Kombinativ o`zgaruvchanlik.
Aksariyat o`simliklar va hayvonlar erkak va
urg`ochi organizmlarning jinsiy qo`shilishi natijasida ko`payadi. Hatto o`zini o`zi
changlatuvchi o`simliklar ham vaqt-vaqti bilan chetdan changlanadi. Chetdan
chatishish tabiatda hukmronlik qiladi. U yangi genetik kombinatsiyalarni vujudga
keltiradi. Chetdan chatishish duragaylarning ikkinchi va keyingi bo`g`inlarida
xilma-xillikni yuzaga keltiradi. Kombinativ o`zgaruvchanlikda ota-ona genlar
o`rtasida yangi kombinatsiyalar ro`y beradi va shu asosda yangi belgi-hususiyatlar,
individlar paydo bo`lib, ular tabiiy tanlanish uchun qo`shimcha o`zgaruvchanlik
manbai bo`lib xizmat qiladi. Chatishish mutatsiya jarayoni tezligining ortishiga
sabab bo`ladi. Masalan, drozofilaning bir turiga mansub har xil liniyalar
chatishtirilganda mutatsiya miqdori anchagina ortganligi tajribada isbotlangan.
Kombinativ va mutatsion o`zgaruvchanlikni alohida-alohida jarayon deb
qaramaslik kerak. Chunki ular o`zaro juda yaqindir.
3. Mutatsiyalarning namoyon bo`lishida genotip va tashqi muhitning
o’zaro munosabati.
Har bir organizmning genotipi shu organizmga taalluqli belgi – xossalarning
rivojlanishini ta’minlovchi bioximiyaviy reaksiyalar uchun zarur moddalarning
sintezlanish izchilligini va vaqtini belgilaydi. Hujayra, organizm muhitning o`zgargan
omillariga moslanish xususiyatiga ega. Lekin genotip imkoniyatlarining ro`yobga
chiqish darajasi o`zgaruvchan bo`lib, muhitniig konkret sharoitiga moslanishdan
iborat. Mazkur genotipning muhitning almashinib turgan sharoitidan turlicha
ta’sirlanishi va tegishli fenotiplar berish qobiliyati
reaksiya normasi
deb ataladi.
Chunonchi, g`o`za o`simligining har bir navi agrotexnika sharoitiga qarab turlicha
hosil beradi. G`o`zaning o`xshash genotipga ega bo`lgan navidan ba’zi yerlarda
15—17 s dan hosil olingani holda, boshqa yerlarda hosil 50— 60 s ga yetadi.
Shunga ko`ra, tashqi muhit omillari ta’sirini o`rganish, avvalo, genotip imkoniyatlari
to`liq ro`yobga chiqadigan sharoitni aniqlashga qaratilmog`i kerak. Aks holda
genotipning reaksiya normasi to`g`risida to`liq tasavvur hosil qilib bo`lmaydi.
Har xil organizmlarda mutant gen o`z ta’sirini turlicha namoyon etadi. Bu
hodisa, bir tomondan, genotipga, ikkinchi tomondan, tashqi muhit sharoitiga bog`liq
bo`ladi. Ekspressivlik bilan penetrantlik genotipda genlarning o`zaro ta’siri hamda
ularning tashqi muhit ta’siriga turlicha javob reaksiyalari bilan izohlanadi.
Ekspressivlik va penetrantlik hodisasiga sabab populyatsiyada muayyan
belgining rivojlanishini ta’minlovchi asosiy gen emas, balki ular ta’sirini
kuchaytiradigan yoki susaytiradigan gen — modifikatorlarning geterogenligidir.
Lekin qayd qilingan har ikki hodisa ham yashash sharoitiga bog`liq.
123
Do'stlaringiz bilan baham: |