Son so`zlarining tuzilishiga ko`ra turlari.
Tuzilishiga ko`ra son turkumdagi so`zlar 3 xil bo`ladi: sodda, tarkibli, juft. Bir, uch, besh, ming, yuz kabi sonlar bir o`zakdan bo`lgani uchun sodda sonlarga kiradi. Shuningdek, tarixan qo`shma bo`lgan sakson, to`qson kabi sonlar ham sinxronik jihatdan sodda sonlarga kiradi. Tilimizda bir, ikki kabi sodda son tushunchasini bera oladigan sinonimlari ham mavjud. M: bir-yakka, yagona, yolg`iz, juft kabi miqdor tushunchali leksemaga teng keladigan ikki va undan ortiq sonlar deyiladi: un besh, bir yuz ellik besh, undan besh, uchdan bir kabi. Tarkibli sonlarning o`zaro ichki munosabati, bir xil emas. O`nlik xonasi doirasidagi tarkibli sonlar bir-biri bilan o`zaro teng boglanish asosida birikadi va shu sababli ular bir-birini aniqlamaydi, izohlamaydi. Ammo ikki yuz, uch ming kabi tarkibli sonlarda ikki va uch so`zlari aniqlovchilik vazifasini bajaradi. Chunki yuz, ming, million sonlari yaxlit va tugal sonlar hisoblanadi.
Olti-etti, besh-olti kabi ketma-ket keladigan ikki son tizmasidan iborat birikuvlarga juft sonlar deyiladi. Odatda juftlashayotgan sonlarda birinchi qismdagi miqdor oz, ikkinchi qismdagi miqdor ko`p bo`ladi. Un-un besh, uch-to`rt kabi. Juftlashish ikki xil bo`ladi:
Bir o`zak aynan takrorlanadi: o`nta-o`nta, uchta-uchta;
Har xil o`zaklar takrorlanib keladi: ikki-uch, to`rt-besh kabi.
Nazorat topshiriqlari:
Miqdor va tartib ma'noli so`zlarni tushintiring.
Son so`zlarni izohlang va tushuntiring.
3. Hisob so`zlarni tushintiring.
2-reja bayoni
Son so`zlar ma'nosi va grammatik xususiyatlariga ko`ra dastlab ikkiga bo`linadi.
Miqdor sonlar.
Tartib sonlar.
Miqdor predmetni sanash, donalash, taqsimlash va taxminlab ko`rsatish kabi ma'nolarni ifodalaydi va quyidagi turlarga bo`linadi: 1.sanoq sonlar. 2.chama sonlar.3. jamlovchi sonlar. 4.donalik sonlar. 5.taqsim sonlar.6 .kasr sonlar.
1980 yilda chiqqan darslikda («Hozirgi zamon o`zbek adabiy tili», Toshkent, 1980) miqdor sonlar to`rtga bo`lib ko`rsatgan. Dona va taqsim sonlar sanoq sonlar qatoriga kiritib yuborilgan. Xolbo`qi, dona va taqsim sonlar ham o`ziga xos semantik xususiyatlariga ega. M: «Besh metr chit»ni «beshta metr chit» deb yoki «o`n chaqirim yo`l» birikuvini «o`nta chaqirim yo`l» deb bo`lmaydi, shuningdek dona sonlardan keyin ko`plik qo`shimchasini kullab bo`lmaydi, masalan, oltitalar, beshtalar deb bo`lmaydi. (Bundalar qo`shimchasining taxmin, noaniqlik kabi ma'nolari bilan uning ko`plik vazifasi aralashtirmasligi lozim). Taqsim son ham xususiyatlarga ega.
Sanoq sonlar. Sanoq sonlar mustaqil xolda qo`llana oladi, ya'ni boshqa so`zlar bilan bog`lanishi shart emas. Sanoq sonlar ana shu xususiyati bilan ot turkumiga yaqinlashadi. Lekin sanoq son predmet tushunchasi emas, uning miqdorini bildiradi, xolos. Sanoq sonlar bog`langan ot tushib qolganda son so`z otlashadi: O`n to`qqizdan oshmay tur, go`zal. (X. O.)
Sanoq sonlar sonning boshqa turlari uchun asosdir. Sanoq sonning o`zida esa maxsus morfologik belgi yo`q: bir, ikki, uch, to`rt, besh, olti va x. Sanoq son aniq miqdorni ko`rsatganligi sababli sanaluvchi predmetning atamasi bo`lgan so`z ko`plik qo`shimchasi - lar ni olmaydi, ya'ni: un kishi (un kishilar emas). Ammo gumon, taxmin ma'nosidagi sanoq sonlar ko`plik ko`rsatkichi -lar ni qabul qiladi. m: Sen kelganda soat uchlar edi.
Sanoq son o`zidan oldin aniqlovchi,ayniksa sifatlovchi aniqlovchi olmaydi :yaxshi beshta kitob emas,beshta yaxshi kitob-deyiladi.
Sanoq sonlar otlashganda egalik,kelishik qo`shimchalarini olib turlanishi mumkin. M: Uchga kirdi, uchdan to`rtga o`tdi, uchni to`ldirdi kabi.
Sanoq sonlardan bir so`zi va uning ma'nolari. Sanoq sonlardan «bir» soni turli ma'no va vazifalarda kela olishi mumkin Ular quyidagichadir:
1. O`lchov ma'nosida keladi: Bir metr atlas, bir karich er, bir gaz buyin bor kabi.
2. Og`irlik miqdorini ifodalaydi: Bir kilo uzum, bir pud bug`doy kabi.
3. Ayiruv chegaralov yuklamasi ma'nosida: Mening mexribonim, ishonganim bir sensan, Olloh.
4. Uxshashlik ma'nosini anglatadi: Otasi ham, o`g`li ham bir go`r. Ona bolaning xarakteri bir.
5. Noaniqlik, mavhum ma'noni anglatadi: Sizni bir qiz kutayapti.
6. Kuchaytiruv yuklamasi ma'nosida qo`llanadi: Navro`zda Gulnoza bir o`ynaydi, bir o`ynadi hamma xayron qoldi.
7. Ravish ma'nosida keladi: Bir-bir bosib kelar sanam, kelar salona-salona.
8. Ayiruv bog`lovchisi vazifasida keladi: Bir kuladi, bir yig`laydi, o`zini yo`qotib qo`yibdi.
Sanoq sonlarning qo`llanishida numerativlarning ishtiroki. Sanoq sonlar numerativlar bilan ham qo`llanadi. Sanoq son predmet atamasi bo`lgan ot so`z o`rtasida keladigan numerativ (numerativ lotincha hisob degani) so`zlar predmetlarning turi va xususiyatiga qarab qo`shiladi. Numerativlar sanlayotgan predmetlarni ko`rsatmay, o`sha predmetni hisoblashda uni qaysi kategoriyaga, guruhga, turga oid ekanligini aniqlash uchun qo`shiladi.
O`zbek tilida numerativ so`zlar qo`llanishiga ko`ra quyidagi turlarga bo`linadi:
Predmetni donalab yakkalab ko`rsatish uchun ishlatiladigan numerativ so`zlar: dona, nusxa, bosh, tub, nafar kabilar
Butunning, guruhning, to`daning qismini hisoblash uchun ishlatiladigan numerativ so`zlar: burda, parcha, varak, og`iz, luqma, qultum, siqim, tilim, chimdim, tomchi kabilar.
To`dalab guruhlab ko`rsatuvchi hisob so`zlar: tub, gala, to`da, guruh, dasta,bog`, shoda va boshqalar.
Juft predmetlar hisobida qo`llanuvchi numerativlar: juft, para kabi.
Og`irlikni o`lchash uchun ishlatiladigan hisob so`zlar: Qadoq, kilo, pud, tonna, qoshiq, piyola, chelak, xovuz, botmon, sentner kabilar.
Uzunlik o`lchovi uchun ishlatiladigan hisob so`zlar: metr, karich, chakirim, odim, quloch, gaz va boshqalar.
Vaqt o`lchovini ifodalash uchun ishlatiladigan numerativlar: kun, oy, yil, xafta, soat, daqiqa kabilar.
Qiymat hisobini ifodalovchi numerativ so`zlar: sum, tiyin, tanga, chervon, selkovoy kabilar.
Xajm ma'nosini ifodalovchi numerativlar: kub, kvadrat, doira kabilar.
Xullas, sanoq sonlar turkumi doirasiga ko`ra ham miqdoriga ko`ra ham o`ziga xos o`rinni egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |