www.ziyouz.com
кутубхонаси
53
Ey xushyor odam, sen shunday odamni saxiy deb bilki, baxt-davlat uning boshini yuqori ko‘tarib,
ahvoli yaxshi bo‘lsa ham, yomon bo‘lsa ham birovdan molu amal tama’ qilmasa. Bunday odam Xudo
nima bersa qanoat etadi, nimani buyursa, bo‘ysunadi. U qanday mulohaza yuritmasin, qo‘lida bor narsa
bilan qo‘li qisqa odamni xursand qiladi. Dengizning oldida tursa ham, undan bir tomchi suv so‘ramaydi;
birovning yarasini ko‘rsa, malhamni ayamaydi. Muhtoj odam bir narsa so‘rasa, qo‘lidan kelganicha unga
xayr beradi. U so‘ramasa ham, uning ahvolini tushunib, extiyojini va kambag‘alligini e’tiborga oladi.
Hojatmandlar uning boshiga tig‘ urgan bo‘lsalar ham, u qo‘lida bor narsasini ulardan ayamaydi.Chunki
u o‘z tig‘ini konga urgan, kon unga o‘z gavharini bag‘ishlagan metinga o‘xshaydi. Bosh yalang
bo‘ladimi, boshida toj bo‘ladimi, baribir, extiyoji bor odamga xayr qilaveradi. Karam ahllari yuz mingni
ham, bir so‘mni ham xayr-ehson yo‘lida o‘z joyiga sarflangan bo‘lsa, bir xil baholaydilar. Xudo yo‘lida
qo‘lida qancha mol to‘plangan bo‘lsa, birovning yomon ahvolga tushganini bilsa, unga hamma foyda va
sarmoyasini sarf qiladi, shunday qilib, uning murodini xosil etadi. U o‘zining xayr-ehsonigagina emas,
yaxshiligi yuzidan bildirilgan minnatdorchilikka ham jonini beradi. Xayr-ehson el-xalqqa avvalo bosh
sababchi - Xudodan kelishidek bir nozik hikmatni u xatosiz tushunadi. Bu karam, xayr-ehson unga odat
emas ekan, o‘sha oraliq yerda sababdan o‘zga emas.
Ey saxovat ko‘chasida tentirayotgan odam, sen oltini telba va mast odamdek sochmoqdasan. Oltin-
kumushni endi guldek sovurma, g‘unchadek uni o‘rab, tugib ham qo‘yma. Bu sahifalarda qanday odatlar
haqida gapirilgan bo‘lsa, barchasi saxovat ahllariga tushunarlidir. Pul solingan xaltachani g‘uncha kabi
tugib qo‘yma; nimani bugun tukkan bo‘lsang, ertaga ertalab baribir sochasan-ku! Baxillik qilib sadaf
durni yutgan bo‘lgani uchun, durni olishda uning ko‘ksini teshishadi. Quyosh oltinini berkitgani uchun
jahon osmonning yuzini kechasi qora qildi. Quyosh go‘zali yulduz kumushlarini yashirgani uchun qara,
osmon uni, boshi bilan yerga ko‘mdi. Kuz kelib, qo‘li bilan oltin varaqlarini sochgani uchun, qara, har
bir yaprog‘ quyosh rangida.
Ey yashirin xazina ustida ajdaho bo‘lib yotgan odam, tushunginki, bu boyliging qoning bahosidadir.
Seni o‘ldirish uchun falak Bahromi nogahon tig‘ tortib, bu mahfiy boylikni oladi. U seni qiynab, zulm
bilan qoningni oqizib, u boylikning ichiga harakat qiluvchi la’l - qoningni quyadi. Sening qonli
dushmaning qotil falakning o‘zi bo‘ladi; shu boylik ustida vayron bo‘lasan.
Demak, o‘z qoning bilan qo‘lingni yuvmoqchimisan? Nima, o‘z joningga o‘zing qasd
qilmoqchimisan? Boshqa konlardagi boyliklarm’ orzu qilib, naqd joning gavharidan ajramoqchisan. Shu
joning yo‘lida xazina eshigini och, bor boylikni olib, joy-joyiga soch. Anbarga to‘kilgan har bir don
chirib ketishdan yuz xavfda. Yehson ekinzoriga sochishni odat qil; shunda bittasining o‘rniga Tangri
yetti yuztasini beradi. Bu odamlarga ulashib berayotganing ekin bo‘lmasa ham, arpa, bug‘doy
sochdingmi, albatta, xosil o‘rasan. Bugun nima eksang ham yaxshi, ma’qul. Ertaga u, albatta, xosil
beradi. Bu yerda ekilgan ekinlar o‘rtasida farq bor. Ularning ichida eng yaxshisi xayru saxovatdur.
Tama’ni tark qilsang - saxiylik shudir. Xayru ehson yo‘lida sarf-xarajat qilki, haqiqiy xadya shudir.
Berish uchun olish ishidan yiroq bo‘l, beraman deb olmay qo‘ya qolganing yaxshiroqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |