Grantlar nega mavjudligini unutmang
Grant berayotgan universitet yoki tashkilotlar xayriya uchun pul ajratadigan muassasalar emasligini unutmang. Universitet va tashkilotlar raqobatchilardan orqada qolmaslik, bozor talabiga javob berish va mavqelarini oshirish maqsadida ko’p ter to'kadi va bosimga uchraydi. Agar ular shunday vaziyatda ham o'zlari yaxshi tanimagan bir necha o'n yoki yuz talabaga grant ajratgan, har biriga minglab AQSh dollari mablag' berayotgan bo'lsa, buning o'z sabablari bo'ladi. Grant ajratgan tashkilot yoki universitet iqtidorli talabalarni qo’llab-quvvatlashdan tashqari, o'zi olib borayotgan ishlar, masalan, tadqiqot, o'qitish yoki turli jarayonlarni yaxshilash, sifatini oshirish, obro'sini mustahkamlash yoki yaxshi kadrlarni saralab olish kabi, o'zlari uchun manfaatli maqsadlar bilan grant dasturlarini e'lon qiladilar. Grantlarni esa, universitetni ajoyib yutuqlar bilan tamomlashi, kelajakda foydali ishlar qilishi ehtimoli baland bo’lgan, universitet uchun reklama va obro' bo'ladigan nomzodlarga belgilashadi. Agar grantni biror muassasa (masalan, bank) ajratsa, kelajakda yaxshi kadr bo'lib yetishishi ehtimoli baland nomzodlar saralab olinadi. Shuning uchun, biror grant dasturiga hujjat topshirishdan oldin, grantni kim berayotgani, va bu tashkilot yoki muassasa nima ish bilan shug'ullanishini aniqlang. Agar grantni universitetning o'zi ajratsa, universitet saytida eng ko’p ko'tariladigan mavzular, universitet missiyasi va boshqa ma'lumotlar bilan yaxshilab tanishib chiqing. Ba'zi grantlar ma’lum maqsad va mavzuga ega bo’ladi, bu grantlarga ham grant beruvchining maqsadlari va mafkurasiga mos nomzodlab saralab olinishini yodda saqlang. Hujjat topshirayotganda, grant ajratuvchi muassasaga qanday foydangiz tegishini o'ylab ko'ring. Motivatsion xat va tavsiyanomalarni tayyorlashda shularni hisobga oling. Bitta motivatsion xat yozib, uni sal o'zgartirib bir nechta grantga topshirib yubormang.
Erishgan yutuqlaringizni siz ko’rsatib bermaguncha boshqalar sezmasligi ham mumkin
Grant uchun motivatsion xat, shaxsit bayonot (personal statement) va shu kabilarni tayyorlashda ortiqcha kamtarlik qilmang. Agar ba'zi tanlovlarda qatnashgan, o'zingizga katta tuyilmasa ham, ba'zi yutuqlarga erishgan bo'lsangiz, yoki do'stlaringiz ko’p aytadigan ijobiy sifatlaringiz bo’lsa, ular haqida yozing. Ko’p grantlarning ariza shakllarida nega shu grant uchun munosibligingiz haqida yozilgan insho so'raladi. Ularga javob berishda o'zingizni maqtash erish tuyilishi mumkin. O'zingizni maqtash aslida shart emas. Shunchaki, qo'lingizdan keladigan ishlar, mavjud qobiliyatlaringiz, bugungacha erishgan yutuq va qilgan ishlaringizni chiroyli usulda ko'rsatib, talaba sifatida grant beruvchi tashkilotga yoki universitetga qanday foydangiz tegishi mumkin ekanligini yozsangiz, kifoya. Agar nima deyishni bilmasangiz, ariza tayyorlashni bir oz to'xtatib, o'ylab ko'ring: chindan o'zingiz uchun so'rayotgan minglab dollar mablag'ni oqlay olishingizga ko'zingiz yetadimi? Ota-onangiz ham bermayotgan mablag'ni ajratishi mumkin muassasa uchun biror foydali ish qilish haqida vijdonan o'ylab ko'ring. Shunda ham biror fikr kelmasa, balki, birovning pulini uvol qilmaganingiz ma'quldir…
Do'stlaringiz bilan baham: |