8-amaliy mashg’ulot
Mavzu: Gapning sintaktik tuzilishi
Ajratilgan vaqt – 2 soat
Darsning maqsadi: talabalarning gapning sintaktik tuzilishi,gap bo’laklari, gapning gap bo’laklari hisoblanmaydigan tashkil etuvchilari to’g’risidagi bilimlarini mustahkamlash, ularda gapning maksimal sintaktik tuzilishi haqida mukammal tushuncha va ko’nikma hosil qilish.
Ishning bajarilish tartibi.
1. Berilgan har bir gapdagi gap bo’laklarini aniqlab, tagiga chizing, har bir turini alohida yozib chiqing.
2. Gapning gap bo’laklaridan boshqa tashkil etuvchilarini aniqlab, guruhlarga ajrating va daftaringizga qayd qiling.
3.Belgilangan gap bo’laklari va gapning gap bo’laklaridan boshqa tashkil etuvchilarini a)tuzilishi; b)ifodalanishi; v) semantik-sintaktik vazifalariga ko’ra tahlil qilib, javobingizni ularning yoniga yozib chiqing.
19-mashq
Chinakam yaxshilikning asl belgisi tug’ilishdanoq hasad nimaligini bilmaslikdir. (Laroshfuko) G’urur sirg’anchiq qoya bo’lib, pastda bizni takabburlik va manmanlik kutadi. (P.Dekursen) Tulki terisini yopingan tekin maqtovdan qo’rq.(Goratsiy) Yolg’on ham ichkilikbozlikning o’zi. Yolg’onchi o’layotganda ham yolg’on gapirib o’ladi. (A.P.Chexov) Dononing tili qalbida, tentakning qalbi esa tilida. (N.V.Shelgunov) Janjallashayotgan ikki kishining aqllirog’i ko’proq aybdor. (I.Gyote) G’azab hamisha yomon nasihatchidir. (E. Zolya) Ma’naviyat insonga ona suti, ota namunasi, ajdodlar o’giti bilan birga singadi. (I.Karimov) Kitob insondan hech narsa tilamaydi, ammo uni kamolga etkazadi. (Otalar so’zi) Farzand olgan tarbiyasiga qarab ota-onasiga rohat yoki jazo keltiradi.(Hikmatdan) Sahovatning eng buyuuk jasurliklari vatanga bo’lgan muhabbat tufayli vujudga keladi. (J.J.Russo) Shunday jinoyat borki, uni oqlab bo’lmaydi: bu vatanga xiyonatdir. (P.Buast)
20-mashq
SIZ OTASIZ...
Siz ota bo’ldingiz. Nazaringizda atrof birdaniga yorishib ketganday bo’ldi. Yursangiz, bo’yingiz balandlashib qolganday, oyoqlaringiz ham erga tegmayotganday tuyuladi. Go’yo shu birgina bolangiz bilan dunyo to’lib qoldi, hamma kamu ko’stingiz bitganday bo’ldi. Yuragingizning tag-tagidan butun jismingizga bir shirin yayrash taraladi. Qo’lingizdagi bir parcha et sizning takroringizdir. Bitta edingiz, ikkita bo’ldingiz. U ulg’ayib o’zidan ko’paysa, uchta bo’lasiz, to’rtta bo’lasiz... Qarabsizki, inshoolloh, sizning nomingiz bilan ataladigan avlodingiz karvoni paydo bo’ldi. Bu beqiyos baxtning boshlanishi muborak bo’lsin, o’g’lonim!
Uyingizda farzand otliq shirin "dushman" paydo bo’ldi. Yuragingizning o’rtasiga bir ip bog’landi-yu, ikkinchi uchi bolangizga ulandi. Ko’ksingizning shu qismi endi hech uxlamaydi. Qaerda bo’lsangiz ham bir shirin og’riq bilan uy tomon tortaveradi, tortaveradi. Bu ip endi umringizning oxirigacha joningizni qo’yib yubormaydi. O’g’lonim, shunday onda bir dam o’zingizga keling: siz tug’ilganda, ota-onangizning ham shunday ko’yga tushganini tasavvur qiling. Ularning bag’ridagi o’sha og’riq siz ekanligingiz va ota-onaning bag’ri bu darddan hali ham ozurda ekanligini his eting va avvalo, qalban ularga ta’zim etib, so’nggina bolangizga yuzlaning.
Bolangizning shirin tili va shirin harakatlaridan simobday erigan paytlaringizda, u bemor chog’lari hali u, hali bu najotning ketidan sarson bo’lgan kezlaringizda ota-onangiz ham siz tufayli xuddi shu holga tushganini yodlab yuring va ularning ostonasiga bosh urib, uzrlaringizni aytishga shoshiling.
Do'stlaringiz bilan baham: |