105
«Chak bugun mehmonxonani suvga bostirdi. G‘azabdan o‘zimni
bosolmay seni qaytadan o‘sha do‘konga eltib tashlayman deya po‘pisa
qildim. Yo tavba, bu po‘pisamga javoban bilakuzuk taqilgan zalvorli
qo‘li bilan quloq-chakkamga bexosdan tars
etib tushirib qolsa
bo‘ladimi, tarsakisida qanchalik g‘azab bo‘lsa yer yuzidagi bironta
mavjudot, na odam bolasining, na hayvonning ovoziga o‘xshamagan
qah-qahasida bundan ham ko‘proq g‘azab bor edi. Yashirishdan nima
foyda: u meni o‘ziga qul qilib olgandi. Holbuki, men uni o‘zimga
ovunchoq sifatida olib kelgandim: istasam o‘ynayman, istamasam
turadi deb o‘ylagan edim. Balki bolalik qilgandirman, lekin bolalik
kimdir aytganidek «odamzot umr bo‘yi armon bilan eslaguvchi
bebaho davr» emasmi? Bu haqda shu choqqacha o‘ylab ko‘rmabman
ham… U kiyim-kechagimni tortib oldi, badanini yashil po‘panak
qoplay boshlaganda esa xalatimni yelkasiga tashlab oladi. Chak Mool
o‘ziga hammaning bo‘ysunishiga qat’iyan ko‘nikkan, binobarin, endi
umrbod shunday bo‘lishini istaydi; men esa shu choqqacha o‘zgalarga
buyruq berishga odatlanmaganman, bundan chiqdi faqat bosh egish
taqdir ekan shekilli. To hammayoqni suvga bostirmaguncha (uning
mo‘jizakor qudrati qayerga ketdi?) g‘ijinib g‘azablanaveradi».
«Bugun Chak Moolning kechalari uydan chiqib izg‘ib yurishlarini
bilib qoldim. U har kuni qosh qoraydi deguncha mungli, qo‘shiq
tushunchasidan ham qadimiyroq bir ashulani xirgoyi qilaveradi.
Keyin qanday boshlagan bo‘lsa shunday, to‘satdan jimib qoladi. Bir
kuni borib uning eshigini qoqdim, oxiri sabrim chidamay bu ro‘dapo
menga tashlangan kundan beri qadam bosishga yuragim betlamay
yurgan yotoqxonaga kirishga jur’at qildim. Xonada javon siniqlari
sochilib yotardi; ma’lum bo‘lishicha butun uyga urib qolgan mushk
va qon hidi mana shu xonadan anqiyotgan ekan. Eshik ortida suyaklar
yotardi. Qorin g‘amida Chak Mool tunlari tutib yegan itlar, mushuklar
va kalamushlarning suyaklari edi ular. Saharlab vahshiyona uvillash
qayoqdan keladi desam gap bu yoqda ekan».
«Fevral, hamon qurg‘oqchilik. Chak Mool har bir qadamimni
kuzatyapti. Telefon orqali tamaddixonaga buyurtma berasan deb
majbur qildi: endi unga har kuni dimlangan jo‘ja go‘shti bilan guruch
yuborishadi. Anchadan beri maosh olmayapman, jamg‘argan pullarim
tez orada tugashi aniq. Oxiri yuz berishi muqarrar voqea sodir bo‘ldi:
o‘z vaqtida to‘lanmaganligi uchun oyning boshida suv bilan chiroqni