2. Fuqarolik huquqi tizimi
Fuqarolik huquqi ma’lum tartibda, muayyan guruxlarga, huquqiy institutlarga va subinstitutlarga bo‘lingan fuqarolik huquqiy normalar yig‘indisidan iborat. Fuqarolik huquqi institutlarining barchasini yig‘indisi bir bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqi tizimini tashkil etadi. Respublikamizda fuqarolik huquqi tizimiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksi asos qilib olingan.
Fuqarolik huquqi fani quyidagi tizimlarga bo‘linadi;
Umumiy qoidalar.
Bunda fuqarolik huquqi tushunchasi, tamoyillari, tizimi, manbalari, fuqarolik huquqiy munosabat, fuqarolik huquqining sub’ektlari, fuqarolik huquqining ob’ektlari, bitimlar, vakillik va ishonchnoma, muddatlar, da’vo muddati to‘g‘risidagi ta’limotlar beriladi.
Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar.
Bunda mulk va ashyoviy huquqlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar, xo‘jalik yuritish va operativ boshqarish huquqi, mulk huquqi, xususiy mulk xuquqi va ommaviy mulk huquqi, umumiy mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talimotlar beriladi.
Majburiyat huquqi.
Bu bo‘limda majburiyatlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar, majburiyatlarni vujudga kelishi va bekor bo‘lishi, majburiyatlarni bajarish, majburiyatlarni bajarilishini ta’minlash, majburiyatda qatnashuvchi shaxslarning o‘zgarishi, majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik va shartnoma tushunchasi va shartnoma to‘g‘risidagi umumiy qoidalar o‘rganiladi.
Intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquq.
Bu bo‘lim fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish, ixtiro, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlariga bo‘lgan huquqlar va shu kabilarni yaratish tufayli vujudga keladigan munosabatlarning huquqiy tartibga solinishi kabi masalalarni o‘z ichiga oladi. Bu bo‘limda, shuningdek, mualliflik huquqi bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar ham o‘rganiladi.
Vorislik huquqi.
Bu bo‘limda vorislik to‘g‘risidagi umumiy qoidalar, vorislik asoslari, vasiyat bo‘yicha vorislik, qonun bo‘yicha vorislik, meros oluvchilarning navbati, merosni egallash, umuman fuqarolarning vafotidan so‘ng mulkni boshqa shaxslarga meros bo‘lib o‘tishi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarning tartibga solinishi o‘rganiladi.
Xalqaro xususiy huquq.
Bu bo‘limda xalqaro xususiy huquq normalarini fuqarolik huquqiy munosabatlarga qo‘llash qoidalari o‘rganiladi.
Fuqarolik huquqidagi mazkur tizimlar davr talabiga qarab yangi qabul qilingan Fuqarolik kodeksi tizimida o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Bular bozor munosabatlariga o‘tish, fuqarolik huquqi bilan tartibga solinadigan munosabat doiralarining kengayishi, yangi-yangi huquqiy munosabatlarning paydo bo‘lishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |