2. Globallashuv tushunchasining mohiyati va rivojlanish evolyutsiyasi
XX asrning oxiri va XXI asr boshida jahon iqtisodiyoti rivojlanishining asosiy jarayonlaridan biri progressiv globallashuv, ya’ni iqtisodiy hayotning baynalmilallashuv jarayonidagi sifat jihatidan yangi bosqichdir. Globallashuv jarayonlarining oqibatlari to‘g‘risidagi turli nuqtai nazarlar mavjud bo‘lib, ularning ayrimlari jahon iqtisodiy tizimiga jiddiy tahdid solmoqda, boshqalari esa keyingi iqtisodiy taraqqiyot uchun vosita bo‘lmoqda. Globallashuvning oqibatlari ijobiy yoki salbiy bo‘lishi noaniq, ammo, vaziyat shundayki, uning muqobili yo‘q.
Shuning uchun asosiy e’tiborni ushbu jarayonlar keltiradigan xavfxatarlar (tahdidlar) hamda globallashuv jarayonida yuzaga keladigan imkoniyatlar va foydalarni o‘rganishga qaratish zarur. Sababi globballashuv bir jihatdan katta xavf-xatar bo‘lishi bilan birga ikkinchi tarafdan keng imkoniyatlar hamdir. Muhimi to‘g‘ri harakatlanish orqali jarayonni o‘z foydasiga hal qilishdir. Buning uchun eng avvalo, “globallashuv”, “iqtisodiy hayotning baynalmilallashuvi”, “xalqaro iqtisodiy hamkorlik”, “xalqaro iqtisodiy integratsiya” tushunchalari o‘rtasidagi munosabatlarni aniqlash zarur.
Globallashuv jarayonining mohiyati, uning shart-sharoitlari, o‘ziga xos ko‘rinishlari, uning ijobiy hamda salbiy oqibatlariga aniqlik kiritish muammolarini hal qilish to‘g‘ri yondashuvni shakllantirishga asos bo‘ladi. Xalqaro ishlab chiqarish hamkorligi, umuman, xalqaro mehnat taqsimoti, tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi natijasida milliy iqtisodiyotlarning bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqligi ortib boradi. Sababi tashqi omillarni hisobga olmasdan iqtisodiy rivojlanishga erishish mumkin emas. Bu hodisa iqtisodiy hayotning baynalmilallashuvi deb ataladi. Bu tushunchaning umumiy ta’rifi quyidagicha: “Xo‘jalik faoliyatining baynalmilallashuvi alohida mamlakatlar iqtisodiyotidagi munosabatlar va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, xalqaro iqtisodiy munosabatlarning milliy iqtisodiyotlarga ta’siri va mamlakatlarning jahon iqtisodiyotida ishtirok etish darajasi va holatidir”. Globallashuv jarayoni o‘zi rivojlanish taraqqiyotida bir necha bosqichlarni bosib o‘tdi. Dastlab u xalqaro iqtisodiy hamkorlik sifatida qaralgan: u, birinchi navbatda, muomala madaniyati sohasiga ta’sir ko‘rsatdi. Bu esa xalqaro savdoning paydo bo‘lishi (XVIII asr oxiri –XX asr boshlari) bilan bog‘liq edi. XIX asr oxiriga kelib kapitalning xalqaro harakati yanada mustahkamlanib bordi, munosabatlar kengayib, iqtisodiy hamkorlik avj oldi.
Xalqaro iqtisodiy hamkorlik mamlakatlar va xalqlar o‘rtasida barqaror iqtisodiy aloqalar o‘rnatish, reproduktiv jarayonni milliy chegaralardan tashqarida ham rivojlantirish demakdir. Keyingi bosqich xalqaro iqtisodiy integratsiya bo‘lib, xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi, kapitalning baynalmilallashuvi, ilmiy-texnologik taraqqiyotning globallashuvi va milliy iqtisodiyotlarning ochiqligi va savdo erkinligining oshishi bilan uzviy bog‘langan. Shu o‘rinda integratsiya so‘ziga izoh berib o‘tadigan bo‘lsak, integratsiya (lotincha integratio) – alohida qismlarning umumiy, bir butun, bir butunlikka bog‘lanishini bildiradi. Xalqaro iqtisodiy integratsiya milliy iqtisodiyotlarning yaqinlashuvi va o‘zaro moslashuvi, ularning xalqaro miqyosda takror ishlab chiqarish jarayoniga qo‘shilishidir. Xalqaro iqtisodiy integratsiyani alohida milliy iqtisodiyotlar o‘rtasidagi mehnat taqsimotiga asoslangan iqtisodiy birlashuvi jarayoni, chuqur va barqaror munosabatlarni rivojlantirish orqali turli shakl va darajadagi o‘z iqtisodiyotlarini boshqalarga nisbatan baholashlari deb ta’riflash mumkin.
Xalqaro iqtisodiy integratsiya jahon xo‘jaligi rivojida ancha yuqori, samarali va istiqbolli bosqich, iqtisodiy munosabatlarni baynalmilallashtirishda sifat jihatidan yangi va murakkab bosqich hisoblanadi. Bu bosqich nafaqat milliy iqtisodiyotlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, balki iqtisodiy muammolarni birgalikda hal etishni ham ko‘zda tutadi. Binobarin, iqtisodiy integratsiyani mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy munosabatlar jarayoni sifatida baholash mumkin. U iqtisodiy mexanizmlarning yaqinlashishiga olib keladi, davlatlararo bitimlar maqomini oladi, uning shartlari davlatlararo tashkilotlar tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Iqtisodiy integratsiya quyidagilarda o‘z ifodasini topadi:
- turli mamlakatlar milliy xo‘jaliklari o‘rtasidagi hamkorlik (ularni to‘liq yoki qisman birlashtirish);
- Dunyo mamlakatlari o‘rtasida tovarlar, xizmatlar, kapital va mehnat harakati sohasida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish;
- yagona umumiy bozorni shakllantirish uchun alohida mamlakatlarning har biri bozorlarining yaqinlashuvini ta’minlash;
- hamkorlikka kirishgan agentlar o‘rtasidagi farqlarning yiriklashishi;
- milliy iqtisodiyotlarning har birida xorijiy hamkorlarga nisbatan hech qanday kamsitish shaklining yo‘qligi va boshqalar.
Iqtisodiy integratsiya jarayonlari ikki tomonlama – mintaqaviy yoki global asosda kechadi. Hozirgi davrda integratsion birlashmalarning xarakterli xususiyati ularning mintaqaviy darajada rivojlanganligidir: umumiy va davlatlararo boshqaruv tizimlariga ega bo‘lgan integral mintaqaviy iqtisodiy majmualarga endilikda asos solinmoqda. Hozirgi bosqichda barcha xalqaro munosabatlar tizimida chuqur o‘zgarishlar yuz bermoqda.
Bu esa globallashuvning muhim xususiyatlaridan biri bo‘lib, iqtisodiy integratsiya va globallashuvga olib keluvchi o‘zaro bog‘langan jarayonlar zanjirini quyidagicha ifodalash mumkin (1-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |