AMALIY MASHG’ULOTLAR
(ONA TILINING SINTAKSIS BO’LIMINING SODDA GAP QISMI)
1- amaliy mashg’ulot
Mavzu: Sintaktik birliklar, sintaktik munosabat va sintaktik aloqa.
Ajratilgan vaqt- 2 soat
Darsning maqsadi: talabalarning sintaksisning o’rganish ob’ektlari, sintaktik birliklar, so’zlarning o’zaro bog’lanishi, sintaktik aloqa va sintaktik munosabat, ularning turlari to’g’risidagi bilimlarini mustahkamlash, ularda har qanday sintaktik tuzilmalardan sintaktik aloqa va sintaktik munosabatni hamda ularning turlarini ajrata olish ko’nikmasi va malakasini hosil qilish.
Ishning bajarilish tartibi:
1. Berilgan mashq, matnlardan sintaktik birliklarni aniqlab, daftaringizga ularni to’rt guruhga (so’z birikmasi, sodda gap, qo’shma gap, mikromatn) ajratib yozing.
2. Berilgan matndagi so’z birikmalari va gaplar (sodda va qo’shma gaplar) alohida-alohida guruhlarga ajaratib yoziladi.
3. Ajratib yozilgan sintaktik birliklardan dastlabki uchtasining komponentlari o’zaro qanday sintaktik aloqa va sintaktik munosabat asosida bog’langanini toping va yoniga yozib qo’ying.
4. Tahlil qilingan har bir sintaktik birlikdagi sintaktik aloqa va sintaktik munosabatni ifodalovchi vositalarni aniqlang va javobingizni birliklarning 2-puktdagi izohining davomiga yozing.
1-mashq
1. Topshiriqning mohiyatini yaxshilab anglab olmay ijroga kirishadigan bola bir ishni ikki marta bajaradi. 2. O’z ota-onasining qadrini bilmagan bola vijdon va or-nomus hislaridan mahrum bo’ladi. 3. Elga halol xizmat qilib, shon va shuhrat qozongan farzand ota-onaning umriga umr qo’shadi. 4. Kuch va g’ayrat qaynab-toshayotgan bolani... o’z vaqtida foydali ishga yo’llay olsak, rohatini ko’ramiz, aks holda, toshqin suvdek azobu uqubatini tortamiz. 5. Boladagi iste’dod biz tarbiyachilardan alanga kutadi.
2-mashq
Andijondagi hovlimiz esimga keladi. Buvim xuddi shunaqa mahal ariq bo’yida piyola yuvadi. Barmog’idagi uzugi piyolaga tekkanda chiq-chiq ovoz chiqazardi. Keyin choy damlab chochiqqa o’rab qo’yadi. Boshimga kelib: «Tur, tura qol, Saida», deb boshimni silaydi. Bearmon kunlar edi Andijondagi kunlarim! Meni Toshkentga nima bog’lab turibdi? Shu mehribon, shu pokiza kampir bilan taqdirimiz birlashib ketganimi? Unga behad mehr qo’yganimmi? Ayriliq dog’ida o’rtangan shu musichadek beozor xotinni tashlab ketish menga xuddi xiyonatdek bo’lib tuyilishimi? Shu munglug’, kichkinagina jusassida tog’dek yukni ingramay, faryod urmay ko’tarib yurgan jannati xotinni tashlab ketish mumkinmi? Biz oyim bilan ikkimiz bitta vujud bo’lib ketganmiz axir! Otilgan toshlar ikkiovimizga barobar tegadi. (S.Zunnunova)
Do'stlaringiz bilan baham: |