3. Fuqarolik huquqining huquq tizimida tutgan o‘rni
Mustaqillikkacha sobiq sovet huquqi tizimi sifatida shakllangan va rivojlanib kelgan bir necha o‘nlab mustaqil huquqiy sohalarni o‘z ichiga olgan huquqiy tizimning asosiy jihati uni tashkil etuvchi elementlarning ko‘p turliligi va ularning umumiy, an’anaviy bo‘lgan xususiy hamda ommaviy huquq tizimlariga ajratilmaganligida aks etar edi. Bunday yondashuvning afzalliklari qatorida huquq bilan tartibga solinadigan turli xil ijtimoiy munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlarini yuqori darajada hisobga olish imkoniyatini, ularning birma-bir tarmoqlangan holda belgilanganligini ko‘rsatish mumkin. Lekin, o‘z navbatida vujudga kelgan ushbu tizimning g‘oyat kattalashib ketishiga va tartibga solishda muayyan qiyinchiliklarning yuzaga kelishiga, huquqiy majmualarning alohida sohalarini ajratish zaruratining tug‘ilishiga olib keldi. Aksariyat hollarda bu muammolar echimini hal qilishda bir necha huquqiy sohalarni rejali iqtisodiyotga moslashtirib bir-biriga qo‘shish orqali yangi majmualar yaratishdan axtarishdi. Ma’lumki, har qaysi huquqiy tizimning asosiy vazifasi, faqat alohida huquq sohalari va ular doirasini ajratishdangina emas, balki ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda ularning yagona majmua sifatidagi umumiy ta’sirini ta’minlashdan ham iborat. SHuning uchun huquq tizimi uni tashkil qiluvchi elementlarning ijtimoiy-iqtisodiy va tashkiliy huquqiy omillariga tayangan ichki muvofiqligi bilan tavsiflanishi kerak.Ilgari (sobiq ittifoq davrida)gi huquqiy tartibot u yoki bu darajada ana shu maqsadlarga erishdi. Huquqiy sohalar tizimining o‘sha davrdagi yuqori qismida konstitutsiyaviy (davlat) huquq joy egallagan o‘ziga xos «piramida» ko‘rinishida shakllandi va rivojlandi. Mazkur piramidaning quyi qatlamlari konstitutsiyaviy huquqga bo‘ysundirildi–fuqarolik, jinoyat, ma’muriy, protsessual huquq sohalari tashkil qildi. O‘z navbatida, ulardan boshqa huquqiy sohalar (masalan, fuqarolik huquqidan oila huquqi, mehnat huquqi; ma’muriy huquqdan moliya, bank va soliq huquqi) ajralib chiqdi. SHunday qilib, mazkur huquq tizimi yuqoridan quyigacha ommaviy qoidalar bilan to‘yintirildi. Mohiyatan qaraganda, jamiyat va uning a’zolari hayotining barcha jabhalariga davlatning bunday yo‘sindagi aralashuvidan ko‘zlangan maqsad, avvalambor, davlat hamda jamiyat manfaatlarini ustuvor tarzda himoya qilishga qaratilgan edi. Bunday yondoshuv, birinchidan, «davlatlashtirilgan» iqtisodning ma’muriy rejali harakteriga, ikkinchidan, o‘sha davlatning ijtimoiy hayotdagi tutgan hal qiluvchi mavqeiga to‘la moslashtirilgan edi. Mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy tuzumida amalga oshirilgan tub islohotlar bu tizimni o‘zgartirdi. Natijada yangidan shakllangan hozirgi huquqiy tizim asosining xususiy huquqiy negizlari tiklandi. Bir so‘z bilan aytganda, eski tizim o‘rnini xususiy huquqiy va ommaviy huquqiy yondoshuvlar tengligiga asoslangan yangi huquq tizimi egalladi. Bu tizimda ikkita o‘zaro harakat qiluvchi, lekin bir-biriga qaram bo‘lmagan, ko‘pgina alohida huquqiy sohalar va ularning guruhlarini o‘z ichiga qamrab olgan xususiy hamda ommaviy huquq tizimlari vujudga keldi. Ta’kidlash joizki, ushbu huquq tizimini tashkil etuvchi bu ikkita mustaqil huquqiy tizimlar hozirda shakllanish va rivojlanish jarayonini boshidan kechirmoqda. SHunisi aniqki, yangi huquq tizimi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun mohiyatiga, huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish vazifalariga to‘liq mos keladi. Bu tizimning yaxlitligi va muvofiqligi uning elementlarini bir-biriga bo‘ysundirish orqali emas, aksincha, umumiy huquqiy prinsiplari, shuningdek, huquqiy sohalarni bir-biridan ajratish uchun xizmat qiluvchi mezonlari birligi asosida ta’minlanadi. SHak-shubhasiz, bunday holatning ijtimoiy-iqtisodiy negizini shaxs huquqlari va erkinliklarining hamda bozor munosabatlarining ustuvor roli tashkil etadi. Xususiy huquq yoxud xususiy huquqni tartibga solishning asosida fuqarolik huquqi turadi. SHu bilan uning huquq tizimida xususiy, avvalambor, mulkiy munosabatlarni tartibga solishga yo‘naltirilgan asosiy, tayanch soha sifatidagi o‘rni belgilanadi. Zotan, fuqarolik huquqining umumiy normalari (me’yorlari) va prinsiplari, agarda maxsus qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma, cheklovlar bo‘lmasa-da, xususiy huquq doirasiga kiruvchi barcha munosabatlarni tartibga solishda qo‘llanishi mumkin. Bu birinchi navbatda, oila huquqiga taalluqli bo‘lib, oila to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan oila a’zolari o‘rtasidagi mulkiy va shaxsiy nomulkiy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonun xujjatlari oilaviy munosabatlarning mohiyatiga zid kelmagan taqdirdagina qo‘llaniladi (O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 6- moddasi). Bunday holatni bevosita mehnat, ekologiya, qishloq xo‘jalik huquqlari institutlari bilan bog‘liq xususiy huquqiy munosabatlarning tartibga solinishi jarayonida ham kuzatish mumkin. Biroq mehnat huquqining yoxud oila huquqining normalari hech bir sharoitda fuqarolik-huquqiy tartibga solish doirasida tadbiq etilmaydi. Hozirgi paytda fuqarolik huquqining harakat doirasi kengayib bormoqda. Masalan, erdan, tabiat ob’ektlaridan foydalanish yoki oila munosabatlarini tartibga solish, boshqaruvchi bilan uni yollagan kompaniya o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ko‘p hollarda fuqarolik huquqi normalari asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa, fuqarolik huquqining bozor munosabatlarini shakllantiruvchi samarali vosita sifatidagi ijtimoiy qimmatining oshib borayotganidan dalolatdir. Hulosa qilib aytish mumkinki, fuqarolik huquqi xususiy xuquq tizimida va umuman, ko‘plab mulkiy va nomulkiy munosabatlarning huquqiy asoslarini belgilashda markaziy hamda hal qiluvchi o‘rinni egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |