Muhokama uchun savollar:
3.3.1. Grammatik ma’noning umumiyligi nimalarda ko’rinadi ?
3.3.2. Grammatikaning o’ziga xos xususiyati nimada ?
3.3.3. Umumiyligiga ko’ra morfologik ma’no va sintaktik ma’noning farqi nimalarda ko’rinadi?
4- savol bayoni:
Biz yuqorida ko’rdikki, grammatikaning o’ziga xosligi leksikadan farqlanuvchi tomoni uning umumiyligi, umumlashma xarakterda ekanligidadir. Biroq bu umumiylik chek-chegarasiz, bilib bo’lmaydigan, tushunib bo’lmaydigan umumiylik emas. Grammatikadagi umumiylik ma’lum shakllardagi, daraja va chegaradagi umumiyliklardir. Ularning ayrimlari muayyan tur, guruhga oid umumiyliklar bo’lsa, ba’zilari bir necha tur, guruhga oid umumiyliklardir. Ular orasida umuman tilga oid umumiyliklar ham bor. Ana shu umumiyliklar xarakteriga ko’ra grammatika ikki qismga bo’linadi: morfologiya va sintaksis. Morfologiya grammatikaning quyi darajadagi umumiyliklarni o’rganadigan qismi va shunday umumiylik darajasidagi hodisalardir. Morfologiya so’zlarning birikish qonuniyatlari, usullari va bu birikish natijasida yuzaga keladigan hodisalarni emas, birikishgacha va birikishga tayyor bo’lgan umumiyliklarni o’rganadi. So’zlarning leksik-grammatik kategoriyalari-so’z turkumlari, so’zlarning ma’noli qismlari, so’z shakllari, ularning hosil bo’lish yo’llari ana shunday hodisalardir. Morfologiyada gap tarkibidan ajratib olingan so’zlarning va so’z-shakllarning belgi-xususiyatlari tekshiriladi. Buning sababi shuki, morfologiyada tilning leksik sathi bilan bog’liq umumiyliklar ham va sintaktik sath bilan bog’liq umumiyliklar ham va shu bilan birga ayni morfologiyaning o’zi uchungina xos bo’lgan hodisalar uyg’unlashgandir. Masalan, kitobga so’z shakli morfologik nuqtai nazardan ot (predmetning nomi) predmet tushunchasi bilan bog’liq, kitob o’zak; -ga qo’shimcha, konkret ot, yakka ot, turdosh ot,birlikdagi ot, sanaladigan ot, tushum kelishigidagi ot tavsifiga egadir. Bu erda kitobga so’zining predmet ma’nosini anglatishi, «predmet» tushunchasi bilan bog’lanishi uning leksik sath bilan aloqador jihati bo’lsa, tushum kelishigidagi ot ma’nosi uning sintaktik sathga aloqador xususiyatidir, boshqa belgi-xususiyatlari morfologiyaning o’zi bilan bog’liq ma’nolaridir. Demak, morfologiyada uch xil umumiylik mujassamlashgan. 1. So’zning bevosita nimani anglatishi, bildirishi, bilan bog’liq leksik satxga aloqador umumiy ma’nosi (predmet, belgi, miqdor, harakat kabilar). 2. So’zning boshqa so’zlar bilan aloqasi, bog’lanishi bilan bog’liq sintaktik sathga aloqador munosabat, bog’lanish holati bilan izohlanuvchi umumiy ma’nosi. 3. Ayni morfologiya bilan izohlanuvchi umumiy ma’no-xususiyatlar. Shu ma’noda morfologiya, leksika va sintaksis orasidagi oraliq shakllarni o’rganuvchi oraliqdagi sohadir. Uning o’ziga xosligi ham shundadir. Grammatikaning ikkinchi qismi sintaksis esa yuqori darajadagi umumiyliklarni o’rganadi. So’zlarning birikish yo’llari, sintaktik aloqa va munosabatlar, bular natijasida yuzaga keladigan hodisalar: so’z birikmasi, so’z tizmasi, gap, gap bo’laklari, qo’shma gaplar, murakkab sintaktik birliklar kabilar shular jumlasidandir. Sintaksisning o’ziga xos xususiyati uning mustaqil hodisalarning birikishi, o’zaro munosabati, aloqasi bilan bog’liq hodisalar bilan shug’ullanishidir. Shuning uchun ham u so’zdan, so’z-shakldan yuqori turadigan umumiyliklarni o’rganadi.Ularni umumiylashtiradi, umumiy qonuniyatlarni yoritadi .
Do'stlaringiz bilan baham: |