi shayx, qori, chiroyli siyratli va koʻp ibodat qiluvchilardan edilar. Abu Bakr Muhammad al-Baladiydan taʼlim olganlar. Nasafda boʻlganimda Al-Azraqiyning “Axboru Makka” kitobini shu kishidan oʻqiganman. Hijriy 478 (milodiy 1086) yilning safar oyida tugʻilib, hijriy 552 (milodiy 1158) yilning safar oyida vafot etganlar”, deb yozadi.
Bu kabi yana koʻplab maʼlumotlar hali oʻrganishga, tadqiq qilishga arziydigan va shuni kutib yotgan manbalar, oʻtmish sirlari bisyorligidan darak beradi. Ayniqsa, mazkur ziyoratgoh hududi oʻzida katta bir tarixni asrab turibdi. Shukurki, vatanimiz mustaqillikka erishganidan keyin yurtimizdagi shunday ziyoratgoh va qadamjolarga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgarib, ular koʻrkam va obod joylarga aylantirildi. Endi Prezidentimiz koʻrsatmasiga binoan Abul Muʼin an-Nasafiy ziyoratgohi yangidan chiroy ochishi ajdodlarga boʻlgan yuksak ehtiromni bildirsa, bu yerda tashkil qilinadigan kutubxona bor.
Nasafiy o‘zining samarali ijodi davomida kalom ilmiga oid o‘ndan ortiq asarlar yozib qoldirgan. “Tabsirat al-adilla”, “Kitob at-tamhid li qavoid at-tavhid”, “Bahr al-kalom”, “Manohij al-aimma fil-furu’”, “Izoh al-Manhaj li kavn al-aql hujjatan”, “Qasid al-qavoid fi ilm al-aqoid”, “al-Ifsod li xad’ al-ilhod” hamda “al-Umda fi usul al-fiqh” asarlari ana shular jumlasidandir. Bizning davrimizgacha ulardan faqat uchtasi, ya’ni “Tabsirat al-adilla”, “Kitob at-tamhid li qavoid at-tavhid” va “Bahr al-kalom” nomli asarlari yetib kelgan hamda nashr etilgan. Mazkur asarlar orasida “Tabsirat al-adilla” allomaning eng katta ijod mahsulidir.
Endi Abu Muin Nasafiyning moturidiya ta’limoti rivojiga qo‘shgan hissasi xususida dalillarga tayangan holda so‘z yuritsak. Chunki ulug‘ ajdodimizning aynan shu xizmati uning ulug‘vor mavqeini belgilab bergan. Hammasi Abu Muin umrining so‘nggi yillarida yozib tugatgan “Tabsirat al-adilla” asari bilan bog‘liqdir. Chunki Nasafiy o‘zining ustozi Abu Mansur Moturidiyning ta’limotiga bo‘lgan munosabatning ijtimoiy-siyosiy va mafkuraviy omillar ta’sirida susayib borayotgani sababli uning “Kitob at-tavhid” asariga sharh sifatida “Tabsirat al-adilla fi usul ad-din ala tariqati Abu Mansur al-Moturidiy” (“Moturidiya ta’limotining din asoslarida haqligiga aniq dalillar”) nomli asarini yozgan.
Olimning “Tabsirat al-adilla” asarini ko‘zdan kechirsak, dastlabki sahifalardagi mavzularda Nasafiy, asosan, mu’taziliy va boshqa adashgan firqalarga qarshi raddiyalar bildiradi.
Abu Muin Nasafiy shonli tariximizda ikkita ulkan xizmati bilan doim bizning qalbimizda yashaydi. Birinchidan, uning moturidiya ta’limotining diyorimizda saqlanib qolishidagi eng katta xizmati bo‘lsa, ikkinchi jihatdan, o‘sha davrda diyorimizda turli buzg‘unchi oqimlarning rivojiga katta qarshilik ko‘rsatganligi tufaylidir.
Yuqoridagi misollardan xulosa qilib aytish mumkinki, Abu Muin Nasafiy moturidiya ta’limoti vakillarining eng yorqin vakili bo‘lgan. Shuning uchun ham ulug‘ ajdodimizning “Tabsirat al-adilla” asari bilan tanishib chiqqan arab sharqshunoslari uni “Moturidiya ta’limotining interpritatori (yoritib, asoslab beruvchi)” deb o‘zlarining iliq fikrlarini bildirganlar.
Abu Muin Nasafiyning ilmiy merosi bugungi kunda ham beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni chin insoniy fazilatlar sohibi etib tarbiyalash, ular qalbida Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.
15
XULOSA
Sevimli diyorimiz qadimiy Nasaf, ya’ni bugungi Qashqadaryo vohasi hamda uning markazi Qarshi shahri ahli mustaqillik yo‘lidan dadil kadamlar ila, shitob bilan yurib bormokda. Barcha sohalarda tarixiy yutuqlarni qo‘lga kiritishga intilmoqda. Shu bilan birga xalqimiz uchun ulug‘ ne’mat bo‘lgan mustakillik har birimizning qalbimizdan idrok etilmog‘i, qadrlanmog‘i, uning bizga berayotgan imkoniyatlaridan foydalanmog‘imiz va albatta u yanada mustahkamlanmog‘i lozim. Mustaqillik bugungi pedagogika fani namoyandalari, ziyolilari oldiga ham katta va mas’uliyatli ilmiy-amaliy vazifalar qo‘ymokda. Vazifa uzoq mustamlakachilik tufayli o‘z tarixidan, milliy qadriyatlaridan, o‘zligidan yiroklashtirilgan o‘zbek xalkining o‘zligini anglatish, uning qanday buyuk daholar avlodi ekanini his ettirish, millatimiz qalbida o‘zbeklik g‘ururini uyg‘otish hamda ana shular orqali o‘zining buyuk kelajagini barpo etishga kuch-kudrat va ko‘tarinki ruh bag‘ishlashdir.
Uzoq o‘tmishdayoq Nasafning ilg‘or mutafakkirlari olib borgan tadqiqotlar, ularning amalga oshirgan kashfiyotlari jahon, umuminsoniyat fani va madaniyatining oltin xazinasidan o‘rin olgan. Bilimlar xazinasini ochgan buyuk ajdodlarimizning nomlari butun dunyoga mashhur. Buyuk ajdodlarimiz ishlarini davom ettirib, yangi, hali kam o‘rganilgan dolzarb muammolarni tadqiq kilib, yurtimizning rivojlanishiga e’tiborli hissa qo‘shish bugungi ziyolilar zimmasidagi muhim yumushlardan. Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalarida ilm-fanning hamma sohalarida buyuk ajdodlarimiz qoldirgan mo‘tabar ma’naviy ne’matlar va ilmiy qadriyatlarni tadqiq qilib, xalqimizning bugungi avlodlariga yetkazib berishi da’vati mujassam.
Demak, milliy qadriyatlarmizni, o‘zligimizni anglatadigan, milliy g‘urur uyg‘otadigan buyuk tariximiz sir-asrorlarini to‘liq va aniq bayon etadigan darslik va qo‘llanmalar yaratmog‘imiz zarur. Buni mustaqilligimiz, uni mustahkamlash vazifalari, O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» talablari taqozo etmoqda. Ana shu zaruriyatdan kelib chiqib, «Nasafiylarning pedagogik qarashlari» fani tarkibi va mantiqida Nasaf allomalarining qarashlarini tarkib toptirish dolzarb vazifa bo‘lib qolayotir. Shunday olijanob vazifaning bajarilishiga baholi qudrat hissa qo‘shish maqsadida mazkur o‘quv qo‘llanmasi taqdim etildi.
Ushbu o‘quv qo‘llanmasini yaratishda mantiqiylik va tarixiylik, zamonaviylik, uzoq va yaqin moziydagi pedagogik g‘oyalarning bugungi yuksak sivilizatsiya davri bilan bog‘liq jihatlarini bayon etishga e’tiborni qaratdik.
Albatta, har qanday yangi ish ma’lum kamchilik, nuqsonlardan xoli emasligi ma’lum. Shuning uchun kitobda yo‘l qo‘yilgan, muhtaram o‘quvchilarimiz, hamkasblarimiz ilg‘agan kamchiliklar ishimizning bundan buyon yanada takomillashuviga yordam qiladi degan umiddamiz. Agar ushbu qo‘llanma xalqimiz ma’naviy tafakkurini shakllantirishga, uzoq va yaqin tariximizdagi alloma ajdodlarimiz ma’naviy qarashlarini namoyon etib milliy o‘zligimizni anglashga, milliy g‘urur va buyuk kelajagimizga komil ishonch tuyg‘ularini uygotishga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shsa, muallif o‘zini baxtli hisoblaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |