5-amaliy mashg’ulot
Mavzu: Gap. Gapning asosiy mantiqiy-grammatik kategoriyalari
Ajratilgan vaqt – 2 soat
Darsning maqsadi: talabalarning gap, gapning grammatik ma’nosi, predikativlik va uning tarkibiy grammatik ma’nolari, gapning grammatik kategoriyalari va morfologik kategoriyalar to’g’risidagi bilimlarini mustahkamlash, ularda har qanday gapdan grammatik ma’nolarni hamda ularning ifodalanishini ajrata olish va gap tuzish ko’nikmasini hosil qilish.
Ishning bajarilish tartibi
1. Berilgan mashq, matn, gaplarda predikativlik qanday vositalar yordamida ifodalanganini topib, yozib chiqing.
2. Vositalarni predikativlikning ifodalanish usuliga ko’ra tahlil qilib, javobingizni 1-puntdagi izohingizning yoniga yozing.
3. Grammatik shaxs va zamonni morfologik shaxs va zamon bilan qiyoslang, farqlarini aniqlab, fikringizni alohida puntda ifodalang.
4. Gaplarni intonatsiyaning roliga ko’ra tahlil qiling. Intonatsiyaning o’zi bilan gap hosil bo’lishini dalillang.
11-mashq
Shijoatli kishi jangda dushman diliga vahima soladi, boshqalarni olg’a yurishga ilhomlantiradi.(Otalar so’zi) Alloh g’ayratli odamni yaxshi ko’radi.(Hadis). Kechira olishlik mardlik, kechira bilmaslik nomardlik. (A.Temur o’gitlari) Tug’dirgan emas, tarbiyalagan –ota.(Menandr) O’z o’g’lini hech bir foydali ishga o’rgatmagan odam o’g’ri boqayotgan bo’ladi.(T.Fuller) Yomon bolalar uchun ota-onani jazolamoq kerak. Ota-ona muhabbatining faqat bolaga qaratilishi dahshatli adashuvdir.(A.S.Makarenko) Bekorchi umr-bevaqt qarishdir.(I.Gyote) Har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga bo’lgan munosabat bilan belgilanadi. (I.Karimov) Ma’rifatli xalqlarning haqiqiy jasorati vatan yo’lida qurbon bo’lishga hozir ekanliklarida aks etadi. (G.Gegel) Kimki o’z yurtini sevmasa, u hech kimni seva olmaydi.(Bayron) Kuchli odamlar hamisha oddiydirlar. (L.N.Tolstoy) G’azab ustida jazo berish-jazolash emas, qasd olishdir. (P.Buast)
12-mashq.
Shogirdim, har qanday martaba topsang ham, okeanlarning kichik irmoqlarga ehtiyoji borligini unutma. Sergap kishidan ma’no kutma. Shogirdim, munozarada gapga chechan, lekin fikri sayoz nohaq kishini emas, teran va haqqoniy fikr yuritayotgan odamni qo’llashni odat qil. Bolani saratonning jaziramasiga, qishning izg’iriniga, hayotdagi har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradigan, matonatli kishi qilib chiniqtirmoq lozimdir. Kasbga bo’lgan havasni tarbiyalash mavsumiy ish emas, balki u butun o’quv-tarbiya izchilligining qonuni bo’lmog’i lozim. Kasb tanlashda, avvalo, shu kasbga bo’lgan havasing, iste’doding borligi haqida chuqur o’ylab, ishonch hosil qil, nihoyat, uni chuqur egallash yo’lida aqlu irodangni ishga sol. Bir tulpor bor: u seni eng uchqur qushlardan tez uchiradi, beqiyos qudrat beradigan, eng muhimi, ko’z gavharingni juda uzoqni, kelajakni ko’ra oladigan qiladi, aql –idrok, zebo xulq baxsh etadi. Bu tulpor fan asoslari bo’lib, yoshlikdanoq uni yaxshi egallab olishga intil. Fan ummonining tubidan g’avvos kabi mashaqqat chekib, javohir izlaydigan zahmatkashlargina tarixda qoladi. Soxta shuhrat izidan quvib, o’zini ko’z-ko’z qilib, suv yuzida suzib yurgan shuhratparastlar ko’pik kabi uchib ketadi. (R.Usmonov)
Do'stlaringiz bilan baham: |