Tayanch-tarofik to‘qima. Tayanch – trofik (oziqlantiruvchi) to‘qimalarning boshqa to‘qimalardan farqi shundaki, bularning tarkibida suyuq holatdagi yoki qattiq tolasimon tuzilgan hujayralararo tirik moddalar juda ko‘p bo‘ladi. Tayanch – trofik to‘qimalar funksiyasiga ko‘ra har xil yoki tamomila bir xil bo‘ladi. Tayanch – trofik to‘qimalarga mezenxima va uning hosilalari: qon, biriktiruvchi to‘qima, tog‘ay va suyak to‘qimalari kiradi. Oziqlantiruvchi to‘qimalar moddalar almashinuvi uchun xizmat qilsa, tayanch – trofik to‘qimalar himoya vazifasini bajaradi.
Mezenxima kelib chiqishi va tuzilishi jihatdan eng oddiy to‘qimadir. Bu to‘qima embrion qavatlari oralig‘ini va undan hosil bo‘luvchi organlarni to‘ldirib turadi. Katta yoshli hayvonlarda mezenxima bo‘lmaydi. Mezenxima hujayralari ko‘p o‘simtali bo‘lib, hujayra oralig‘iga kirib turadi. Uning asosiy xizmati tayanch vazifasini bajarish va oziqlantirishdir.
Biriktiruvchi to‘qimalarga qon va limfa, to‘rsimon to‘qima, biriktiruvchi yumshoq va zich to‘qimalar, yog‘ to‘qimalari kiradi. Bu to‘qimalar organizmda oziqlantirish va himoya vazifasini bajaradi, moddalar almashinuvida ayniqsa muhim rol o‘ynaydi.
To‘rsimon to‘qima tuzilishiga ko‘ra mezenximaga o‘xshash bo‘lib, faqat ingichka tolalari va hujayralararo moddasi borligi bilan undan farq qiladi. Bu to‘qimalar maxsus organlarda: ilik, taloqda, limfa tugunchalari, bodomcha bezi va ichakning shilimshiq pardasida uchraydi. Bular qon hosil bo‘lishida ham ishtirok etadi.
YOg‘ to‘qimasi biriktiruvchi yumshoq to‘qimadan hosil bo‘ladi, bunda yog‘ hujayralari juda ko‘p uchraydi. YOg‘ to‘qimasi oziq modda hisoblanadi va hayvon tanasini issiq – sovuqdan himoya qiladi.
Biriktiruvchi yumshoq to‘qima turlicha tuzilgan bo‘lib, har xil funksiya bajaradi. Hujayralar oralig‘ida to‘rsimon, yog‘, fibroblastlar, gistiotsit va limfotsitlar bo‘ladi. Biriktiruvchi yumshoq to‘qimalar hamma organlar tarkibida bo‘lib, ular orqali qon tomirlari va nerv tomirlari o‘tadi. Bu to‘qimalar ayniqsa teri ostida ko‘p bo‘ladi.
Biriktiruvchi zich to‘qimaning tolalari juda zich, bir – biriga yaqin turadi. Bu to‘qima tolalarining tuzilishiga qarab, zich fibroz va elastik to‘qimalarga bo‘linadi.
Tog‘ay to‘qimasi tanada tayanch vazifasini bajaradi. Tanada uch xil: gialin – shishasimon, elastik – to‘rsimon va tolali tog‘aylar uchraydi.
Gialin tog‘ay organizmning ko‘p joyiga tarqalgan bo‘lib, tayanch vazifasini bajaradi. Gialin tog‘ayning tarkibida 65 % chamasi suv bor. Embrion skeletining ko‘pchilik qismi gialin tog‘aydan iborat. Gialin tog‘ay voyaga etgan hayvonlarning suyak bo‘g‘imlarida, qovurg‘alarining uchida, burun va kekirdakda uchraydi.
Elastik tog‘ay quloq suprasi va hiqildoqda uchraydi. Elastik tog‘ay gialin tog‘aydan tolalarining ko‘pligi bilan farq qiladi. Bular orasida elim hosil qiluvchi (kollagen) tolalar va tog‘ay hujayralari bor.
Tolali tog‘ay umurtqalar orasida va paylarning suyaklarga birlashgan joylarida uchraydi. Bu tog‘ay elim hosil qiluvchi juda mustahkam paylardan va tog‘ay hujayralaridan iborat.
Suyak to‘qimasi. Suyak to‘qimasi faqat umurtqali hayvonlarda bo‘ladi. Suyak biriktiruvchi to‘qimaning eng qattiq xili hisoblanib, organizmda tayanch va himoya vazifasini bajaradi.
Suyak tarkibida juda ko‘p tuzlar hamda organik modda (ossein) bo‘ladi. Organik modda suyakka elastiklik bersa, tuzlar qattiqlik beradi. SHuning uchun har xil tuzlar etishmasa, hayvon suyaklari egiluvchan bo‘lib qoladi va hayvon tashqi tuzilishining buzilishiga sabab bo‘ladi. Agar tuzlar ko‘payib ketsa, suyak mo‘rt bo‘lib qoladi.
Muskul to‘qimasi aktiv harakat organiga kiradi, uning qisqarib – yozilishi natijasida organizmda turli – tuman harakatlar bajariladi. Organizmda uchraydigan muskul to‘qimalari ikki xil: silliq muskul, ko‘ndalang (targ‘il) muskul bo‘ladi.
Silliq muskul to‘qimasi mezenximadan hosil bo‘ladi. Uning shakli urchuqsimon bo‘lib, bitta yadrodan iborat. Silliq muskul to‘qimalari ichkiorganlarning qon tomirlari devorida uchraydi.
Ko‘ndalang yo‘lli (targ‘il) muskul to‘qimasi miotomdan hosil bo‘ldi. Skelet muskullari, butun tanadagi suyak muskullari, tilning muskul qismi, ko‘z va hiqildoqni harakatga keltiruvchi muskullar ko‘ndalang yo‘lli muskullarga kiradi. Ko‘ndalang yo‘lli muskullar somatik nervlar bilan harakatlanadi. Muskul tolalarida juda ko‘p qon va nerv tomirlari bo‘ladi. Har qaysi muskul tolasida parda – sarkolemma, sarkoplazma, miofibrillalar va juda ko‘p yadro bo‘ladi.
Nerv to‘qimasi neyron va neyrogliyalardan hosil bo‘lgan. Neyron nerv hujayrasi va uning o‘siqlaridan – dendritlar hamda neyritdan tuzilgan. Nerv hujayralari barcha organlarning harakatlanishida katta ahamiyatga ega. Nerv to‘qimasida qon tomirlari juda ko‘p, nerv to‘qimasidan organizmning nerv sistemasi hosil bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |