18-amaliy mashg’ulot
Mavzu: Bir bosh bo’lakli gaplar
Ajratilgan vaqt – 4 soat
Darsning maqsadi: talabalarning gaplarning bosh bo’laklarning miqdoriga ko’ra turlari, bir boshli gaplar va ularning turlari to’g’risidagi bilimlarini mustahkamlash, ularda har qanday matndan bir bosh bo’lakli gaplarni ajrata olish va shunday gaplarni mustaqil tuzish ko’nikmasini hosil qilish.
Ishning bajarilish tartibi
1. Berilgan matndan ikki va bir bosh bo’lakli gaplarni topib, ikki guruhga ajratib yozing.
2. Bir bosh bo’lakli gaplarning bosh bo’laklari nima bilan ifodalanganini tahlil qiling va yozma javob tayyorlang.
3. Bir bosh bo’lakli gaplarni turlarga ajrating.
4. Har bir turning bosh bo’lagi nima bilan ifodalanganini, uning grammatik xususiyatlarini bayon qiling.
5. Mashqlarda so’z-gaplar bo’lsa, ularning ma’no xususiyatlari, bog’lanish imkoniyatlari haqida fikr yuriting. Fikrlaringizni yozma ravishda ifodalang.
43-mashq.
G’afur G’ulom bu!
G’afur G’ulom-chi? Ha, G’afur G’ulom bir qarashda sho’rolarning erka arzandasi edi. Undan hech qanaqa mukofotu unvonlarni, hech qanaqa siylovlarni ayashgan emas. Sho’rolar tishlarini-tishlariga qo’yib bo’lsa-da, uning katta-kichik sho’xliklarini ko’tarar edi. Chindan-da, G’afur G’ulomda rasmiy mavzularga bag’ishlangan she’rlar va maqolalar, madhiya va alyor yo’nalishidagi asarlar anchagina bor. Lekin bu odamning ijodini ham shulardangina iborat deb bo’lmaydi. Unda chinakam xalqona she’rlar ham ko’p. Uning she’rlari sharqona hikmatlarga, sharqona donishmandlikka to’la.
To’la asos bilan aytish mumkinki, G’afur G’ulom XX asrdagi Sharqning eng o’ziga xos, eng yorqin, eng ko’lamli shoiri edi va hozir ham shunday. Lekin ana shularning bariga qaramay, u tom ma’nodagi fojeona hayot kechirgan. Shu ma’noda u sho’roning erkasi emas, qurboni bo’lgan. Uning fojeasi o’z siyratini to’la namoyish qila olmaslikdan, suvratini hamisha kerakli shamoyilga solib yurish majburiyatidan, ko’ngil bilan imkon o’rtasidagi ziddiyatdan, ijod erkinligining yo’qligidan tug’ilgan fojea edi… G’afur G’ulom nisbatan yosh vafot etganida Abdulla Qahhor qayg’uli ko’zlarini allaqayoqqa tikib, chuqur xo’rsinish bilan: «Bu odam o’zida borining yarmini o’zi bilan olib ketdi», -degan edi. Gerostratdek shuhratiga sherik bo’lishni istagan ba’zi adabiyotshunoslar esa bu odamga tosh otish havasiga tushib qolgan. Xolbuki, o’tib ketgan odamga qora chaplash uchun unchalik ko’p aql kerak emas. Lekin birovga pichoq sanchishdan avval uni o’zingga urmog’ing kerak. Zo’r bo’lsang, uning fojeasini idrok et, qaysi ziddiyatlar bu buyuk inson va shoirni qulatganini ochib ber!
Ozod Sharafiddinov. Ijodni anglash baxti.T., «Sharq», 2004.
Do'stlaringiz bilan baham: |