8. Fuqaro, fuqaroviylik va faol fuqarolik pozitsiyasi.
Ko‘pincha fuqaroviy faollik yoshlarda kuzatiladi. Albatta fuqaroviy faollikka ta’sir ko‘rsatuvchi omil faqat yosh bilan chegaralanmaydi. Bilim darajasi, dunyoqarash, tarbiya va hatto yashash manzili ham bunga ta’sir ko‘rsatadi.
O‘tish davrini boshidan kechirayotgan mamlakatlarda fuqarolar ijtimoiy jarayonlarni boshqarish, mavjud vaziyatni o‘zgartirish, ijtimoiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini ilgari surish zarurligini anglab etadilar. Bu esa turli ko‘ngillilar jamiyatlarining tuzilishiga sabab bo‘ladi. Insonda boshqalarga yordam berish, ayniqsa muammoli vaziyatga tushgan vatandoshlariga, qo‘shnilariga ko‘maklashish hissi mavjud. Aynan boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zgan kishi nafaqat muammoni bartaraf etishga hissa qo‘shadi, balki u o‘zligini ham yanada chuqurroq anglay boradi Bu hodisa ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan kishilarni umumbashariy miqyosda birlashtiradigan jarayonga aylangan. Ko‘ngillilik turli shakllarda amalga oshirilishi, jumladan turli kasalliklarga qarshi kurashish uchun xayriya faoliyatidan boshlab qashshoqlik yoki tabiiy ofatlarga qarshi kurashish shaklida bo‘lishi mumkin.
Ko‘ngilli faoliyat inson uchun o‘z shaxsiy ehtiyojlari bilan jamiyat ehtiyojlarini uyg‘unlashgan holda hayotga tatbiq etish uchun o‘ziga xos imkoniyatdir. Bu ehtiyoj kishilarning o‘z axloqiy burchlarini anglash hamda insonning barkamolligidan dalolat beradi. Ko‘ngilli faoliyat yurita ekan inson axloqiy jihatdan takomillashib boradi, muloqot madaniyatini rivojlantiradi, o‘zaro hamkorlik va birodarlik hissiga, insonparvarlik tuyg‘usiga ega bo‘ladi. Ko‘ngillilik faoliyati faol va ijodiy xarakterga ega bo‘lib, inson o‘z salohiyatini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu faoliyat tevarak atrofda ro‘y berayotgan voqeahodisalarga nisbatan faol munosabatning shakllanishiga, siyosiy voqelikka ziyrak nazar bilan qarashga yordam beradi.
Aynan fuqaroviy faollikning o‘zi bir necha jihatlar bilan ajralib turadi;
faol fuqaro guruhiga mansub kishilar asosan siyosiy va iqtisodiy tizim to‘g‘risida bilim olishga tayyor bo‘lgan kishilardan iborat;
faol fuqarolarda o‘z haq-huquqlarini faol amalga oshirish uchun bilim va qobiliyat mavjud; - faol fuqarolarda ana shu bilimlarni joriy qilish uchun ko‘nikmalar mavjud bo‘ladi.
Fuqarolik faolligi bugungi kunda davlat uchun misli ko‘rilmagan ko‘makchiga aylanmoqda. Turli ijtimoiy loyihalarga birlashgan fuqarolar ro‘y berayotgan, tug‘ilayotgan va mavjud muammolarni muhokama qilish, ularning echimini topish va hukumatga taklif etish imkoniyatiga ega. Turli nodavlat tuzilmalaridagi yetuk mutaxassislar bozor munosabatlari sharoitida kutilmaganda ro‘y beradigan muammolar, bozorning betartartib jarayonlarida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishga hukumatga ko‘makchilik qilmoqdalar.
Ma’lumki bozor munosabatlari sharoitida turli ijtimoiy muammolar yuzaga kelaveradi, ammo ularning yechimini hukumat hamisha ham o‘z vaqtida hal etavermaydi. Boshqacha aytganda bunday muammolarni hukumat o‘z vaqtida payqash imkoniyatiga ega emas. Shunday muammolar mavjudki, ularning oqibati jamiyat uchun qanchalik mudhish bo‘lmasin, ularning mavjudligini tan olish yoki ularni bartaraf etish uchun aniq belgilangan institutlar mavjud bo‘lmaydi. Agar hukumat fuqaroviy faollikni yuzaga chiqishiga imkoniyat yaratmas ekan, yoki turli nodavlat va jamoat birlashmalariga ana shunday muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha faol bo‘lishga shart-sharoitlar yaratmas ekan fuqarolik jamiyatini barpo etish muammoligicha qolib ketaveradi.
Fuqarolik jamiyati rivoj topgan mamlakatlarda ijtimoiy hayotning barcha sohalarida faoliyat yurituvchi jamoat birlashmalari mavjud bo‘lib, ular serqirra faoliyat yuritadilar. Masalan, jamiyatdagi ma’lumotlilik darajasini oshirish yoki zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ma’lum tadqiqotlar olib borishadi va natijada parlamentga tegishli qonun o‘zgartirishlari taklif etishlari mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, fuqarolik jamiyati uchun fuqaroviylik, fuqaroviy ong va fuqaroviy faollik juda muhim ahamiyatga egadir. Taraqqiyotni maqsad qilgan har qanday jamiyat uchun inson salohiyatidan foydalanish, insonning o‘zligida, uning qalbida mavjud bo‘lgan birdamlik, saxiylik, bag‘rikenglik kabi fazilatlarga murojaat etishning o‘zi kifoyadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |