Kimyoviy kondensatsiya usuli. Kolloid sistemalarni turli kimyoviy reaksiyalar yordamida ham hosil qilish mumkin. Ularga: 1 – qaytarilish, 2 –
oksidlanish, 3 – almashinish, 4 – gidroliz va boshqa reaksiyalarga asoslangan usullar kiradi.
Qaytarilish reaksiyasi yordamida dispers faza chin eritma biror qaytaruvchi modda ishtirokida qaytariladi. Masalan, oltin gidrozilini hosil qilish reaksiyasi. Bu reaksiya quyidagi tenglamalar bilan ifodalanadi:
2HAuCl4+5K2CO3=2KAuO2+8KCl+5CO2+H2O
2KAuO2 +3HCOH+K2CO3=2Au+HCOOK+KHCO3+H2O
Oltin zolini olishda KAuO2 ni chumoli al’degid bilan qaytariladi. Shuningdek, vodorod sul’fidni sul’fit angidrid bilan qaytarish orqali oltingugurtni colloid holatiga o’tqazish mumkin:
2H2S+SO2=3S↓+2H2O
Oksidlanish reaksiyasi yordamida ham kolloid sistemalar hosil bo’ladi. Bunda molekulyar eritmani oksidlash yo’li bilan kolloid eritma hosil qilinadi, masalan vodorod sul’fid eritmasi kislorod bilan oksidlanganda oltingugurt zoli hosil bo’ladi:
2H2S+O2=2S↓+2H2O
Almashinish usuli erimaydigan moddalar hosil bo’ladigan almashinish reaksiyalarga asoslanadi. Bu usul bilan, masalan, kumush xlorid gidrozoli hosil qilinadi:
AgNO3+NaCl=AgCl↓+NaNO3 Mishyak (III)-sul’fid gidrozoli ham shu usulda olinadi:
2H3AsO3+3H2S=As2S3↓+6H2O
Kolloid sistemalarni olishda gidrolizlanish reaksiyalari ham ishlatiladi, bunda ko’pincha metall gidrozollarining kolloid eritmalari olinadi. Masalan temir (III)-gidroksid gidrozolini olish uchun qaynab turgan suvga temir (III)-xlorid eritmasi quyilsa, temir (III)-gidroksid zoli hosil bo’ladi:
FeCl3+3H2O=Fe(OH)3↓+3HCl
So’ngra:
Fe(OH)3+HCl=FeOCl+2H2O
Bu reaksiya natijasida hosil bo’lgan FeOCl qisman ionlarga parchalanadi va bu ionlar Fe(OH)3 zarrachalari atrofida ionlar qavatini hosil qilib, kolloid sistemani barqaror qilib turadi.
Shunday qilib, kimyoviy kondensatsiya usullarining asosi shundaki, kimyoviy reaksiyalar natijasida qiyin eriydigan mahsulot hosil bo’lsa, u ma’lum sharoit yaratilganda kolloid holatga o’tish mumkin. Bunda reaksiya uchun olinadigan dastlabki moddalarni suyultirilgan eritmalar holida ishlatish kerak, chunki bu sharoitda hosil bo’ladigan mahsulot kristall zarrachalarining o’sish tezligi katta bo’lmaydi.
Kolloid sistemalar hosil bo’lganda tarkibida albatta qo’shimcha moddalar – kislota, asos, tuzlar ham bo’ladi. Bu qo’shimcha moddalar kolloid sistemaning barqarorligiga ta’sir etadi. Shuning uchun kolloid sistemalar har xil usullar bilan tozalanadi. Shu usullardan eng asosiysi quyidagilardir:
Dializ. Bu usulda yarim o’tkazgich membrana ishlatiladi. Membranadan ionlar o’tadi, lekin katta o’lchovga ega bo’lgan zarrachalar o’ta bilmaydi. Bu usulni birinchi bo’lib Grem tavsiya etgan.
Kolloid sistemalarning dializi dializator asbobida amalga oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |