1-mavzu: Inson geografiyasining fanlar
tizimida tutgan o’rni, tadqiqot ob’ekti va predmeti
5
1960-70 yillarda geografiya hududiy tizimlar haqidagi fan degan qarashlar
yuzaga keldi. Lyudvigu fon Bertalanfi fikriga ko’ra, tizim bu doimo o’zaro
munosabatda bo’lib turadigan elementlar majmuasidan iborat. Yu.G.Saushkin
iqtisodiy geografiya – hududiy ijtimoiy-iqtisodiy tizimlarning shakllanishi,
faoliyati va rivojlanish jarayonlari hamda ushbu tizimlarni boshqarish haqidagi
fandir, deb ta’kidlagan. A.I.Chistobayev, M.D.Sharigin, V.V.Voronin va boshqalar
iqtisodiy va ijtimoiy geografiya hududiy ijtimoiy tizimlarni o’rganadi, deb
hisoblaydi.
A.S.Soliyevning fikriga ko’ra, har qanday fan alohida fan sifatida faoliyat olib
borishi uchun avvalo u o’z tadqiqot ob’ektiga, o’zining predmetiga ega bo’lishi
kerak. Bu yerda ob’ekt serqirra borliq, hodisa yoki voqealar bo’lib, u birgina fan
uchun emas, balki ko’p fanlar birikmasi uchun xizmat qiladi. Masalan: aholi ayni
paytda, iqtisodchilar, demograflar, etnograflar, sotsial geograflar va boshqa fan
vakillarini qiziqtiradi. Ammo har qaysi fan namoyondasi aholini o’z tomonidan
o’rganadi. Jumladan, iqtisodchilar uchun aholi, bu asosiy ishlab chiqaruvchi kuch,
mehnat qiluvchi sub’ekt sifatida ko’riladi, etnograflar uchun aholining
qiziqtiruvchi tomoni uning milliy urf-odati, kiyinishi, an’analaridir. Demograf esa,
aholini biosotsial kategoriya sifatida o’rganadi, ya’ni u aholining tabiiy va
migratsion ko’payishi (tug’ilish, o’lish, ko’chib yurish), nikoh, ajralish va boshqa
tomonlarini ilmiy asosida tahlil qiladi. Demak, ob’ekt keng qamrovli tushuncha,
predmet esa nisbatan tor ma’noda bo’lib, u shu ob’ektning qaysi tomonini
o’rganishini bildiradi.
Inson geografiyasining ob’ekti bo’lib ishlab chiqarish kuchlari, ularni hududiy
tashkil etish, hududiy sotsial-iqtisodiy tizimlar xizmat qiladi. Shubhasiz, bu ob’ekt
bilan iqtisodchilar ham shug’ullanishsa-da, geograflar asosan hududiy sotsial-
iqtisodiy tizimlarni (yoki majmualarni) turli rayonlarda ijtimoiy va hududiy
mehnat taqsimoti jarayonida vujudga kelishi, rivojlanishi va boshqarish
qonuniyatlarini o’rganadi.
Inson geografiyasi predmetining asosini ishlab chiqarish kuchlarining turli
darajadagi tarmoq, tarmoqlararo va hududiy shakllanishi, rivojlanishi va
boshqarilishini takomillashtirishdan iborat jarayonlar tashkil qiladi. Bu jarayonlar
nihoyatda murakkab ijtimoiy-iqtisodiy tizimlar va muammolarni o’z ichiga oladi:
tabiiy muhit va tabiiy resurslar majmuasi, aholining demografik xususiyatlari va
joylashish tizimlari –kichik qishloqdan (ovul) to urbanizatsiyaning eng rivojlangan
shakllariga (megalopolis) qadar, mehnat resurslari, bandlik va ishsizlik, migratsiya
jarayonlari, moddiy ishlab chiqarishning yetakchi sohasi, sanoat va uning
tabaqalashgan tog’-kon, yoqilg’i-energetika, metallurgiya (qora va rangli),
mashinasozlik, kimyo, o’rmon-tsellyuloza, yengil, oziq-ovqat sanoati tarmoqlari,
qishloq xo’jaligi ishlab chiqarish majmuasi (ziroatchilik va chorvachilik), transport
tizimi va uning mamlakat, mintaqaviy, xalqaro mehnat taqsimotidagi, integratsion
aloqalarning rivojlanishidagi roli, infratuzilmalar majmuasi (ishlab chiqarish va
noishlab chiqarish), xalqaro iqtisodiy munosabatlar, xalqaro iqtisodiy integratsiya
hamda jahon xo’jaligi tarmoqlarini (mahalliy, mintaqaviy, xalqaro) hududiy tashkil
qilish va ilmiy-texnika taraqqiyoti bilan bog’liq rivojlantirish, takomillashtirish va
istiqboli, mintaqaviy va umumbashariy muammolardan iborat.
6
Do'stlaringiz bilan baham: |