Grantlar faqat eng a'lochi yoki eng faol odamlar uchun emas
Biror to'liq grant haqida eshitsangiz, uni yutib oladigan odamni hamma yerda har xil loyihalar qilib yurgan, 2-3 tilni biladigan, yoki IELTS'dan 8.5 olgan, o'ziga ishongan, dunyoni o’zgartirib yuborishga bel bog'lagan odamni tasavvur qilish tabiiy hol. Eng kamida, baholari yuqori bo'lgan va ijtimoiy jihatdan ancha faol odamlar grantlar uchun munosib bo'lib tuyiladi. Aslida ham, juda ko’p grant dasturlari talablarida aynan shunday sifatlar yozib qo'yilgan bo’ladi. Ya’ni, yaxshi grantlar a'lochi, yetakchi va aniq maqsadlarga ega bo'lgan, ijtimoiy faol nomzodlarga berilishi rost. Ammo, “umidli” nomzod qanday bo’lishi kerakligini grant beruvchi tashkilot siz tasavvur qilgandan boshqacha tasavvur qiladi. “Faol” nomzod har doim ham siz o'ylagandek, 5 ta konferensiya, yoki 4 ta almashinuv dasturida qatnashib, 3 ta ilmiy maqola yozib qo'ygan bo'lavermaydi. Juda ko’p grant dasturlari favqulodda qobiliyatlar, favqulodda yutuqlarga erishgan insonlarni emas, chin dildan, chin ishtiyoq bilan o'z ustida ishlayotgan, bu borada o'z orzulariga berilgan insonlarni mo'ljal qilib oladi. Grant ajratuvchu tashkilot va universitetlar insonning inson ekanini yaxshi tushunishadi, va hali katta yutuqlarga erishmagan bo'lsa-da, biror ijobiy ishni amalda boshlab, biroz siljish qilgan nomzodlarga grant berishadi. Siz hujjat topshirishga qo’rqib yurgan grantni xuddi sizdek, biror universitetni “4” baho bilan tamomlab, biror tashkilotda 2 yil ishlagan, ba'zi qatnashish qiyin bo'lmagan konferensiyalarda ishtirok etib, Courserada siz ham olishingiz mumkin ba’zi sertifikatlarni olib qo'ygan odam yutib ketadi.
Ajoyib grantlarni oddiy odamlar yutadi
Bir vaqtlar tanishlarimdan biri AQShda o’qish uchun barcha xarajatlari qoplanadigan grantni yutib olganida hayron qolganim esimda. “U ham o'zimdaka odamku? Men ham shu universitetda o’qiyman. Men ham shunday baholar olganman. Uning aqli yetgan narsalarni men ham qilganman. Aytarli biror muhim ish ham qilmagan. Undan salohiyatli odamlar ham tiqilib yotipti. Lekin eng yaxshi grantlardan birini yutipti. Nahotki “mendaka” odamlar ham shunaqa “dahshat” grantlarni yuta olsa-ya?” – men mana shularni o'ylaganman. Keyin ustozlarimdan birining qistovi bilan o'sha grantga hujjat topshirganman.
Qarang qanday grant. Biletingizgacha sotib olib beradi. Qabul ko'rsatkichi 3% ekan. O'zbekistonda bilasizmi qanday yoshlar bor?! Baribir yutolmayman. Baholarim past. Umrimda biror foydali, ijtimoiy ahamiyatga ega ish qilmagan bo'lsam. Nimamni qabul qilishadi?
Borib, hujjat tayyorlab, olib keling. Grantni aynan sizdaka qovoq kallalar uchun mo'ljallashgan, sizning yoshda sizdan PhD darajasidagi olimning natijalarini kutmaydi ular ham. Aqlli odamlar ko’p. Grantlar ularning ichida “duxi” yetganlarga nasib qiladi.
Shu grant dasturiga meni qabul qilishdi. O’shanda bir narsani tushundim: grantlarni oddiy odamlar yutib oladi. Grant yutib olish uchun, avvalo, chin dildan harakat qilib, bilim olish kerak. Chin dildan izlanib, yaxshi g'oyalar topish zarur. Amalda kichkina bo’lsa ham qadam tashlash kerak. Ammo, shu harakatlarning natijalarini boshqalarga solishtirmasdan, grantga hujjat topshirish lozim.
Juda ko’p grantlar ayni vaqtda katta yutuqlarga erishmagan bo’lsa ham, o'ziga ishongan, turli g'oya va rejalarga ega, dunyoqarashi keng nomzodlarga nasib qiladi. Umuman olganda, hujjat topshirishga erinmasdan, shunchaki ariza berish zarur. Urinib ko'rmasangi, o'rningizga siz “yutolmayman” deb hujjat topshirmagan grantga o'z vaqtida, qunt bilan ariza bergan, o'zingizdek “oddiy” odam grantni yutib ketaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |