Denatsionalizatsiya - xususiylashtirishga qarang.
Denominatsiya - pul muomulasini tartibga solish maqsadida, milliy pul birligini, mustahkamlash uchun eski pul belgilarini o‘rnatilgan nisbatda yangisiga almashtirish.
Shu belgilangan nisbatda baholar, tariflar, mehnat haqlari, bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘ining qoldiqlari, korxona va muassasa balanslari qayta hisoblanadi. Denominatsiya natijasida shuningdek, pul birligining valyuta kursi ham o‘zgaradi.
Deponent (lat. depono - yig‘aman) - korxona, tashkilot, muassasa yoki jismoniy shaxsning korxona, tashkilot, muassasada vaqtincha saqlayotgan mablag‘i.
Deponent summasi ishchi va xizmatchilarni mehnat haqini o‘z vaqtida olinmagan summalaridir. Mehnat haqini to‘lash uchun muddat asosan 3 kun qilib belgilanadi. Muddat tugagandan so‘ng, olinmagan mehnat haqi summalari qaydnomaga yoki deponentlar kitobiga xodimning ismi, familiyasi, otasining ismi, tabel raqami, hisob-to‘lov qaydnomasi raqami va oy, hamda summa yoziladi va deponentlangan deb belgilab qo‘yiladi. O‘z vaqtida to‘lanmagan pullar korxonaning bankdagi hisob-kitobiga qaytariladi.
Deponent summasi o‘z mo‘ljali bo‘yicha ishlatilishi kerak. Belgilangan muddat tugagandan so‘ng, korxonaning daromadiga o‘tkaziladi.
Deponent bo‘yichahisob-kitob uchun 6720 - “Deponentlangan ish haqi” hisobvarag‘idan foydalaniladi. Hisobvaraqning kreditiga deponent summalari o‘tkazilsa, debetiga esa, to‘langan summa yoziladi. Deponentning analitik hisobi har bir deponent bilan hisob-kitob holati haqida ma’lumot beradi.
Depozit foizi - tijorat bankining mijoz jamg‘armasidan foydalanganlik uchun to‘laydigan foizi.
Depozit sertifikati - ma’lum bir muddatga pul mablag‘larini bankka qo‘ygan shaxslarga bu haqda tasdiqlovchi qimmatbaho qog‘oz bo‘lib, uning egasi daromad manbai hisoblanadi. Depozit sertifikati boshqa shaxslarga beriladigan va berilmaydigan bo‘lishi mumkin.
Devalvatsiya - milliy valyutaning ta’minlanganligi bo‘lib, xorijiy valyutaga yoki xalqaro pul birligiga, oldinlari esa - oltinga nisbatan milliy valyuta kursining pasayishini aks ettiradi. Devalvatsiyanig sababi – inflyatsiya, alohida davlatlarning notekis rivojlanishi, hamda to‘lov balansining defitsitligidir.
Devizlar - xorijiy valyutadagi qarz talablari va majburiyatlari bo‘lib, ularning yordamida xalqaro hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Devizlarga xorijiy banklardagi o‘tkazmalar, cheklar, akkreditivlar, chet elda to‘lanishi kerak bo‘lgan to‘lov talabnomalari, to‘lov topshiriqnomalari, vasiqalar, shuningdek, xorijiy bank biletlari (banknotlar) va monetalar misol bo‘ladi.
Qiymati kuchli valyutalar (dollar, funt sterling, evro, iena va boshqalar) ko‘rinishidagi devizlar markaziy bank va xazinachilikda valyuta jamg‘armasining bir qismi hisoblanadi. Devizlarning bahosi milliy valyutada valyuta kursi bilan belgilanadi.
Deviz siyosati - valyuta siyosatining shakli bo‘lib, xorijiy valyutani sotib olish va sotish yo‘li bilan valyuta kursini tartibga solishga asoslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |