O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2020-yil 19-fevral,
98-son
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-fevraldagi 98-son qaroriga
1-ILOVA
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga paxta xomashyosi, donli ekinlar, sabzavot ekinlari va kartoshka, poliz ekinlari va ozuqabop ekinlar (keyingi o‘rinlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari deb ataladi) yetishtirish uchun suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini, shuningdek, ularni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash tartibini belgilaydi.
Suv tejovchi sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan maydonlar uchun subsidiya davlat budjetidan faqat bir marotaba ajratiladi.
Kalendar yil budjeti parametrlarida suv tejovchi sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan maydonlarga subsidiya ajratish uchun ko‘zda tutilgan mablag‘larni o‘tgan yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan maydonlarga subsidiya sifatida ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2. Mazkur Nizom talablari 2020-yil 1-yanvardan boshlab suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan maydonlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
talabgorlar — suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etuvchi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari;
tomchilatib sug‘orish — qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishning o‘simliklar ildizi yonidagi zonaga kam miqdorda (tomchilatib) suv yetkazib beradigan usuli;
yomg‘irlatib sug‘orish — qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishning tuproq va o‘simliklar yuza qismiga suv tabiy yomg‘ir suvi bilan sug‘orishga imkon qadar yaqinlashtirilgan yomg‘irlatib sug‘orish orqali yetkazib beriladigan usuli;
keng qamrovli yomg‘irlatib sug‘orish tizimi (keyingi o‘rinlarda keng qamrovli sug‘orish tizimi deb ataladi) — keng maydonni qamrab oluvchi o‘zi yuruvchi agregatning aylanma yoki frontal harakatida suv yetkazib beriladigan yomg‘irlatib sug‘orish tizimi;
“sprinkler” tizimi — statsionar kalta purkovchi uskunalar yordamida suv yetkazib beriladigan yomg‘irlatib sug‘orish tizimi;
yerlarni lazer yordamida tekislagan holda diskret sug‘orish usuli (keyingi o‘rinlarda diskret sug‘orish deb ataladi) — qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishning yerlarni dastlab lazer qurilmali tekislagich agregat yordamida tekislab suv egiluvchan sug‘orish quvurlari orqali tanafus bilan yetkazib beradigan usuli.
4. Subsidiyalarning bazaviy hisoblash miqdorlari ekin maydonining har bir gektari uchun quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun — 8 mln so‘m;
yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari uchun — 4 mln so‘m;
diskret sug‘orish uchun — 1 mln so‘m.
5. Ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan subsidiyalar miqdori uning bazaviy hisoblash miqdoriga qishloq xo‘jaligi ekin turi va yerlarning bonitet ballaridan kelib chiqadigan koeffitsiyentni ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.
6. Qishloq xo‘jaligi ekin turlari va yerlarning bonitet ballaridan kelib chiqadigan koeffitsiyentlar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq hisoblanadi.
7. Talabgorlarning suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash har yili O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadigan qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish manzilli dasturi (keyingi o‘rinlarda manzilli dastur deb ataladi) doirasida amalga oshiriladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-iyundagi 411-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.06.2020-y., 09/20/411/1000-son)