Shayboniylar davlatida madaniy hayot. Islom dini. Avvalgi sulolalar davrida Movarounnahr va Xurosonda yuksak darajada rivojlangan madaniy an’analar Shayboniylar davrida ham davom etdi hamda boyitildi. Bu darda madaniy hayotning ko‘plab jabhalarida: adabiyot, tarixnavislik, hattotlik, musiqa, epigrafika, me’morchilik, naqqoshlik, islom madaniyati kabilarda ayrim siyosiy hayotdagi inqiroz holatlariga qaramasdan rivojlanish jarayonlari ko‘zatiladi. Adabiyotning turli janrlarida Muhammad Solix, Xoja Afsodiy, Vosifiy, Majlisiy, Ubaydiy, Baqoiy, Shaydo, Oshiq, Aziziy, Nisoriy, Mushfiqiy, Naxliy, Mutrifiy kabilar barakali ijod qildilar. Bu davrdagi adabiyot namoyondalari Hindiston, Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Sharqiy Turkiston kabi qo‘shni davlatlaridagi qalam ahli bilan ijodiy aloqada bo‘ldilar. Bu davrda yaratilgan adabiy asarlar orasida Buxorolik adabiyotshunos olim va shoir Hasanxoja Nisoriyning Muzakkiri ahbob (Do‘stlar yodnomasi) asarini keltirish (1516-1597 yy.) mumkin. Qomusiy hususiyatga ega bo‘lgan bu asarda XVI asrda Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron, Turkiya va Sharqiy Turkistonda yashab ijld etgan 228 ta shoirlar, jumladan, Jomiy, Navoiy, Husayn Bayqaro, Husayn Voiz Koshifiylar to‘g‘risida, Arslonbob, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg‘oniy, Zangi ota, Shayx Xudoydod kabi tasavvuf namoyondalarining hayoti, karomatlari haqida, shuningdek, tarixiy voqealar, ilm-fan rivoji, san’at sohasidagi yutuqlar, turli shaharlardagi me’morchilik rivoji haqida ma’lumotlar beriladi. Abdullaxon II ga atab yozilgan mazkur asar O‘rta Osiyo, Eron va Hindistondagi adabiy muhit haqida boy ma’lumotlar beruvchi manba hisoblanadi. Bu davrda hukmron sulola vakillari adabiyot rivojiga homiylik qilish bilan birga o‘zlari ham ijod bilan shug‘ullanganlar. Xususan, Shayboniyxon, Ubaydullaxon, Abdullaxon II, Do‘st Muhammad Sulton (Navro‘z Ahmadxonning o‘g‘li) kabilarning ayrim asarlari va g‘azallari bizgacha saqlanib qolgan. Bu davrda tarixnavislik sohasida ham ko‘plab tarixiy asarlar yaratildi. Sulola asoschisi Shayboniyxon va uning vorislariga atab yozilgan Abdulloh Ibn Muhammad Ibn Ali Nasrullohiyning Zubdat-al asar, Mulla Shodiyning Fathnoma, Binoiyning Shayboniynoma, Muhammad Solihning Shayboniynoma, Fazlulloh Ro‘zbexonning Mehmonnomai Buxoro, Zayniddin Vosifiyning Badoye ul vaqoe, Hofiz Tanish Buxoriyning Abdullanoma, muallifi noma’lum bo‘lgan Tavorixi Go‘zida, Nusratnoma kabilar fikrimiz dalilidir.
Manbalarning ma’lumot berishicha, bu davrda rassomlik, hattotlik va musiqa san’atida, fikh, tibbiyot, riyoziyot (matematika), handasa (geometriya), va ilmi nujum (astronomiya) sohalarida ham rivojlanish yuz beradi. Masalan, ko‘proq shoir sifatida tanilgan Mushfiqiy (1538-1588 yy.) falsafa, astronomiya, fikh, hisob, fizika, musiqa, arab tili kabi sohalarida ham etuk sanalgan. Bu davrda tibbiyot sohasida ham qator asarlar yaratilgan. Jumladan, Kuchkunchixon va Abu Saidxon zamonlarida yashagan mashhur tabib va olim Sulton Ali Dastur al-iloj, Muqaddimai dastur al-iloj risolalarini yozib, ularda inson tanasidagi kasalliklarning sharhi hamda ularni davolash to‘g‘risida ma’lumotlar bergan. Abdulatifxonning shaxsiy tabibi Muhammad Yusuf, Navro‘z Ahmadxon saroyida esa tabib Shoh Alilar faoliyat olib borib ko‘z kasalligiga oid asarlar sarasi, Ko‘z tabiblari uchun qo‘llanma kabi asarlar yaratganlar. Shuningdek, Muhammad Yusufning Isitmani o‘rganishga doir, Qon tomiri va siydik kabi asarlari ham ma’lum.
1562-1567-yillarda tabib Ubaydulloh Qahhol tibbiyotga oid muhim qomusiy asar Kasallik shifosini yaratgan. Ushbu asarlarda keltirilgan davo uslublari, tashxis qo‘yish, dorilar tayyorlash kabi ma’lumotlar o‘rta asrlar musulmon Sharqi tibbiyotiga xos ilg‘or an’analar XVI asrda ham davom etganligini ko‘rsatadi.
Shayboniylar hukmdorlari me’morchilik sohasida ham qator ishlarni amalga oshirib, turli maqsadlarga mo‘ljallangan qurilish ishlarini amalga oshirganlar. Me’morchilik inshootlari nafaqat hukmron sulola vakillari, balki xususiy mulkdorlar tomonidan ham bunyod etilgan. Mamlakatning Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qarshi, Karmana, Turkiston, Marv, Balx, Hirot, Xiva kabi ko‘plab shaharlarida turli me’morchilik inshootlarimadrasa va machitlar, xonaqolar, timlar, minoralar, hammomlar, karvonsaroylar, sardoba va ko‘priklar bunyod etilib, shaharlar devorlari ta’mirlandi. Misol uchun, Samarqanddagi Shayboniyxon qurdirgan Xoniya, Abu Said va Qulbobo Ko‘kaldosh nomlari bilan bog‘liq madrasalar, Samarqand yaqinidagi suv ayirg‘ich, Buxoroda shahar devorining ta’mirlanishi, Mir Arab, Abdullaxon, Modarixon madrasalari, Toshkentdagi Baroqxon (hozirgi Xasti Imom) va Ko‘kaldosh madrasalari, Turkistonda Shayboniyxon masjida, Karmanada Qosim SHayx masjidi, Balxda qal’a devorining ta’mirlanishi, Abdullaxon, Qulbobo Ko‘kaldosh madrasalari, Hirotda Ko‘kaldosh madrasasi kabilar shular jumlasidandir. Buxoro xonligidagi me’morchilik va shaharlar taraqqiyoti Abdullaxon II davrida ayniqsa yuksaldi.
Hozirgi O‘rta Osiyoning deyarli butun hududlarini o‘z ichiga olgan davlatni barpo etish jarayonida Abdullaxon II juda ko‘plab harbiy yurishlar olib borgan bo‘lsa-da, mamlakatdagi iqtisodiyot, madaniyat, shaharlar taraqqiyotiga alohida e’tibor qaratgan. Chunonchi, O‘rta Osiyodagi XVI asrga oid me’morchilik obidalarining asosiy ko‘pchilik qismi bu hukmdor davrida bunyod etilgan bo‘lib, manbalarning ma’lumot berishicha, ularning soni 1000 dan oshadi.
Ma’lumki, XV asrning ikkinchi yarmi O‘rta Osiyoning islomiy hayotida Xo‘ja Ahror faoliyatining faollashuvi bilan izohlanadi. Keyinroq esa, bu hududlardagi ma’naviy-diniy hayotda sufiylikning bir qator yirik namoyondalari shakllanadi. Siyosiy hokimiyatning Shayboniylar qo‘liga o‘tishi natijasida temuriylar davridagi yirik diniy ulamolar yangi diniy vakillar, xususan, XVI asrning ikkinchi yarmidan boshlab jo‘ybor shayxlari bilan almashadi. Ulardan eng mashhurlari Xoja Muhammad Islom (1493- 1563 yy.), Xoja S’aad (1531-1589 yy.), Xoja Tojiddin Hasan (1547-1646 yy.), Xoja Aburaxim (1575-1628-29 yy.) kabilar bo‘lib, ular Naqshbandiya tariqatining yo‘lboshchilari edilar. Bu davrda Movarounnahrda Yassaviya va Kubroviya tariqoti namoyondalari ham mavjud bo‘lgan bo‘lsa-da, bu ikkala tariqat vakillari Movarounnahrning siyosiy hayotiga juybor shayxlari kabi ta’sir eta olmas va aralashmas edilar. Yamanning Xadramauti degan joyida tug‘ilgan Said Shamsuddin Abdulloh XV asrning 80-yillarida Movarounnahrga keladi va Xo‘ja Axrorning muridi bo‘ladi.
O‘rta Osiyoislom dini tarixiga Miri Arab nomi bilan kirgan bu shaxs keyinchalik, Shayboniyxon va Ubaydullaxon davrlarida juda katta obro‘ va mavqega ega bo‘lib, yirik mulkdorga aylanadi. Turkistondagi Savron shahrida yashagan Miri Arab Buxoroga teztez borib, saroy ishlariga aralashib turardi. Uning mavqei shunchalik baland edi-ki, hattoki xon va uning atrofidagilar ham u bilan hisoblashar edilar. Shayboniylar davridagi viloyat hokimlari o‘zlarining yuqori lavozimdagi amaldorlar bilan munosabatlarini yaxshilash uchun tez-tez shayxlarga murojat etib turganlar. Shuningdek, hukmron doira vakillari ham o‘zlarining siyosiy kurashlarida sufiylar madadidan foydalanganlar.
Shayboniylar davri tarixiga xulosa qilib aytish mumkinki, bu davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotda ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yuz berganligiga qaramasdan, o‘rta asrlar tarixining boshqa davrlarida bo‘lgani kabi, bu davrda ham o‘zaro urushlar doimiy bo‘lib turdi. Bu davrga kelib davlat boshqaruvida yana ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi an’analar ustunlik qila boshladi. Shunga qaramasdan bu davr O‘zbekiston davlatchiligi tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu ahamiyat ilm-fan va madaniyat, shaharsozlik hamda me’morchilik ravnaqi bilan izohlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |