Grantni birinchi martada yutolmaslikka ruhan tayyorlaning
Grant yutib olish oddiy va tez bo'ladigan jarayon emas. Shuning uchun, biror o'quv yilini tanlab olib, shu o’quv yili uchun bir nechta grant dasturlariga ariza topshiring. Grantni birinchi martada yutolmaslik juda ko’p uchraydigan holat. Grantlarga ariza topshirishda tajribasizlik, munosibroq boshqa nomzodlarning ko'pligi va boshqa sabablar tufayli grant beruvchidan rad javobi olishingiz mumkin. Boshqa barcha jarayonlarda bo'lgani kabi, grant yutib olishda ham muvaffaqqiyatsizliklar ko’p bo’ladi va sizdan taslim bo'lmasdan, kamchiliklaringizni tuzatib, qaytadan harakat qilish talab etiladi. Agar grant yutolmagach, nega yutolmaganingiz haqida jiddiy o'ylab ko'rmasangiz, xatolaringizni tuzatishga harakat qilmasangiz, katta ehtimol bilan, grantni keyingi safar ham yutolmaysiz. Agar yutolmagach, ruhingiz tushib, qaytib hujjat topshirmasangiz, grantni aniq yutolmaysiz. Nima bo'lganda ham, grantni chin dildan tayyorlanib, qunt bilan hujjat topshirish va yutolmasligingiz mumkin ekanligini ham esda saqlab turishingiz kerak.
O'zingizga hammadan avval o'zingiz rad javobini
Bu maqolani o'ylanavermasdan, shartta hujjat topshirisj haqida boshlagan edik, shu gap bilan yakunlaymiz. Grant dasturining talablari qo'rqinchli tuyilishi, siz esa bu talablarga bazo'r javob beradigandek, grant munosibroq boshqa raqiblar ko'p tiyilsa ham, hujjat topshirib ko'ring (bu – baholari 90% talab qilingan grantga 60% baholar bilan, yoki fizika yo'nalishi talab etilgan grantga psixologiya diplomi bilan hujjat topshirish mumkin, degani emas. Gap nomzod raqobatchilardan kuchsizroq tuyilsa-da, grantning umumiy talablariga mos bo'lgan vaziyatlar haqida ketyapti). Hujjat topshirish orqali ko’p narsa yo'qotmaysiz. Agar qabul qilishmasa, hujjat tayyorlashga ketgan bir oz vaqt va ariza to'loviga sarflangan mablag'ni yutqazishingiz mumkin. Lekin u vaqt va mablag'ni shundayga ham sarflab yuborgan bo'lar edingiz. Ammo, grant yutib olsangiz, butun hayotingiz o'zgarib ketishi, kamida mablag' tejab qolishingiz mumkin bo’ladi. Shuning uchun, biror grant dasturini ko’rsangiz va sohangiz mos kelsa, shunchaki hujjat topshiring. Boshida qiziq tuyilmasa ham, yutolmaydigandek tuyilsangiz ham, shunchaki qunt bilan hujjat tayyorlab, topshiring. O'z nomzodingizni qabul jamoasiga yetib bormasidan avval chetlashtirib yubormang. O'zingizga o'zingiz rad javobi bermang. Hali urinmasdan turib taslim bo'lmang.
Do'stlaringiz bilan baham: |