82
olgunicha uni suyab turgandi.
Karvon endi mahalladan chiqib, yashil dalalarning orasidan o‘tgan
anhorning ingichka kechuv joyidan o‘tayotgandi. Beg‘am eng
oldinda, mag‘rur va bamaylixotir ketib borardi. Biroq nima uchundir,
bugun uning yurish-turishida qandaydir bir mujmal kayfiyat, tushunib
bo‘lmas bir sokinlik sezilmoqda edi.
* * *
Nihoyat, bayram qilinadigan yerga yetib borishdi. Bu yer soya-salqin
anhor bo‘yi edi. Suv ichida yashil suv o‘tlar chayqalib turardi.
Kichkintoylarning chug‘ur-chug‘uridan qushlar hurkib uchib ketishdi.
Hozir dunyo ularniki edi. Qiy-chuv qilgancha atrofni boshlariga
ko‘tarib yugurishar, daraxtlarga tirmashib, ko‘m-ko‘k o‘tlar ustida
yumalashardi. Kechgacha yana bir dunyo vaqt bor ekanini
hisoblamasdan, kuch-quvvatlari hamda zavq-shavqlarini sarflashar,
hatto tushlik uchun keltirgan yeguliklarini yeyishga tushib
ketishgandi.
Beg‘am ham bir lahza jonlanib, bolalar bilan birga o‘ynashni istadi.
Biroq birdan to‘xtab qoldi, boshini yuqori ko‘tarib, achchiq-achchiq
ulidi. Keyin sekin-asta ortga chekinib, yirik-yirik ikki toshning
orasiga kirib yotib oldi.
Beg‘am kasal edi. Bolalar buni darrov sezishdi. Uning oldiga ovqat
keltirib qo‘yishdi. Ammo it ovqatlarga qayrilib ham qaramas, har-har
payt tipirchilab, o‘z holiga qo‘yishlari uchun yolvorayotgandek
tishlarini ko‘rsatib, sekingina irillab qo‘yardi.
Beg‘amning iztirob chekayotganini hamda boqishlaridagi
parishonlikni tarbiyachilar ham ko‘rishdi.
– Bolalar, yaqinlashmanglar!.. U nima bo‘lgandayam baribir hayvon.
Balki, qutirgan bo‘lishiyam mumkin! – deya kichkintoylarni
ogohlantirishdi.
Bolalarning bu gaplarga parvo qilmayotganini ko‘rib, ehtiyotkorlik
yuzasidan xodimlardan birini ularga qarab turish uchun navbatchi
qilib qo‘yishga majbur bo‘lishdi.
* * *
Tarbiyalanuvchilardan yoshi kattaroq bo‘lgan olti-etti yoshlardagi bir
qizcha birdaniga xuddi nimadir esiga tushib qolgandek baqira
83
boshladi:
– Ey voh, Beg‘amni zaharlashibdi!.. Bugun ertalab bir narsa olish
uchun do‘konga borgandim. Ko‘cha boshidagi axlat tashlanadigan
yerda uni ko‘rdim… Boshqa itlar bilan birga u ham nimanidir
yeyayotgandi… Zaharlangan non yegani aniq!…
Tarbiyachilar bo‘lsa, qari itdan bunday ehtiyotsizlikni aslo
kutishmasdi. Biroq, ming afsuski, qizchaning gaplari to‘g‘ri edi.
Beg‘am barcha zaharlangan itlarda kuzatilganidek to‘lg‘onib
tipirchilashga tushdi.
Bolalarning shodliklari birdaniga yo‘qolib, hozirgina
kichkintoylarning qiy-chuvlari bilan jonlanib turgan o‘tloqqa
qabristondagidek jimjitlik cho‘kdi. Ba’zi birlari yig‘lashardi. Unga
biror yordam berishning imkoni yo‘q edi.
Bog‘chaning qanchalik suyuklisi bo‘lmasin, bir itni deb, bayram
shodiyonasi kichkintoylarga tatimasligiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi.
Tarbiyachilardan biri:
– Bolalar, qo‘rqmanglar… Sizlar bilmaysizlar, Beg‘am avval ham bir
marta zaharlanib, o‘lmay qolgandi… Unga hech nima bo‘lmaydi…
Qani endi, bayramni davom ettiringlar! – deya baqirdi.
So‘ng kichkintoylarni deyarli majburlab, tarqata boshlashdi. Ularning
ba’zilari yig‘lashda davom etar, ba’zilari esa tarbiyachilarning so‘zlari
bilan o‘zlariga tasalli berib: «Beg‘am — kuchli… Unga hech narsa
qilmaydi!» deyishardi. Hatto jajji qo‘lchalarini ochib, uning haqqiga
duo qilganlar ham bo‘ldi.
Tarbiyachilar nihoyat boshqa bir chora o‘ylab topishdi. Bayram joyini
sal nariroqqa; ikki-uch daqiqalik masofa olisligidagi daraxtzorga
ko‘chirishni ma’qul ko‘rishdi… O‘tloq ustiga to‘shal-gan sholchalar
hamda yo‘lxaltalar yig‘ishtirilib, guruh Beg‘amni yolg‘iz
qoldirgancha yo‘lga tushdi.
* * *
Bolalar o‘rtasida shu zahoti bir yashirin tashkilot tuzildi. Uch-besh
daqiqada guruhdan ikkitasi g‘oyib bo‘lar, yashirincha Beg‘amni
ko‘rishga ketib, uning holidan xabar keltirardi. Axborot shu zahoti
kichkintoylar ichida tarqalib, hatto eng kichkinalari ham buni
tarbiyachilardan sir saqlashardi.
Bir soatdan so‘ng yana-da yomon xabar keldi: Beg‘am o‘lim arafasida
edi. O‘zi berkinib olgan toshlar orasidan chiqib, qattiq tipirchilardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |