www.ziyouz.com
кутубхонаси
107
qilsa, adolati to‘g‘ri bo‘lsa, yuradi. Maqsadga yetish uchun to‘g‘ri bo‘l, adolat bilan ish tut. O‘qda ham
to‘g‘rilik bo‘lmasa, ucha olmaydi.
«Adl» so‘zi uch harf bilan yoziladi. Lekin uning har bittasi o‘zgacha mazmunga ega. Uning «ayn»i
yondiruvchi quyosh bo‘lib, zulmning qora shomini pok qiladi. «Dol»i esa davlat va dinning toji bo‘lib,
din va davlat ahllari doim unga muhtojdirlar. Oxiridagi «lom»ini hurlarning sochi deb bil; izzat va sharaf
qushlariga esa uni tuzoq deb bil. Tojni kiy, quyosh bilan ko‘zingni yorit, oxiridagi maxkam ipni
qo‘lingga tut. Mazlumning shikoyat so‘zlari har qancha cho‘zilsa ham uzoq umr ko‘rishni istasang, malol
kelmasdan eshit. Adolat istovchi zulm o‘tidan fig‘on qilsa, adolating soyasidan unga panoh ber. U soyada
uni qayg‘uda qo‘yma; sham’ning tagini unga qorong‘i qilma. Mazlumning so‘zi to‘g‘ri bo‘lib chiqdimi,
endi zolim o‘zingga tegishli odam bo‘lsa ham, yuziga borma. Uning nafsi davomli ayshni istadimi,
demak, u senga gunoh orttirib, o‘z maqsadini xosil etmoqchi bo‘lgan. U xazina ustida yotib, ilonning
baxralanishini istaydi. Vaholanki undan zahardan boshqa «baxralanish»ni kutish mumkin emas. Uning
orzusini o‘ylab, o‘zing azob chekma. Tavba qildirib, uni tekshirib tur.
Gunohning xirmoni qancha katta bo‘lmasin, ohu pushaymon uni shamolga uchirib yuboradi. Gunoh
o‘ti qancha qattiq yonmasin, uzr ko‘z yoshlarining suvi uni o‘chirmay qo‘ymaydi. Lutfu karam qancha
yoqimli bo‘lmasin, qaxru siyosatning ham o‘z o‘rni bor. Olamdagi hamma odam birday yaxshi emas;
har kimning hamma ishi ma’qul bo‘la bermaydi. Yaxshi bilan yomonga barobar yaxshilik qilish
yomonga ko‘p, yaxshiga kam yaxshilik qilish demakdir. Lutfmg shabadasi bilan odamni xursand et. Shu
bilan birga jazo tig‘ini ham o‘tkir tut. Qanchadan-qancha kasallar qand bilan tuzaladi, lekin bir
qanchalariga zahargina foyda qiladi. Malham bilan madda ochilmasa, nishtar bilan undagi yiring olib
tashlanadi. Zirapcha barmoqning uchi bilan chiqmasa, badan igna vositasida undan qutuladi. Shuning
uchun zamon shohi fikr qilib, yaxshiga yaxshi, yomonga yomon bo‘lishi kerak. Bu ikkalasini u bir xilda
baholasa, mamlakatining ichida qo‘zg‘olon ko‘tariladi.
Birovni tezda ko‘tarib yuborma hamda ozgina aybi uchun pastlatib ham qo‘yma. Kim gumbazning
uchiga chiqmoqchi bo‘lsa, chiqish va tushish uchun maxsus zina bor. Kimki zinadan tashqariga qadam
qo‘ysa, unga yiqilish, ranj, alam xavfi bor. Bola savod chiqarishda xijoga qaramay o‘qiydi. Sen uning
zeru zabarga e’tibor berishini kuzat. Har kimni odam desang, odam bo‘lib chiqa bermaydi; ko‘rinishda
bir xil bo‘lsa ham, fe’lda bir xil emas. Sham’ bilan muz sumalagi xuddi ko‘chatga o‘xshaydi; aslida
buning boshog‘i o‘t, uniki suvdir. Kimni o‘zingga maxram qilmoqchi bo‘lsang, yaxshi sinamasdan uni
o‘zingga hamdam qilma. Bilmasdan uni yaxshi ko‘rib, yaxshi gapirma; bilganingdan keyin esa
pushaymon yeb qolma. Tushingda senga pariga o‘xshab, hurlardan ortiq bo‘lib ko‘ringan odam
o‘ngingda, faxm etsang, shayton bo‘lib chiqishi mumkin. Ozgina ayb uchun qattiq azob berma; o‘ldirish
va jazolashda tezlik qilma. Qatl etish bir oz kechikib bo‘lsa, hechqisi yo‘q, o‘lgandan keyin esa uni so‘z
bilan tiriltira olmaysan. Suv yuzidagi pufak puflasang yoriladi; shunday ekan, pufak yasash bilan
shug‘ullanish kerakmi?
Jazolash vaqtida afv etish yaxshi bo‘lsa ham, lekin bu ishda farosat ham kerak. Guvohlar bir
odamning gunohini isbotlagan esa-da, shariatda yolg‘on guvohlik berganlar oz bo‘lganmi? Yolg‘on
gapirishga o‘rgangan odam rost gapirsa ham, unga ishonma. Rostgo‘y odam hech qachon yolg‘on
gapirishga intilmaydi; yolg‘onga odatlangan qancha urinmasin, rost gapira olmaydi. Tun bilan tong
o‘zaro mutanosibdir. Tongning boshlanishi yolg‘on bo‘lsa ham, oxiri to‘g‘ridir.
Kin va adovat yo‘lini tutib, birovning aybi uchun boshqani gunohkor etma. Qo‘ychibon bo‘lsang, bu
nafasda e’tiborli bo‘l; har qo‘yni o‘z oyog‘idan os. Xayolingga yaxshi bir buyruq kelsa, uni maslaxatsiz
amalga oshirishga oshiqma. Ta’bingdagi zavqing sog‘lom ekan, odamlarning gapining tagidagi fasodini
bilishga harakat qil. O‘z fikringga ko‘p ishona berma. Ishonchli kishilar fikridan foydalan. Shoh o‘z
aytganini qila bersa, fikrli kishilarning og‘ziga qulf solgan bo‘ladi.
Алишер Навоий. Ҳайратул-аброр (насрий баёни)
Do'stlaringiz bilan baham: |