4-bob. Suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish uchun ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qisman qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi
22. Suv tejovchi sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan talabgorlarning sug‘orish texnologiyasi butlovchi qismlarini xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha har bir gektarga 20 mln. so‘mdan oshmaydigan qismiga ajratiladigan kreditlar bo‘yicha belgilangan foiz xarajatlarini qoplash ushbu Nizomga 5-ilovada ko‘rsatilgan foizlar va shartlarda hamda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 28-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
23. Suv tejovchi sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan talabgorlarga suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha bir gektarga 20 mln so‘mdan oshgan qismi (kompensatsiya qilinmaydigan qismi) alohida tijorat krediti bilan rasmiylashtiriladi.
24. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan ikki ish kunida talabgorlarning kredit majburiyatlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash yuzasidan Davlat budjetidan mablag‘lar ajratish to‘g‘risidagi talabnomalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
25. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining talabnomalarini ko‘rib chiqadi va ikki ish kunida tegishli mablag‘larni ilgari ajratilgan budjet mablag‘laridan foydalanish holatini inobatga olgan holda ajratadi.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qo‘shimcha asoslantiruvchi hisob-kitob ma’lumotlari (tijorat banklari tomonidan kreditning qancha muddatga ajratilganligi, o‘tgan moliya yilida ajratilgan mablag‘lar bilan qancha qismi qoplab berilganligi va rejalashtirilayotgan moliya yilida qolgan qismi uchun qancha mablag‘ talab qilinishi hamda olinadigan kredit bo‘yicha prognoz) talab qilib olinishi mumkin.
26. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan talabgorlarning suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq loyihalari amalga oshirilgan yer maydonlari bo‘yicha keyingi yillarda amalga oshiriladigan loyihalari uchun kredit majburiyatlarining bir qismini qoplashga yo‘l qo‘yilmaydi