NIKOH TOʻYIDAN KEYINGI MAROSIMLAR
Ish berma – nikoh to’yidan keyingi urf-odatlardan biri bo’lib, bu marosimda momolar, kuyovning qarindoshlari, kelinning yaqin qarindoshlari va qo’shnilar qatnashadi. Kelin bilan yangalari xonaning burchagida turadilar.Kelinga yoshi katta momo kuyovning yaqin qarindoshlari va qo’shnilarini tanishtiradi, shu paytda ular kelinga “ko’rimlik” berishadi. Shundan keyin qaynona kelinga ish berish uchun uning kichkina barmog’ini avval moyga, so’ngra unga bosadi.Shu daqiqadan boshlab kelinga ish berilgan hisoblanadi va uy ishlarini bajarishga kirishadi.
Nikoh to’yidan keyin kelin-kuyov 7 kun mobaynida chillada bo’ladi. Chilla vaqtida ko’z tegmasligi va ziyon-zahmatlardan nari bo’lishi uchun kelin-kuyov kun botgandan keyin ko’chaga chiqishi mumkin emas.
Kuyov chaqiriq marosimi ishbermaning ertasi kuni o’tkaziladi.Bu marosimni o’tkazishdan asosiy maqsad qudalarni qarindosh va qo’ni-qo’shnilarga tanishtirishdir. Kelinning uyida noz-ne’matlarga to’la dasturxon yoziladi.Kuyov jo’ralar va qarindoshlar sovg’a-salomlar bilan tashrif buyurishadi. Kuyov bola qaynotasi bilan pul berib ko’rishadi. Kuyov bola kelinning uyiga gilam ham olib boradi. Kelinning singillari kuyov bolaning va kuyov jo’ralarning oyoq kiyimlarini yashirib qo’yishadi. Ular oyoq kiyimlarini olish evaziga kelinning singillariga pul berishadi. Bu ham kuyov chaqirish marosimidagi urf-odatlar sirasiga kiradi.Shu tarzda qudalarga sovg’a-salomlar berib kuzatib yuborishadi.
Quda chaqiriq marosimi kuyov chaqiriqning ertasi kuni bo’lib o’tadi. Kelinning qarindoshlari sovg’a-salomlar bilan kuyov tarafga borishadi. Kuyovning uyidagi noz-ne’matlarga to’la dasturxonga mehmonlar taklif etiladi. Marosim so’ngida quda taraf sovg’a-salomlar bilan qaytishadi.
OLQISH VA QARG‘ISHLAR
Xalq orasida har xil olqishlar bor. Bunda to’y olqishlari muhim ahamiyatga ega. To’y olqishlari kelin-kuyovga, to’y bolaga qarata aytiladi. To’y olqishlarida asosan baxtli bo’lsin deb niyat qilinadi.
Beshik to’y olqishlari: Iloyim beshiklaring o’zinga buyursin. Bergan bolasi yesli-xushli, rizqli, nasibali bo’lsin. Ko’zi hayali, juzi ibali bo’lsin. Boshi toshdan bo’lsin. Ota-onasi rahatini ko’rsin. O’miri bilan bergani rast bo’lsin. Keyinnan ko’p-ko’p ullar bersin. Bu tabarik chillaxonada yaxshi niyat qilip, patiyaga qo’l ochqanlarding bari niyatina jetsin. Befarzandga farzand, ovir oyoqlarg’a oq jo’l, kasallarding dardina shifo, keksalarga imon , hammaga insof bersin. Ollohu akbar.
Sunnat to’y olqishlari: Bolaginamning eson-omongina sunnat bo’lg’ani muborak bo’lsin. Kiygan sarpolari o’zina yarashib, qulluq bo’lsin, o’zina buyursin! Enasining pishirip kelgan mazali quvrdaqlarinan jeb dardlari tez arisin. Toychoqdek dikkildab, chopqillab jurib ketsin. Iloyim katta jigit bo’lib, chodirlarga egilib-bukilib kuyov bo’lishini ham ko’rish hammamizga nasib etsin. Ota-onasining topqan-tutqani na baraka bersin, yaxshiliklarga buyursin!
Nikoh to’yi olqishlari: Qo’shqaningiz bilan qo’sha qaring. Iloyim, yaxshi farzandlar bersin, o’larding baxtini ko’rish nasib qilsin. Oy baxtli, oltin taxtli bo’ling. To’praq olsangiz-oltin bo’lsin, oltin boshingiz omon bo’lsin.Qo’sha-qo’sha ullar bersin, qo’shaloq beshiklarda kata qilish nasib etsin. Hech bandani suprasinan bo’sh qo’ymasin, uldir, qizdir, farzandsiz qoldirmasin.
Qo’l yuvdirgandan keyingi olqish:Rahmat bolam. Barakat topqaysan. Baxtli, taxtli bo’lg’aysan. Niyatlaringa jetgaysan. Suvday serob bo’lg’aysan.
Qovun tanovul qilgandan keyingi olqish:Shirin-sharbat, asil ne’mat, manzil obod, Payg’ambarlarga salovot. Shu ne’matni yekkan-tikkan, olib kelgan va jeganlarga rahmat.Iloyim, tanimiz sov, iqbalimiz baland bo’lsin. Dasturxonimizdan fayz-u baraka arimasin. Oshimizga, boshimizga, o’mirimizga, rizqimizga, topqan-tutqanimizga baraka bersin!
Ovqat yeb bo’lgandan keyingi olqish: Iloyim, omin, dasturxonga xayr-baraka bersin, davlat ziyoda bo’lsin. Jeyilgan, ichilgan, to’gilgan-sochilganlardan hosil bo’lgan savobi shu dargohda yashab, o’tib ketkan barcha umidvorlarning ruhiga tiyaversin. Jegan-ichkanlarimiz ichimizga dur bo’lib kirsin. To’gilganlarding o’rni to’lsin.
Yo’l olqishlari: Salom berganda –Va alaykum assalom. Baxtli bo’l bolam.
Yordam berganda: Rahmat bolam. Iloyim baxtli bo’lg’aysan. O’qishlarg’a kirib ketgaysan. Ota-onangga rahmat. Baraka top. Niyatlaringa jetgaysan.
Do'stlaringiz bilan baham: |