1.2.“Hibat-ul haqoyiq”ning muqaddimaviy boblarida she’riy san’atlar
Dostondagi hamma she’rlar mutoqoribi musammani maqsur (fauvlun, fauvlun, fauvlun, faul) yoki mutaqoribi musamani mahzuf (fauvlun, fauvlun, fauvlun, fauvl) formasiga mos keladi. “Hibat ul-haqoyiq”ning muqaddima boblari g‘azal tarzida qofiyalangan bo‘lib, boblar xalq qo‘shiqlariga xos “a-a-b-a” to‘rtlik tarzida qofiyalangan. Biroq ayrim o‘rinlarda to‘rtlik qofiyasi buziladi. Lekin bunday holatlarni asar yozilgan davrdagi adabiy talablar va o‘tgan uzoq davr mobaynida asar matnini ko‘chirishlar jarayonlar bilan bog‘lab izohlash mumkin. Yuqorida aytib o‘tganimizdek asarning dastlabki 4 bobini muqaddimaviy boblar tashkil etadi.Muqaddimaviy boblardagi baytlarda uchraydigan she’riy san’atlarni birma-bir tahlil qilamiz:
Sening borlig‘ining tanug‘lug‘ berur,
Jumat janvar uchqan yugurgan nenga.
(Jonli-jonsiz,uchgan,yugurgan borliq
Sening borligingga guvohlik bergan)
Ushbu baytga e’tibor beradigan bo‘lsak , jonli-jonsiz so‘zlari tazod san’atini vujudga keltirgan. Bundan tashqari jonli,jonsiz,uchgan,yugurgan kabi so‘zlar esa uyushib kelganligi sababli ta’did san’ati yuzaga kelgan.
Sening borlig‘ingga dalil arqag‘an ,
Bilur bir neng ichra dalillar minga.
(Bir narsa ichinda minglab dalil bor,
Sening borlig‘ingni har vaqt dalillar)
Baytda biz qaytarish san’atini ko‘rishimiz mumkin, ya’ni radd ul –hashv ilal hashv, birinchi misraning hashv qismda qo‘llangan dalil so‘zi, keyingi misrada takrorlanib kelgan.
Tunatur tuningni kunun ketarib,
Tuning ketarib baz yarutur tanga.
(Tuningni kunduzga o‘zgartirar Tangri,
Kunga tunni,tunga ulaydi tongni)
Oluktin tirik ham tiriktin oluq,
Chiqarur qorar-sen muni kez anga.
(Tirikdan o‘lik,o‘likdan tirik yaratadi
Buni yaxshi angla,ko‘rasan)
Ko‘rinib turganidek ushbu baytlarda tun-kun,tirik-o‘lik so‘zlari orqali tazod san’ati qo‘llanilgan. Yuqoridagi baytlarda Olloh madhi keltirilgan bo‘lsa ,keyingi o‘rinda payg‘ambarimiz Muhammad(s.a.v) vasflari,ya’ni nat qismni ko‘rib chiqamiz:
Ol ol xalqda yig‘i kishi qutlig‘i,
Turatmishda yo‘q bil anga tush tenga.
(El aro yaxshilarning yaxshisidur,
Payg‘ambarlar ichra ham naqshi shudir)
Bu kun teksu mentin dorud ol yarin,
Elik tuttachimg‘a egirsa munga.
(Nasib etsa Tangrining inoyati,
Qiyomat kun toledur shafoati)
Yuqoridagi baytlarda talmeh san’atini uchratamiz. Ikkinchi baytda qiyomat kuniga, shuningdek payg‘ambarimiz shafoatlariga ishora mavjud.Shu o‘rinda talmeh san’atini yuzaga keltirgan so‘zlarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Chunki ushbu kichik tadqiqotimizdan foydalanmoqchi bo‘lganlar uchun so‘zlarning nimaga yoki qanday voqeaga ishora qilayotganini aniq ko‘rsatib o‘tishni joiz deb bildik. Qiyomat – insonning umri davomida qilgan ishlari hisob-kitob qilinadigan, gunoh va savob ishlari tarozida o‘lchadigan kun ekanligini barchamiz bilamiz. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning shafoat qilish mo‘jizalari hammaga ham birdek ma’lum emas.Qiyomat kuni Payg‘ambarimizga shafoat qilish huquqi,ya’ni bandalarining gunohlar himoyachisi bo‘lish huquqi berilgan bo‘lib, bu voqea haqida bir hadisni keltiramiz:
Hazrati oysha onamiz (raziyаllohu anho) rivoyаt qilishlaricha bir hadisi sharifda bunday dеyilgan: bir kеcha ul Zotni (yа’ni sallallohu alayhi vassalamning) nomzodda topdim. Rasululloh ruku’ qilgan vaqtlarida: Yo Rabbiy! Ummatiy, ummatiy” – dеganlarini eshitdim. Kеyin sajdaga bordilar, sajdagohlarida ham: Yo Rabbiy! “Ummatiy, ummatiy” dеdilar. Va nomzodlaridan chiqqanlaridan kеyin ham “Ummatiy, ummatiy”- dеdilar va “Yo, Oysha!” bunga taajjub qildingmi? Mеn toki dunyoga sog‘, tirik bor ekanman, “Yo Rabbiy! “Ummatiy, ummatiy”” dеgaydurman. Qabrda ham shundoq “Ummatiy, ummatiy” dеgayman. Hatto sur chalinguncha, sur chalingan vaqtda ham yаna “Ummatiy, ummatiy” degayman.
Butun payg‘ambarlar: “Nafsiy!” (“O‘zim”) dеgan ul kunda ham mеn “Ummatiy, ummatiy” dеgayman.
Janobi Haq esa: “Sеnga va ummatingga hamdaa mеning vahdoniyаtimni tasdiq etgan, hamda sеning payg‘ambaringni tasdiq etganlarga sеni shafoatchi qildim” – dеb marhamat qilgay.
Baytdagi talmehlar ham shu voqealarga ishora qilingan.
Uchinchi bob amir Dod- Sipohsolar madhiga bag‘ishlangan,ushbu bobda ham bir qancha she’riy san’atlar mavjud.
Oga bilmas erga oga ogratur,
Aning birri judi badi ehsani.
(Yo‘lboshchi – yo‘l ko‘rsatar adashganga,
Ilm o‘rgatar omiga,ko‘z qamashganga)
Baytda o‘zakdosh so‘zlar (yo‘l-yo‘lboshchi) qo‘llangan bo‘lib, ular ishtiqoq san’atini yuzaga keltirgan.
Raiyatqa mushfiq salimtin halim,
Valekin busharda sharra arslani.
(Raiyatga xushmuomala,shafqatli
G‘azab qilsa arslon kabi daxshatli)
Salabat ichinda Umar tek juvan,
Saxavat,samaqat tutar Usmani.
(Umardek salobat va quvvati bor,
Usmondek saxovat va himmati bor)
Ushbu baytlarda o‘xshatish ya’ni tashbih va talmih san’atiga murojaat qilingan . Tashbihning tashbihi mutlaq turiga kiradi.Tashbihi mutlaq – “aniq o‘xshatish” degan ma’noni bildirib,bu xil san’atda kabi,singari,go‘yo, -dek,-day kabi so‘z va qo‘shimchalar qo‘llaniladi. Umar,Usmon kabi payg‘ambarimiz xalifalari nomlari qo‘llanganligi sababli talmih san’ati yuzaga kelgan.
Tetiklikda kenduv ayaztin ozuq,
Dad insaf tutar chin Anushirvani.
(Uning tetikligi,sezgirligi fazodan yuksakdir,
Insof va dodga yetishda Anushirvondek adolatlidir)
Aning baxshishindin bulut optanur,
Bu sozni butun chin tutar tushmani.
(Bulutlar uyalur saxovatidan ,
Dushmanlar qo‘rqadi vajohatidan)
Dastlabki baytda Anushirvondek so‘zi orqali tashbihi mutlaq shuningdek talmeh san’ati yuzaga kelgan. Anushervon eroniy shohlardan biri bo‘lib ,u tarixda o‘zining adolati,odilligi,saxovatpeshaligi bilan nom qoldirgan.U haqidagi hikoyalardan birini keltirib o‘tmoqchimiz: Qadimgi Eron shohlaridan Anushervon har yili Navro‘z kunida bir ziyofat tashkil qilib,xalqni da’vat qilardi.Bir yil Navro‘z kunida tashkil qilgan ziyofatga kelganlar orasida turmushdan juda qiynalgan kambag‘al bir kishi ham bor edi.U o‘z –o‘ziga :
–Shu yerdagi idishlarlardan birini olib ketib,sotsam ,muhtojlikdan ancha qutulaman.Mening chorasizlikdan qilgan bu gunohimni ,shoyad kechir, – deb qimmatbaho idishlardan birini kiyimi orasiga o‘rab oldi.
Anushervon uning qilib turgan ishini ko‘rib turgan bo‘lsa ham ,indamadi. Ziyofat tamom bo‘lib ,xalq tarqalishga hozirlandi. Idish-tovoqlarni saqlaydigan xizmatchi idishlarni sanab , qimmatbaho bir idishning yo‘qligini bildi.Darhol bu haqda Anushervonga arz qilib,hammani tekshirib chiqish kerakligini aytdi. Anushervon unga :
–Tekshirib hech kimni uyaltirma, u idishni muhtojlikdan ezilgan bir kishi olgan bo‘ladi. Uning olganini ko‘rgan kishi ham chaqimchilik qilmaydi, –dedi.
Idishni olgan kishi uni sotib,turmushiga yaratdi,o‘ziga yangi kiyimlar tiktirdi.Keyingi yil bo‘lgan ziyofatga yasanib-tusanib ,yangi kiyimlarni kiyib keldi.Ziyofatdan keyin Anushervon uni imlab yoniga chaqirdi.Holi yerga olib borib :
–Bu yangi kiyim o‘sha idish puliga kelgan emasmi? –deb kulib so‘radi. U kishi qizarib :
– Sizning soyangizda shu kiyimlarga ega bo‘ldim.Muhtojlik meni shu gunoh ishga majbur qildi,meni kechiring. Shu qilgan aybimdan vijdonan azob tortaman , – deb kechirim so‘radi.Anushervon unga tasalli berib : –Bundan so‘ng egasidan so‘ramasdan birovning narsasiga qo‘l tegizmay,ehtiyojingni menga kelib ayt, yordam qilaman, – deb in’om-ehson qilib ,uni shodlantirdi. (ziyouz.com)Yugnakiy ham o‘z shohi Dodsipohsolorbekni Anushervonga qiyoslaydi.
Ikkinchi baytda bulutlar uyalur birikmasi –“jonlantirish” – tashxis san’atini yuzaga keltirilgan.
Aya shahim ertamlarin sanag‘in,
Sanurmu eziz qum ushaq tash sani.
(Ey shohim,sanog‘i yo‘q fazilatlaring ,
Yurt yo‘lida chekkan aziyatlaring)
Siyasat, riyasat , keyasat karam,
Sayadat ula adl eshit uq,muni.
(Rahbarlik ishlari,barcha siyosat ,
Qo‘lingda ,izmingda ahli rayosat)
Ushbu ikki baytda ham she’riy san’atlarni uchratamiz. Birinchi baytda “Ey shohim” undalmasi qo‘llangan bo‘lib ,undalmalar adabiyotda nido san’atini yuzaga keltiradi.Ikkinchi baydagi rahbar-siyosat-adolat-rayosat kabi so‘zlar ma’no jihatdan bir-biriga yaqin bo‘lganligi sababli tanosub san’atini vujudga keltirgan.
Yuqorida biz muqaddimaviy boblarda sh’eriy san’atlar qo‘llanilgan baytlarnigina tahlil qildik. Ko‘rinadiki,Ahmad Yugnakiy ham o‘zining fikrlarini yetkazib berishda bir qancha she’riy san’atlardan foydalangan.Keyingi bobdagi fasllarda ham asarning asosiy boblaridagi she’riy san’atlarni birma-bir ko‘rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |