102
Menga nima bo‘ldi o‘zi — vasvasaga uchrayapmanmi? Dovdir bo‘lib
qoldimmi?! Yoki bu boshqa bir ko‘ngilsiz narsami. Tezroq vrachga
borib aniqlashtirmasam bo‘lmaydi. La’nati Chak Mooldan tezroq
qutulish kerak!»
To shu o‘ringacha Filibertoning daftari menga yaxshi tanish bo‘lgan
yumaloq, orasi ochiq xat bilan yozilgan edi. Biroq 25 avgustdan
boshlab xuddi boshqa odam yozganga o‘xshaydi. Ayrim yerlarini
yosh bola yozganmi deb o‘ylash ham mumkin: bir qismi esa asabiy
ravishda chizilgan aji-buji belgilardan farqi yo‘q. Orada uch kun
bo‘sh qolib uning kundaligi yana davom etardi:
«…hammasi juda oddiy: mana shundan keyin real narsalarga ishonib
ko‘r-chi… Axir bu mavjud narsa-ku, men ishonadigan narsalardan
ko‘ra realroq emasmi… Grafinning mavjudligiga bironta hazilkash
uning ichidagi suvini qizilga bo‘yab qo‘yganidagina ishonch hosil
qilamiz… Sigarani xayol qilib uning tutunini haqiqatda ichingga
tortsang, tsirkdagi oyna ortidagi maxluqni hayotda o‘z ko‘zing bilan
ko‘rsang… nahotki barcha marhumlar — shu yil o‘lgan yoki
allaqachon suyaklari chirib ketganlar shu kabi real bo‘lmasa?! Bordi-
yu biron odam jannatni tushida ko‘rsayu o‘sha yerga kirganining
nishoni sifatida unga gul berishsa, ertalab uyg‘ongach, qo‘lida o‘sha
gulni ko‘rsa… bu nima?!.. Realmi? Borliq — bir vaqtlar uni ming
bo‘lakka ajratib boshi-ketini topolmaydigan ahvolga solganlari uchun
bugun parchalangan qismi, mitti bir bo‘lakchasi orqali uning naqadar
ulkan ekanini, yaxlit ekanini tasavvur etamiz xolos. Shunga o‘xshab
poyonsiz va afsonaviy ummon ham qachonki uning suroni chig‘anoq
orqali eshitilgandagina reallik kasb etadi. Uch kun ilgari men uchun
reallik kasb etgan narsalar bugun yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida
qolgan edi — u bor-yo‘g‘i harakat aksi, odat, xotira va daftardagi
yozuvlardan iborat. So‘ngra, kunlardan bir kun o‘zining qudratli
ekanidan bashariyatni ogoh qilib qo‘yish uchun birdan silkingan yer
kabi yoki hayotligimizda eslashga ulgurmaganimiz uchun jazo
tariqasida birdaniga kelib qolgan ajal kabi shafqatsiz o‘zga bir borliq
iltifot ko‘rsatadi, u — bundan biz ogoh edik — tubsizliklarda
yashirin, u uyg‘otib yuborish va o‘zimizni tanib olishimiz uchun
bizlarni larzaga soladi. Nima balo, ko‘zimga yana har xil narsalar
ko‘rinyaptimi? Badani yumshoq, yuvoshgina Chak Mool bir kechada
o‘zgarib sariq, deyarli tillarang tusga kiribdi, u menga o‘zining
103
sanamligiga ishora qilardi go‘yo; hozir u shalviragan, tizzalari dir-dir
titrayapti, iltifot qilgan kabi kulimsirab turibdi. Nihoyat kecha kechasi
kimdir pishillab nafas olayotgani va xonada mendan bo‘lak yana
kimningdir yuragi dukillab urayotganini payqab jonholatda sapchib
o‘rnimdan turdim. Rost, zinapoyada kimdir yurgandek oyoq
tovushlari eshitilardi. Dahshat! Yana o‘rnimga yotdim… Anchagacha
ko‘zimga uyqu kelmadi, bir vaqt ko‘zim ilinibdi. Qancha uxladim
bilmayman, ammo ko‘zimni ochganimda tong qorong‘isi edi. Xonani
dahshat tutib ketgan, mushk va qon hidi anqirdi. Men sarosima ichida
yotoqni ko‘zdan kechirar ekanman, to‘satdan lipillab mudhish shu’la
sochayotgan bir juft sap-sariq nuqtaga ko‘zim tushdi. O‘takam yorilib
jonholatda chiroqni yoqib yubordim. Bu — Chak Mool edi.
Sariq rangli Chak Mool qip-qizil qornini do‘ppaytirganicha
ro‘paramda tirjayib turardi. Uchburchak burnining tepasidagi xuddi
yelimlab yopishtirilgandek kichkina g‘ilay ko‘zlarini ko‘rib esim
og‘ib qoldi. Ostki jag‘i turtib chiqqan, yuqori labini tishlab turar, faqat
beo‘xshov, kattakon boshidagi to‘rtburchak dubulg‘aning sovuq
yaltirashi uning tirikligidan ogoh qilardi. Chak Mool men tomonga bir
qadam qo‘ygan chog‘da yomg‘ir sharros quyib yubordi».
Daftardagi yozuvlarning shu yeriga yetganda avgustning oxirlarida
Filibertoni ishdan haydab yuborgach, boshqaruvchi allaqanday
ayblarni unga ag‘darganligi esimga tushdi. Birov o‘shanda Filiberto
boyoqishni esi ayniganga chiqargan, boshqalar esa qo‘li egri bo‘lib
qoldi deya gap tarqatishgan edi. Uning dam rahbarlarni suvdan hid
kelishi mumkinmi deb savolga tutgani, dam sahroni yomg‘ir bilan
sug‘ora olaman deya suv havzalari boshqarmasining kotibini qat’iy
ishontirmoqchi bo‘lib yozgan almoyi-aljoyi qog‘ozlarini o‘z
ko‘zlarim bilan ko‘rgan bo‘lsam-da, bu mish-mishlarga ishonmagan
edim. Biroq, ayni choqda men bularni nima deb izohlashni bilmay,
aloha, favqulodda seryomg‘ir kelgan yoz, namgarchilik do‘stimning
sillasini quritib qo‘ygandir balki deya o‘ylagan edim. Kim bilsin,
xonalarining yarmi qulflog‘lik, quyuq chang qoplagan hayhotdek
uydagi nomahram, bola-chaqasiz turmush odamni vosvos qilib
qo‘yishi mumkindir balki.
Sentyabrning oxirlarida Filiberto quyidagilarni yozgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |