17-amaliy mashg’ulot
Kiritma va kiritmali sodda gaplar
Ajratilgan vaqt – 2 soat
Darsning maqsadi: talabalarning sodda gaplarning kiritmalar bilan murakkablashuvi, kiritmali murakkab sodda gaplar leksik-grammatik xususiyatlari to’g’risidagi bilimlarini mustahkamlash, ularda har qanday matndan kiritma murakkab sodda gaplarni ajrata olish ko’nikmasini hosil qilish.
Ishning bajarilish tartibi
1. Berilgan mashq, matn, gaplarni a) sodda gaplar; v) qo’shma gaplar tarzida ikki guruhga ajratib, daftaringizga yozing.
2. Ajratilgan sodda gaplar orasidan kiritmali gaplarni topib, ularni alohida yozib chiqing.
3. Kiritmalarni tuzilishiga ko’ra turlarga ajratib yozing.
4. Kiritmalarning ma’no xususiyatlarini aniqlab, bayon qiling.
5. Kiritma va ajratilgan bo’lakning farqlarini bayon qiling.
6. Kiritmali gaplarda tinish belgilarining ishlatilish xususiyatlari haqida ma’lumot bering.
7. Gap bo’laklarini aniqlab tagiga chizing.
40-mashq
Ota-onang mag’zini senga berib, o’zlari po’choqqa aylanadi. Ularni baxtli qiladigan ham, baxtsiz qiladigan ham sen. Albatta, ularni rozi qilib ish tut. Ota-ona noroziligi sendan qadamiga qurbonlik so’raydi, xudo ko’rsatmasin! Otabekning qismatini esla, ota-onasini, Zaynabni va boshqalarni norozi qilgani uchun, Kumush unga buyurmadi...
T.Sodiqova. O’g’lim, senga aytaman. Qizlarga atalgan so’zlar. T., «Cho’lpon», 2002
41-mashq
Turmushdan ko’ngli to’lmay o’tayotganlarning ko’pchiligi sevishib ro’zg’or qurganlardir. Xolis baholanganda, ularning hayoti balki yaxshidir. Ammo muhabbatga ta’ma aralashtirganlari, ota-ona roziligini hisobga olmaganlari uchun, Olloh shirin hayotlarini ham tatitmaydi. Baxt ichra baxtsizlik tuyaveradilar. Dillari to’la armon va tavba. Bundan vazmin kun yo’q, o’g’lim...
T.Sodiqova. O’g’lim, senga aytaman. Qizlarga atalgan so’zlar. T., «Cho’lpon», 2002
42-mashq
Adabiyot hunar, uni kasbga aylantirib olgan yozuvchi olmaga tushgan qurtdan farq qilmaydi (A.Qahhor) Donishmandlar so’zni javohirga, odamni esa konga tashbeh qiladilar (Barxirdor ibn Mahmud) Aqliy zakovat va ruhiy-ma’naviy salohiyat ma’rifatli insonning ikki qanotidir (I.Karimov) Kishini ko’ngli kelishgan va tartibli har narsaga qiziqadi, tartibsiz narsalardan nafratlanadi (A.Beruniy) Iqtisod deb pul va mol kabi ne’matlarning qadrini bilmoqqa aytilur. Mol qadrini biluvchi kishilar o’rinsiz erga bir tiyin sarf qilmaydi, o’rni kelganda so’mni ayamas. (A.Avloniy) Inson hatti-harakatlarining qaysi biri foydali, qaysi biri zararli ekanligi o’ziga ravshan bo’lmaguncha, kuzatadi va foydaliligini tanlab olib o’zlashtiradi, zararlilarini rad etib, ulardan o’zini olib qochadi. (Abu Nasr Forobiy) Jahon tijorat ahli birlan oboddir. (A.Temur) Englar, ichinglar, hadya qilinglar, ammo isrof qilmanglar.(Hadis) Vijdon-yaxshi xulqlarning manbai.(A.Avloniy) Hunar va ilm–insonning bezagidir. («Qobusnoma»dan) Insonning qiymati emas siymu zar, insonning qiymati ilm ila hunar. (A.Bedil) Amalsiz olim-yomg’irsiz bulut.(Arab maqollari)
Do'stlaringiz bilan baham: |