100
«Eshagidan tushovi qimmat, deganlaridek Chak Moolni olib kelish
o‘z narxidan ham oshib tushdi, mayli ketsa mendan keta qolsin. Bolta
tushguncha kunda dam oladi — haykal hozircha yerto‘lada turibdi:
erta-indin joy bo‘shatish uchun xonadagi buyumlar o‘rnini
almashtiraman. Bunday haykallarga quyosh nuri tik tushib turmasa
bo‘lmaydi — ularning tabiati shuni taqozo etadi. Chak Mool qorong‘i
yerto‘lada ancha-muncha urinib beo‘xshov shag‘al uyumiga o‘xshab
qolyapti. Tirishgan — burishgan yuzi: «Nega meni quyosh nuridan
mahrum qilib qo‘yding» degandek. Do‘kondagi sotuvchi anoyi emas
ekan, tanasidagi g‘udda-g‘udda shishlarni yashiradi va Chak Moolni
sal odambashara qilib ko‘rsatadi, deb uning tepasiga chiroq yoqib
qo‘ygani-chi. Men ham shunday qilishim kerakka o‘xshaydi».
«Ertalab qarasam kanalizatsiya tiqilib qopti. Kecha oshxonada
vodoprovod jo‘mragini yaxshilab berkitmagan ekanman, suv oshxona
chanog‘idan toshib polga, undan yerto‘laga o‘tibdi. Bu rutubat Chak
Moolga cho‘t emas-ku, lekin chemodanlarimning rasvosi chiqibdi-da.
Aksiga o‘sha kuni ishga ham kech qoldim».
«Nihoyat kanalizatsiyani tozalagani kelishdi. Chemodanlar tob
tashlab, qiyshayib qolgan edi. Chak Moolning tag kursisini bir enlik
loy qoplabdi».
«Kechasi soat birda dahshatli dod-voydan uyg‘onib ketdim. Daf’atan
yana o‘g‘ri-po‘g‘ri bo‘lmasin deya o‘yladim. Yo‘q, alahsirabman
shekilli».
«Kechalari oh-voy tinmayapti. Kim bo‘ldi ekan — sira aqlim
yetmaydi; asablarim ishdan chiqyapti. O‘chakishganday yana
kanalizatsiya ishdan chiqdi: chakka o‘tib yerto‘lani suv bosibdi».
«Vodoprovodchi degani tez kelaqolsa-da! G‘azabim qaynayapti.
Rayon maishiy xizmat boshqarmasidagilarning parvoyi falak —
xohlasa keladi, xohlamasa yo‘q. Shu choqqacha quvurlarning biron
marta tiqilib qolganini ko‘rmagandim. Chakka o‘tib yerto‘lani suv
bosgani esa ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan voqea. Hechqisi yo‘q
ingranishlar to‘xtadi, shunisiga ham shukr».
«Erto‘laning suvini tozalashdi, Chak Moolni boshdanoyoq shilimshiq
modda qoplagan edi. Uning turqi xunuk: ko‘zlaridan boshqa butun
101
badaniga irgamchik yashil narsa toshib ketgan. Yakshanba kuni
tozalayman endi, boshqa kuni vaqtim yo‘q. Pepe hadeb suv tashish
mojarosidan qutulmoqchi bo‘lsang yuqori qavatdan xona topib,
boshqa uyga ko‘chasan deb maslahat berdi, Lekin men bu dang‘illama
uyni tashlab ketolmayman, To‘g‘ri, allazamonlarda qurilgan bu
bahaybat uy yolg‘iz boshimga haddan ziyod kattalik qiladi, buning
ustiga huvillab ham yotibdi. Ammo nima qilay, ota-onamdan bor-
yo‘g‘i meros bo‘lib shu joy qolgan. Qolaversa, ulardan bir yodgorlik
sifatida ham tabarruk. Yerto‘lasida ertayu kech avtomat muzika
hangillab turadigan, ikkinchi qavatida esa gulqog‘ozlar savdo
boshqarmasi joylashgan uy menga to‘g‘ri kelmaydi».
«Chak Moolning tanasidagi po‘kanakni andava bilan qirib tashlashga
to‘g‘ri keldi. O‘ziyam rosa bir soat ovora bo‘ldim. Mog‘or toshga
singib ketgan ekanmi, kech soat 6 larda arang tugatdim. Qorong‘i
tushib, ko‘rish qiyinlashgani uchun men chalasi qolmadimikin degan
o‘yda paypaslab tekshira boshladim. Yo qudratingdan, har gal qo‘lim
bilan haykalni silayotganimda u tobora yumshab borayotgandek
bo‘lardi. Bunga aqlim bovar qilmasdi-yu, lekin ko‘p o‘tmay tosh oz
bo‘lmasa xamirdek yumshab qoldi. Lagunilyalik do‘konchi qo‘ynimni
puch yong‘oqqa to‘ldirganga o‘xshaydi. Kiftini keltirib maqtagan
haykali bor-yo‘g‘i ganchdan yasalgan ekan — zax havoda rasvosi
chiqqan ko‘rinadi. Vaqtincha bo‘lsa ham eski qanor bilan o‘rab
qo‘ydim; ertagayoq haykalni uyga olib chiqaman, aks holda yaroqsiz
bo‘lib qoladi».
«Qanor yerda yotardi. Hech aqlimga sig‘maydi. Chak Moolni yana
paypaslab ko‘rdim. U xiyla qotgani bilan, lekin baribir avvalgidek
emas. Uning tanasi — bunaqasini ko‘rmaganman, — allaqanday
go‘shtsimon yumshoq narsaga o‘xshaydi: ushlab ko‘rsang xuddi
rezinkaning o‘zi. Bu ham yetmagandek yerto‘la devoriga suyalib
turgan haykalning ichida go‘yo bir nima aylanib yurardi… Yarim
kechasi yana yerto‘laga tushdim, Shubhaga o‘rin yo‘q: Chak
Moolning qo‘llarini tukchalar qoplagan edi».
«Umrim bino bo‘lib bunday ahvolga tushmagan edim. Idorada nima
ishga qo‘l ursam chalkashtirib yuboryapman. To‘lov orderini imzosiz
jo‘natayotganimni payqab qolgan boshqaruvchi rosa po‘stagimni
qoqdi. Xizmatdoshlarimga ham qo‘rslik qilib qo‘yyapman, shekilli.
Do'stlaringiz bilan baham: |